Jahon | 14:18 / 21.02.2024
25648
4 daqiqa o‘qiladi

Volnovaxa yaqinidagi poligon o‘qqa tutilishi oqibatida o‘nlab rossiyalik harbiylar halok bo‘ldi

Askarlar general kelishini kutib ochiq osmon ostida saf tortib turishgan.

Foto: Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasining «DXR» hududidagi Volnovaxa shahri yaqinidagi Trudovskoye qishlog‘idagi poligoniga zarba yo‘lladi. Bu haqda BBC rus xizmati muxbiri Ilya Barabanov, ukrainalik jurnalist Denis Kazanskiy va ayirmachilar safida jang qiluvchi harbiy Yegor Guzenko xabar bergan.

BBC manbasiga ko‘ra, ukrain armiyasi 20 fevral kuni rossiyaliklar poligoniga HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan zarba yo‘llagan. Barabanov va Guzenkoning ma’lumotiga ko‘ra, bu vaqtda poligonda 36-gvardiya motoo‘qchilar brigadasi (06705 harbiy qismi) harbiy xizmatchilari bo‘lgan, brigadaning doimiy joylashuv manzili — Baykalorti o‘lkasi Borzi shahri.

BBC tasdiqlashicha, zarba vaqtida poligonda brigadaning uchta rotasi jangchilari (200-300 kishi) bo‘lgan, ular Sharqiy harbiy okrugning 29-armiyasi qo‘mondoni, general-mayor Oleg Moiseyev kelishini kutayotgandi. Askarlar general tashrifi munosabati bilan saf tortib turgani haqida Guzenko ham xabar qilgan. Rossiyalik «harbiy muxbir» Roman Saponkov askarlar kutgan «katta komandir» baribir kelmaganini aytgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda poligonda zarbadan keyin olingan ko‘p sonli fotosuratlar va videoyozuvlar tarqalgan. Ularda harbiy formadagi o‘nlab kishilar jonsiz yotganini ko‘rish mumkin. Zarbadan keyin olingan videoyozuvlardan birida harbiylardan biri shunday deydi: «Ochiq maydonga komandirlar saf torttirdi». Videoyozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmagan.

Turli baholarga ko‘ra, jumladan 36-brigada harbiylarining aytishicha, zarba oqibatida kamida 60 kishi halok bo‘lgan, deb yozadi BBC. Yegor Guzenko esa qurbonlar soni 65 kishini aytgan.

Baykalorti o‘lkasi hukumati matbuot xizmati «DXRda raketa zarbasi oqibatida Baykalortidan bo‘lgan harbiylar halok bo‘lgani haqida tarqalgan ma’lumot tekshirilayotgani»ni xabar qilgan. «O‘lka gubernatori ukrain internet-resurslarida tarqalgan ma’lumot ishonchliligini aniqlash uchun mudofaa vazirligi bilan aloqada bo‘lib turibdi», — deyilgan xabarda.

RF mudofaa vazirligi va Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.

  • Rossiyalik va ukrainalik harbiylar avval ham yuqori martabali komandirlarni kutib turganida zarbaga uchragandi. «Vajniye istoriya» ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil iyunida Kreminna yaqinida Rossiyaning 144-motoo‘qchilar diviziyasining 100 ga yaqin askari general Suxrab Axmedovning kelishini kutib turganida zarba ostida qolib halok bo‘lgandi. Noyabr oyida esa Zaporijjya oblasti hududida Ukraina qurolli kuchlarining 128-tog‘-shturm brigadasi manziliga Rossiya qo‘shini tomonidan zarba berilishi oqibatida kamida 19 nafar harbiy halok bo‘lgan, ular mukofotlash uchun safga tizilgan va komandir Dmitro Lisyukning kelishini kutayotgandi.

«Bu harbiy rahbariyatning ahmoqligi» — taqdirlash vaqtida zarbaga uchragan ukrain jangchilari 

Mavzuga oid