Bayden urush va Navalniy o‘limi tufayli Rossiyaga qarshi 500 ta yangi sanksiya kiritdi
Cheklovlar Rossiya moliya sektori, harbiy-sanoat kompleksi, xaridlar tarmog‘i ishtirokchilari, sanksiyalardan bo‘yin tovlaganlar va Navalniyning qamoqqa olinishi uchun javobgar bo‘lganlarga qaratilgan.
Oq uy Ukrainadagi urush va Aleksey Navalniyning o‘limi tufayli Rossiyaga qarshi 500 ta yangi sanksiya joriy etilganini e’lon qildi.
Cheklovlar Rossiya moliya sektori, harbiy-sanoat kompleksi, xaridlar tarmog‘i ishtirokchilari, sanksiyalardan bo‘yin tovlaganlar va Navalniyning qamoqqa olinishi uchun javobgar bo‘lganlarga qaratilgan.
Jumladan, ro‘yxatda 16 fevral kuni Navalniyning o‘limini e’lon qilgan Yamalo-Nenets avtonom okrugi Federal jazoni ijro etish xizmati (FJIEX) boshqarmasi boshlig‘i Igor Rakitin ham bor. Navalniy o‘limidan uch kun o‘tib, Vladimir Putin tomonidan general-polkovnik unvoniga ko‘tarilgan FJIEX direktori o‘rinbosari Valeriy Boyarinev ham sanksiyalarga tortilgan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga 90 ta korxona va tashkilot, 500 ga yaqin jismoniy shaxs kiritilgan.
Bundan tashqari, «Rossiya harbiy mashinasi»ni qo‘llab-quvvatlovchi 100 ga yaqin tashkilotga yangi eksport cheklovlari kiritilgan. Bayonotda aytilishicha, Oq uy Rossiyaning energetika daromadlarini yanada kamaytirish uchun chora ko‘rmoqda.
Sanksiyalar «Putinning xorijdagi tajovuzkorligi va mamlakatdagi repressiyalari bundan ham qimmatroqqa tushishini ta’minlaydi», dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. Shu bilan birga, u o‘z jamoasiga «fuqarolik jamiyati, mustaqil ommaviy axborot vositalari va butun dunyo bo‘ylab demokratiya uchun kurashayotganlarni» qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga ko‘rsatma berganini qo‘shimcha qildi.
Bayden, shuningdek, AQSh Kongressi Vakillar palatasini Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ikki partiyaviy qonun loyihasini ma’qullashga chaqirdi.
Mavzuga oid
08:31
Bayden hokimiyatni tinch yo‘l bilan Trampga topshirishga va’da berdi
00:54
Putin Trampni prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi bilan tabrikladi
23:51 / 07.11.2024
AQShdagi tadqiqot markazidan 40 ga yaqin maymun qochib ketdi
23:15 / 07.11.2024