Jahon | 13:29 / 25.02.2024
32303
20 daqiqa o‘qiladi

«Chechevitsa operatsiyasi» – 80 yil avval chechenlar va ingushlar o‘z vatanidan qanday quvilgandi?

Bundan 80 yil avval, 1944 yil 23 fevralda chechen va ingushlar o‘z uylaridan quvib chiqarilib, Markaziy Osiyoga surgun qilinadi. Og‘ir sharoitda ularni yangi manziliga yetkazib borish ikki haftadan oshiqroq davom etadi. Ana shu muddatda ularning ko‘pchiligi yo‘lda o‘lib ketadi. 9 mart kuni ular Qozog‘iston, Qirg‘iziston va qisman O‘zbekistonning olis hududlariga olib kelib tashlanadi.

Tasavvur qiling, tong sahar payti, uyda oilangiz bilan uxlab yotibsiz. Shu paytda kimdir eshikni tepib sindirib, qo‘lida qurol bilan kirib keladi. Sizga uyingizdan surgun qilinganingizni aytadi va jo‘nash uchun bor-yo‘g‘i 2 soat vaqt beradi.

So‘ng sizni millatdoshlaringizga qo‘shib temiryo‘l liniyasigacha haydab boradi va yuk vagonga chiqarib, noma’lum manzilga olib ketadi. Yo‘lda sil va boshqa kasalliklar tarqaladi, odamlar birin-ketin halok bo‘laveradi.

Biroq o‘liklarga janoza o‘qishga, ularni taomilga binoan dafn etishga ruxsat berilmaydi. Poyezd qisqa muddatga to‘xtaganda temiryo‘l yoqalariga ko‘mib ketaverishadi. 1943-1944 yillarda Stalinning buyrug‘i bilan SSSRdagi bir nechta millat mana shunday tarzda o‘z vatanidan quvilgan edi.

XX asrda tarix sahnida qariyb 70 yil yashagan SSSRda ko‘plab xalqlar juda og‘ir ahvolga solinadi. Bu davlatda yashab boshidan og‘ir kunlarni o‘tkazgan turli millatlar tarixini o‘qib, insonning matonatiga, bardoshiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Ana shunday millatlardan biri chechenlardir.

Boshqa millatlar kabi chechenlar ham sovet davrida o‘z vatanidan quvilib, og‘ir azoblarga duchor qilinadi. NKVD rahbari Lavrentiy Beriyaning tashabbusi va Stalinning qarori bilan ular uzoq yillar vatandan ayro yashashga majbur bo‘ladi.

Avvalboshdanoq zo‘ravonlik ustiga qurilgan SSSRda XX asrning birinchi yarmi muhim o‘rin tutadi. Bu davrda sovetlar turli islohotlar o‘tkazish va “davlatni ichki dushmanlardan tozalash” niqobi ostida o‘zining 20 million fuqarosini qatag‘on qilgan.

Bu qatag‘onlar 1922 yildan 1953 yilgacha 31 yil davomida SSSRni boshqargan Iosif Stalin hukmronlik davrida amalga oshirilgan. Shu sababli bugun Stalin jahon tarixida eng yovuz va qonxo‘r shaxslar qatorida eslanadi.

SSSRda millionlab fuqarolarni qatag‘on qilgan Beriya va Stalin

O‘sha davrlarda avvaliga “oq gvardiyachilar”ga qarshi kurash, kollektivlashtirish, keyin “mamlakatni yot unsurlardan tozalash”, Ikkinchi jahon urush davrida “sotqinlar” eng oxirida esa “imperializm tarafdorlari” kabi ayblovlar bilan millionlab insonlar mahv etilgan.

Stalin va Beriyaning ana shunday yovuz ishlaridan biri, o‘z vatanida yashab turgan bir qancha millatlarni sotqinlikda ayblab, boshqa joylarga quvg‘in qilgani bo‘lgan.

Jumladan:

  • Qorachoy ASSRda (avtonom respublika) yashovchi qorachoylar 1943 yil 12 oktyabrda;
  • Qalmiqiya ASSRda yashovchi qalmiqlar 1943 yil 27 dekabrda;
  • Chechen-ingush ASSRda yashovchi chechenlar va ingushlar 1944 yil 29 yanvarda;
  • Bolqor ASSRda yashovchi bolqorlar 1944 yil 24 fevralda;
  • Qrim ASSRda yashovchi qrim-tatarlar 1944 yil 10 mayda;
  • Gurjistonda yashovchi mesxeti turklar 1944 yil 14 noyabrda quvg‘in qilinadi.

Quvg‘in qilinganlarni vatanga xiyonat qilishda ayblashgan. Qrim-tatar, chechen, ingush, qalmiq, bolqorlar nemislarga josuslik qilishda ayblangan bo‘lsa, mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilar Turkiya foydasiga josuslikda ayblangan.

1943-1944 yillarda o‘z uylaridan quvg‘in qilingan odamlar

Agar qaysidir millatni “nemislarga sotilgani” uchun jazolash kerak bo‘lsa, birinchi navbatda ruslarning o‘zini ayblash to‘g‘riroq bo‘lardi.

Shu o‘rinda rus generali Vlasovni eslash kifoya. Urush ayni avjiga chiqqan va har bir askarning o‘rni muhim bo‘lgan paytda SSSR armiyasi qo‘mondonlaridan biri general Vlasov qo‘l ostidagi katta armiya bilan nemislar tarafiga o‘tib ketadi. Bu ish sovet armiyasining kuchsizlanishiga va urushning yanada uzoq davom etishiga sabab bo‘ladi.

Ana shunday holatda Stalin va Beriyaning haqiqiy sotqinlar qolib aybi bo‘lmagan boshqa millatlarni sotqinlikda ayblashi va ularni o‘z vatanidan badarg‘a qilishi “gruzin hamda rus bo‘lmaganlar”dan o‘ch olishdan boshqa narsa emasdi.

Chechenlar va ingushlar quvg‘ini

1943 yilda KPSS markaziy qo‘mitasida chechenlar va ingushlarni o‘z uylaridan badarg‘a qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkaziladi. Yig‘ilishda quvg‘inni front Shimoliy Kavkaz hududidan uzoqlashgandan keyin o‘tkazishga qaror qilinadi.

Chechenlar va ingushlarni o‘z vatanidan quvg‘in qilish ishlariga shartli ravishda “Chechevitsa operatsiyasi” deb nom berishadi.

O‘shanda chechenlar va ingushlarni Oltoy o‘lkasi, Novosibirsk va Omsk viloyatlariga surgun qilish masalasi muhokama qilinadi. Biroq ko‘p o‘tmay ularni Markaziy Osiyoga, aniqrog‘i Qozog‘iston, Qirg‘iziston va qisman O‘zbekistonga surgun qilishga qaror qilishadi.

1943 yil kuzda nemislar biroz ortga chekinadi. Shundan so‘ng chechenlar va ingushlarni quvg‘in qilish bo‘yicha aniq ishlarga o‘tiladi. Moskvaning buyrug‘i bilan Markaziy Osiyo Respublikalarida Chechen-Ingush ASSRdan surgun qilinadiganlarni qabul qilish uchun joy hozirlay boshlanadi.

1944 yil 31 yanvar kuni SSSR davlat mudofaa qo‘mitasining 5073-sonli Chechen-Ingush ASSR aholisini O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga surgun qilish haqidagi qarori qabul qilinadi.

Nemislar Shimoliy Kavkazga hujum qilganda Chechen-Ingush ASSR hududiga ham ozroq kirib kelgandi

Qarorda surgunga sabab sifatida respublika aholisining nemis-fashist bosqinchilari bilan hamkorlik qilgani aytilgandi. Bu qarorgacha 1944 yil 29 yanvar kuni Beriya NKVD xodimlari uchun Chechen-Ingush ASSRda yashovchi aholini ko‘chirish haqidagi ko‘rsatmalarni tasdiqlagan edi.

1944 yil 20 fevral kuni Beriya o‘z yordamchilari Ivan Serov, Bogdan Kabulov, Stepan Mamulov bilan Grozniy shahriga keladi. U chechenlar va ingushlarni surgun etish ishlariga o‘zi boshchilik qilishni oldiga maqsad qilib qo‘ygandi.

O‘sha paytda Chechen-Ingush ASSR aholisini ko‘chirish uchun respublikaga 100 ming nafar harbiylar va NKVD xodimlari jalb qilinadi. Ulardan 18 ming nafari zobitlar va 19 ming nafari NKVDning tezkor xodimlari edi.

21 fevral kuni Beriya NKVD xodimlariga chechenlar va ingushlarni surgun qilishni boshlash haqida buyruq beradi. Xodimlar odamlarni temiryo‘l liniyalariga yig‘ib kelish uchun uzoq tog‘ ovullariga, shahar va qishloqlarga jo‘nab ketadi.

22 fevral kuni u chechen va ingush oqsoqollari va diniy rahnamolari bilan uchrashadi va ularga Stalin tasdiqlagan surgun haqidagi qarorni o‘qib beradi. So‘ng Stalinga hisobot jo‘natadi.

Chechenlar va ingushlarni o‘z uylaridan quvib chiqarish juda ham qattiqqo‘llik bilan olib boriladi. NKVD xodimlari va harbiylar uzoq tog‘ qishloq hamda ovullarida qarshiliklarga duch keladi. Kim uyini tashlab chiqishga ko‘nmasa, oila a’zolari bilan otib tashlab ketaverishadi.

Uyidan quvib chiqarilgan chechenlar

Ana shunday holatlarda hatto murdalarni dafn etishga ruxsat berishmaydi. Odamlar hamqishloqlarining jasadlarini yovvoyi hayvonlar yeb ketmasligi uchun ularni toshlar bilan o‘rab ketishga majbur bo‘ladi.

O‘sha paytda chechenlar va ingushlarni uylaridan olib chiqib ketishar ekan, bemorlar, jismoniy holati yaxshi bo‘lmagan qariyalarni “Sizlarni sanitar mashinada olib ketishadi” deb o‘z uylarida qoldirib ketadi. Biroq bunday bo‘lmaydi. Ortdan kelayotgan harbiylar ularning barchasini otib chiqib ketadi.

“Surgun qilinayotganlar toifalarga bo‘lingan. Piyoda yoki aravada keta olmaydiganlarga uyda qolish buyurilgan. Ularga maxsus sanitar guruhi kelib, shifokorlar bilan birga poyezdgacha yetib olishlari aytilgan. O‘shanda bunday toifadagi odamlar xursand bo‘lishadi. Biroq ortdan kelgan bir guruh askarlar kelib, keksalarni va kasallarni bir joyga to‘plab, barchasini otib tashlashadi”, deb eslaydi Isa Qodzoyev.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, chechenlar va ingushlarni temiryo‘l liniyasiga yig‘ib kelgungacha bo‘lgan jarayonda 780 kishi otib tashlanadi. 2016 kishi hibsga olinadi. 6 544 kishi qochib, yashirinadi.

Chechenlar va ingushlar quvg‘in qilinar ekan, respublikadagi barcha masjid buzib tashlanadi. Aksariyat mozorlar oyoqosti qilinadi. Sovetlar shu darajada yovuzlik qiladiki, hatto bir paytlar Chechenistonda sovet hokimiyatini o‘rnatishda jonbozlik ko‘rsatgan Aslanbek Sheripovga o‘rnatilgan yodgorlikni ham buzib tashlashadi.

Uning o‘rniga Chor Rossiyasi davrida Chechenistonni bosib olishda jonbozlik ko‘rsatgan general A.Yermolovga yodgorlik o‘rnatishadi. Shu tariqa sovetlar o‘zlariga sadoqat bilan xizmat qilganlarning qabrlarini ham xor qilishadi.

Chechen-ingush quvg‘ini haqida olingan filmdan kadr

Keyingi bosqichda Chechen-Ingush ASSRdagi barcha chechen va ingush tilidagi shahar, qishloq, ko‘cha va boshqa joylarning nomi to‘liq almashtiriladi va ularga Chor Rossiyasi zobitlari yoki sovet rahnamolarining ismi qo‘yiladi.

Chechenlar va ingushlar o‘z vatanidan quvib chiqarilgach Chechen-Ingush ASSR o‘rnida Grozniy viloyati (oblasti) tashkil etiladi. So‘ng bu viloyatga ko‘plab ruslar ko‘chirib keltiriladi.

Surgun aynan chechen va ingush millatlariga xusumat uchun amalga oshirilgandi. Bir misol, o‘sha paytda ruslarga turmushga chiqqan chechen va ingush ayollari quvg‘in qilinmaydi. Aksincha, chechen va ingush yigitlariga turmushga chiqqan rus ayollari surgun qilinadi.

O‘shanda rus ayollariga o‘z erlari bilan nikohni bekor qilishsa surgun qilinmasliklari aytiladi. Lekin ularning aksariyati eridan kechmaydi va chechen hamda ingushlar bilan surgunga ketishni afzal deb biladi.

Quvg‘in Stalin va Beriyaning chechen va ingushlarga nisbatan bo‘lgan xusumatiga ko‘ra amalga oshirilganiga yana bir isbot shuki, o‘sha paytda nafaqat Chechen-Ingush ASSRdagi, balki front chizig‘idan ancha uzoqda bo‘lgan Dog‘istondagi, Gurjistondagi chechenlar ham o‘z uylaridan quvib chiqariladi va Markaziy Osiyoga surgun qilinadi.

Azobli yo‘l

1944 yil 23 fevral kuni quvg‘in qilinayotgan odamlar yuk vagonlariga chiqarila boshlanadi. Jarayon ikki haftadan oshiqroq, 9 martgacha davom etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uch hafta davom etgan maxsus amaliyot davomida 500 ming odam uyidan quvib chiqariladi. Ular jami 180 ta eshelonga (15 ming vagonga) joylanib, Markaziy Osiyoga jo‘natiladi. Yo‘lda 56 nafar chaqaloq tug‘iladi, 1 272 nafar odam halok bo‘ladi (yo‘lda o‘lganlar soni bundan bir necha barobar ko‘p ekani aytiladi).

Norasmiy ma’lumotlarda chechen va ingushlarni yig‘ib kelib, temiryo‘l orqali Markaziy Osiyoga yetkazib borish jarayonida otib tashlangan va og‘ir sharoitda halok bo‘lganlar soni rasmiy ma’lumotlarda ko‘rsatilganidan bir necha barobar ko‘pligi aytiladi.

Masalan, sovet ma’lumotlarida uyidan quvilgan chechenlar va ingushlar soni 500 ming nafar deyilsa-da, aslida ularning soni 650-750 ming nafar atrofida bo‘lgani ta’kidlanadi.

Surgun qilinganlarning asosiy qismi Qozog‘istonga, qolganlari Qirg‘izistonga va ozroq qismi O‘zbekistonga joylashtiriladi. O‘sha paytda Qozog‘istonning chechenlar joylashtirilgan shimoliy qismlarida havo -40 daraja sovuq bo‘lgan.

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi a’zosi Ernest Ametistov holatni shunday esladi:

“Men chechenlarni vagonlarda qanday olib kelishganini ko‘rdim. Vagondagilarning yarmi tirik, qolgani jasadlar edi. Tirik qolganlar 40 daraja sovuqqa tashlandi”.

Shimoliy Osetiya oblasti kompartiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri, millati ingush bo‘lgan X.Arapiyev o‘sha kunlarni shunday eslaydi:

“Haddan tashqari tiqilinch va qorong‘i vagonlarda, suvsiz deyarli bir oy davomida noma’lum manzil tomon yo‘l yurdik. Yo‘lda sil kasali tarqala boshladi. Kasallarni davolashning iloji yo‘q, har kun odamlar o‘lardi. Poyezd qisqa vaqt to‘xtaganda ularni temiryo‘ldan 5 metr nariga ko‘mib ketaverishdi. O‘shanda ularni temiryo‘ldan sal nariroqqa olib borib ko‘mib bo‘lmasdi, vagondan 5 metrdan ko‘p uzoqlashganlarni o‘sha joyni o‘zida otib tashlashardi”.

Sovetlar chechenlar va ingushlarni sotqinlikda ayblar ekan, bu nohaq ayblov edi. Chunki xuddi qrim tatarlarida bo‘lgani kabi urush paytida qo‘lida qurol ko‘tarishga qodir bo‘lgan barcha chechen va ingush yigitlari, erkaklari frontda jang qilayotgandi. Respublikada faqat ayollar, bolalar keksa yoshdagilar qolgandi.

Markaziy Osiyodagi chechenlar joylashtirilgan hududlar

Stalin tuzumi sotqinlik haqidagi da’volarini va o‘z yovuzligini xaspo‘shlash uchun frontda yurgan va nemislarga qarshi jang qilayotgan chechenlar va ingushlarni front ortiga qaytara boshlaydi.

So‘ng ularga darhol Markaziy Osiyo respublikalariga yetib borish va qarindoshlarini topib, ularga qo‘shilish buyrug‘i beriladi.

1944 yil bahorida urush SSSR hududidan chiqib Sharqiy Yevropa hududiga ko‘chgan, nemislar har kuni chekinib borayotgan paytda yovuz imperiyaga sotqinlikda ayblangan chechen va ingush yigitlari “kerak bo‘lmay” qolgandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, nemislar bostirib kelgan paytda sovet armiyasi safida qariyb 10 ming chechen va ingush yigiti xizmat qilayotgandi. Urush boshlangandan so‘ng ikki yil muddatda bu ikki millat vakillaridan yana 40 ming odam frontga chaqiriladi. 1944 yil bahoriga kelib ularning juda ko‘pchiligi urushda halok bo‘lgandi.

Chechen-Ingush ASSRning tubjoy aholisi surgun qilingandan ko‘p o‘tmay frontdan qariyb 10 ming chechen va ingush yigitlari bo‘shatilib, Markaziy Osiyoga qarindoshlari yoniga surgun qilinadi. 1945 yil 1 yanvar holatiga frontda 1,5 ming nafar chechen va ingush yigitlari qolgan edi.

1945 yil g‘alabadan so‘ng avvalroq frontdan bo‘shatilib, Markaziy Osiyoga surgun qilingan chechen va ingush askarlari “g‘alabaga hissa qo‘shganlar” sifatida surgun qilinganlarning maxsus ro‘yxatidan chiqariladi. Biroq shunda ham ularga o‘z vatanlariga qaytishga ruxsat berilmaydi.

Chechen va ingush yigitlari urushda ko‘plab qahramonliklar qilishgan, Sovet ittifoqi qahramoni unvoni hamda yana ko‘plab boshqa orden medallarni olgandi. Biroq bunday qahramonlarga ham rahm qilinmaydi va frontdan ortga qaytarilib, surgun qilingan oila a’zolarining yoniga jo‘natiladi.

Markaziy Osiyoga olib kelib tashlangan chechenlar

Surgundagi og‘ir hayot

Quvg‘in qilinganlar manzillariga yetib kelgandan keyin ham bemorlarning hammasini kasalxonalarga yotqizishning iloji bo‘lmagan. Shu sababli 1944 yilda kasallik, ochlik va og‘ir sharoit tufayli ko‘pchilik o‘lib ketgan.

1949 yilga kelib 5 yil avval surgun qilingan 650-750 ming odamning qariyb yarmi o‘lib ketgan, Markaziy Osiyo respublikalarida bor-yo‘g‘i 370 ming atrofida chechenlar va ingushlar qolgandi.

Quvg‘in qilinganlar juda og‘ir sharoitda yashashga majbur bo‘lishadi. Checheniston Fanlar akademiyasi prezidenti, tarixchi Jabroil Gakayev o‘sha kunlarni shunday eslaydi:

“Quvg‘inning birinchi yili juda og‘ir kechdi. Uy-joy yo‘qligi uchun surgun qilinganlarning ko‘pchiligi to‘g‘ridan to‘g‘ri dashtga tashlangandi. Ochlik tufayli vaziyat juda qiyin edi. Mahalliy qozoqlar ham ochlikdan qiynalishardi. Otamning qaramog‘ida 40 ga yaqin odam, farzandlari va yaqin qarindoshlari bor edi. U juda kuchli va jasur odam edi. O‘sha paytda tirik qolish uchun noilojlikdan mahalliy sovxoz qo‘ylarini o‘g‘irlash kerak edi. Bir marta otam sovxoz qo‘ylarini o‘g‘irlab kelayotganida qozoqlar quvib yetishadi. Shunda otam katta pichoqni olib, yerga chiziq tortadi va ularga "Yaqinlashmang! Och yetimlarim bor, kerak bo‘lsa o‘lgunimcha kurashaman”, deydi. Shunda otamni quvib kelgan qozoqlar uning umidsiz holga tushganini, o‘sha paytda qo‘ylarni o‘zida olib qolish uchun har qanday ishga, hatto o‘limga ham tayyorligini tushunib, ortga qaytib ketadi. Shunday qilib, otam hech kimning ochlikdan o‘lishiga yo‘l qo‘ymadi”.

Chechenlar va ingushlar Markaziy Osiyoda yashar ekan, ko‘pchilik ularning aybsiz ekanini bilardi. Shu sababli mahalliy aholi ularga qo‘lidan kelgancha yordam beradi.

Qozog‘iston shimoliga olib kelib tashlangan chechen ayoli qahraton sovuqda bolalari bilan

Biroq odamlar orasida ularni sotqin deb o‘ylaydiganlar ham bor edi. Oriyati baland bo‘lgan chechenlar va ingushlar o‘zlarini sotqinlar deb atashlariga chiday olmas, ayrim hollarda janjal kelib chiqardi.

Ana shunday janjallardan eng yirigi 1946 yilda Qozog‘iston sharqidagi Leninogorsk (hozirgi Ridder) shahrida sodir bo‘ladi. Shaharda GULag qamoqxona-lagerida saqlanayotgan mahbuslar chechenlarni sotqinlar deb ataydi. Shunda shahardagi barcha chechenlar yig‘ilib boradi va mushtlashuv boshlanadi.

Chechen erkaklari kam bo‘lgani uchun mushtlashuvda chechen ayollari va bolalari ham qatnashadi. O‘shanda har ikki tomondan bir necha kishi halok bo‘ladi. Keyinchalik ham bunday janjallar bir necha marta sodir bo‘ladi.

Ortga qaytish

1953 yilda Stalin vafot etadi. Shundan so‘ng uning davrida nohaq qatag‘on qilinganlarning ishlari qayta ko‘rib chiqiladi va millionlab odamlar GULag qamoqxona-lagerlaridan uyga qaytadi.

Shuningdek, nohaq quvg‘in qilingan xalqlar, shu jumladan chechenlar va ingushlar ham oqlanadi. Biroq ularga bir muddat vatanlariga qaytishga ruxsat berilmaydi.

Qozog‘istonda yashagan chechen oilasi

Faqat 1957 yilga kelib, 1944 yilda ma’muriy birlik sifatida tugatilgan Chechen-Ingush ASSR qayta tiklangach chechenlar va ingushlarga uyga qaytishga ruxsat beriladi. O‘shanda qariyb 500 ming odamdan bor-yo‘g‘i 150 mingga yaqini vataniga qaytadi.

Qolganlar keyinchalik yillar davomida oz-ozdan qaytadi. Boshqalar esa Markaziy Osiyo respublikalaridan SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ketishadi. Ayrimlar shu yerda yashab qoladi.

SSSR parchalanib ketgach Chechen-Ingush ASSR ham ma’muriy birlik sifatida tugatildi. Ingushetiya alohida respublikaga aylandi. Chechenlar esa mustaqillik uchun uchun kurash boshladi. Endi bu boshqa tarix...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid