Jahon | 18:32 / 20.02.2024
11262
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning onasi Putinga murojaat qildi

2020 yilda shunga o‘xshash murojaatdan keyin Yuliya Navalnaya turmush o‘rtog‘i Germaniyaga evakuatsiya qilinishiga erishishgandi.

Foto: Getty Images

16 fevral kuni Sibirdagi qamoqxonada vafot etgan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Navalnaya mamlakat prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, o‘g‘lining jasadini berishlarini so‘radi.

«Beshinchi kunki o‘g‘limni ko‘ra olmayapman, uning jasadini berishmayapti. U qayerda ekanini ham aytishmayapti. Vladimir Putin, men sizga murojaat qilmoqchiman: barchasi sizning qaroringizga bog‘liq, o‘g‘limni ko‘rishga bering axir. Uni odamday dafn etishim uchun tezda jasadini berishlarini talab qilaman», degan muxolifatchining onasi.

2020 yilda Yuliya Navalnaya ham Putinga murojaat qilib, zaharlangan Navalniy 21 avgust kuni mamlakatdan tashqariga olib chiqilishiga ruxsat so‘ragandi. 22 avgust kuni esa sanitar samolyot siyosatchini olib Germaniyaga uchgandi.

Navalniy 16 fevral kuni, qamoqxona axborotiga ko‘ra, sayr vaqtida o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgan va shundan keyin o‘ziga kelmagan. Navalniyning jamoasi jasadni berishmayotgani uning tanasidagi qotillik alomatlarini yashirishayotgani bilan bog‘liqligini aytmoqda. 20 fevral kuni Navalniyning advokatiga uning tanasi kamida 14 kungacha berilmasligini aytishgan.

20 fevral kuni Aleksey Navalniyning ukasi Oleg Navalniy qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. TASS agentligiga ko‘ra, unga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Nashr aynan qaysi modda bilan ish ochilganiga oydinlik kiritmadi. Uni 2022 yilda ham qidiruvga berishgandi.

Mavzuga oid