Albaniya Italiya o‘rniga muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘ldi
Albaniya parlamenti Rim bilan migratsiya shartnomasini tasdiqladi. Unda Tirana yiliga 36 minggacha muhojirni qabul qilishi ko‘zda tutilgan. Protokol besh yil muddatga imzolandi. Muxolifat majlisni boykot qildi.
Albaniya parlamenti Italiya bilan munozarali migratsiya shartnomasini ratifikatsiya qildi, deb xabar berdi dpa axborot agentligi 22 fevral, payshanba kuni. Bu Yevropa Ittifoqiga a’zo Italiyaga Albaniyada atigi 80 kilometr uzoqlikda joylashgan qochqinlar lagerlarini yaratish imkonini beradi. Huquq himoyachilari tanqid qilgan rejalarga ko‘ra, xalqaro suvlarda Italiya qirg‘oq qo‘riqlash kemalari tomonidan olib ketilgan odamlar Albaniyaga keltiriladi. Aksariyat muxolifatdagi alban parlamentariylari norozilik sifatida majlisni boykot qildi.
Tashkil etishi va nazoratini Italiya o‘z zimmasiga olgan migratsiya markazlarida muhojirlarning boshpana so‘ragan murojaatlari ko‘rib chiqiladi va zarurat tug‘ilganda ularni tezda vataniga qaytarish uchun yordam ko‘rsatiladi. Italiyaning Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan Albaniya bilan kelishuviga ko‘ra, Tirana bir vaqtning o‘zida 3000 gacha, har yili esa 36 000 nafargacha muhojirni qabul qilishi mumkin. Albaniya bosh vaziri Edi Rama va uning italiyalik hamkasbi Jorja Meloni o‘rtasidagi protokol besh yil muddatga imzolandi. Bolalar, nogironlar va homilador ayollar ushbu loyihadan chetlashtiriladi, deyiladi shartnomada.
Rim Albaniyada migratsiya markazlarini ochish haqidagi kelishuvni tasdiqladi
15 fevral kuni Italiya parlamenti senati Albaniyada Italiyaga kirmoqchi bo‘lgan muhojirlarni qabul qilish uchun ikkita markaz yaratish haqidagi kelishuvni yoqlab ovoz berdi, deb xabar bermoqda EFE. Yanvar oyida kelishuv Italiya parlamentining quyi palatasi tomonidan tasdiqlangan. Albaniyada Konstitutsiyaviy sud ham ushbu shartnomani besh yil muddatga ma’qulladi, shu bilan birga yana bir shunga o‘xshash muddatga uzaytirish imkoniyati mavjud.
Jorja Meloni va Edi Rama tashabbusni noyabr oyida e’lon qilgan edi. Italiyaning Albaniyaga dengiz orqali kelgan muhojirlarni qabul qilish markazlarini qurish rejasi Yevropa Ittifoqi va a’zo bo‘lmagan davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar uchun namuna bo‘lishi mumkin, dedi Meloni. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Italiyaga dengiz orqali kelgan muhojirlar soni yil davomida qariyb 65 foizga oshib, 145 mingga yetgan.
Rama Italiya bunday shartnoma taklif qilgan yagona Yevropa Ittifoqi davlati emasligini aytib, Rim taklifini 1990-yillarda Italiyaning ko‘p sonli albanlarni kiritgani uchun «minnatdorchilik» belgisi sifatida qabul qilganini qayd etdi. «Biz do‘stmiz va do‘stlar bir-biriga yordam beradi», dedi Albaniya bosh vaziri. La Stampa gazetasiga bergan izohlarida Rama kelishuv qanday ta’sir ko‘rsatishiga shubha bildirdi. «Bu hech narsani hal qilmaydi, lekin Meloni bizdan yordam so‘radi va biz yordam berdik», dedi u.
2024 yilda YeIning migratsiya siyosati
2024 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat Yevropa parlamentiga saylovlar o‘tkazadi. Bu saylovlar oldidan Germaniya, Fransiya va Italiya immigratsiya qonunlarini kuchaytirmoqda. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida muhojir va qochqinlar soni ortib borayotgani va ularga boshpana berilishi saylov kampaniyasining asosiy mavzusi hisoblanadi.
Migratsiya masalasida Yevropa Ittifoqining uchta yirik iqtisodiyoti siyosiy jihatdan bir xil yo‘nalishda harakat qilmoqda. Ammo milliy miqyosda muhojirlarning ushbu mamlakatlarda qolishi va ularga boshpana berish uchun shart-sharoitlar hokimiyat tepasida turgan tomonlarga qarab keskin farq qiladi. Germaniyani sotsial-demokratlar, «yashillar» va liberallar koalitsiyasi, Fransiyani ozchilikdagi liberal hukumat, Italiyani esa o‘ta o‘ng va xristian demokratlarning o‘ng qanot populistik koalitsiyasi boshqaradi.
Mavzuga oid
15:17
Italiyaning Pompey shahri xarobalariga sayohatchilar tashrifi cheklanadi
12:50 / 05.11.2024
O‘zbekiston va Italiya mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish bo‘yicha hamkorlik qiladi
14:38 / 30.10.2024
Italiyada farrosh ayol 50 ming yevrolik pul va taqinchoqlar solingan eski to‘shakni chiqindiga tashlab yubordi
00:05 / 26.10.2024