Jahon | 18:28 / 26.02.2024
18163
4 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning safdoshlari u shu kunlarda almashtirishga tayyorlanganini aytishdi

Ukraina razvedkasi esa unda chindan ham tromb ko‘chishi ro‘y bergani va bu tabiiy o‘lim bo‘lganini aytmoqda.

Foto: Vera Savina / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning jamoasi u shu kunlarda ozodlikka chiqishi kerak bo‘lganini ma’lum qildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish fondining Navalniy tayinlagan rahbari Mariya Pevchixning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchining jamoasi uni yollanma qotil Vadim Krasikov bilan almashish uchun harakat qilayotgan bo‘lgan.

«Hozir men o‘tirgan joyda Navalniy o‘tirib gapirishi mumkin edi. Yo‘q, bu mubolag‘a emas. Navalniy shu kunlarda ozodlikka chiqishi kerak edi. Chunki biz uni almashish dasturiga qo‘shish bo‘yicha qaror qabul qilishlariga erishgandik. Fevral oyi boshida Putin FXX killeri Vadim Krasikovni ikki nafar amerikalik va Aleksey Navalniyga almashishni taklif qilgan.

15 fevral kuni kechqurun men muzokaralar olib borilayotgani va hal qiluvchi pallaga kirgani haqida xabar oldim. 16 fevralda esa Alekseyni o‘ldirishdi», degan Mariya Pevchix videomurojaatida.

Aleksey Navalniy qamoqqa tushganidan keyin o‘zi asos solgan fond rahbari etib tayinlagan Pevchix urush boshlangach, siyosatchining jamoasi uni nima qilib bo‘lsa ham qamoqdan chiqarish kerak degan qarorga kelganini aytdi.

«Chunki urush boshlangach, Putinni hech nima to‘xtata olmasdi. U o‘n minglab odamlarni o‘ldirib yubordi. Navalniyni qutqarishning yagona yo‘li esa almashuv edi», dedi Pevchix.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniy jamoasi uni qutqarish uchun juda ko‘p odamlarga aloqaga chiqqan. Xususan, vaziyatga aralashishi mumkin bo‘lgan dunyoning eng boy odamlaridan tortib Putinning do‘stlari va o‘tgan yil vafot etgan AQSh sobiq davlat kotibi Henri Kissinjyergacha.

Pevchix aynan Navalniy jamoasi Vadim Krasikov masalasini muzokaralar markaziga qaytara olganini aytgan. O‘tgan yil dekabr oyida Navalniyni Krasikovga almashish masalasi rasmiy muzokaralar darajasiga ko‘tarilgan. Navalniy jamoasiga ko‘ra, Putin amerikalik jurnalist Taker Karlson bilan uchrashuvda bejiz Germaniya qamoqxonasida saqlanayotgan Krasikovni almashishi mumkinligiga ishora qilmagandi.

Navalniy vafot etganidan keyin uning jamoasiga Vadim Krasikovni Navalniyga almashish taklifini Putinga Roman Abramovich yetkazganini xabar qilishgan. Rossiyalik milliarderdan bu borada so‘rashgan, lekin u javob berishni istamagan.

Ma’lumot uchun, 16 fevral kuni Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etgani haqida xabar e’lon qilindi. Bu haqda oldindan hech qanday mish-mishlar paydo bo‘lmagandi va 15 fevral kuni sudda qatnashgan siyosatchi vafot etgani haqida birdaniga u saqlanayotgan Sibirdagi qamoqxona rasmiy saytida xabar berildi.

Uning jasadini 25 fevralga kelibgina onasiga berishdi. Turli nashrlarga ko‘ra, dafn marosimi 29 fevral kuni o‘tkaziladi. Xuddi o‘sha kuni Putin Federatsiya kengashiga murojaat qiladi.

Navalniy jamoasi uning o‘limini Kremlga bog‘lamoqda. Ular siyosatchini o‘ldirish buyrug‘ini shaxsan Vladimir Putin bergan deb hisoblashyapti. Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya ham shu fikrni ilgari surdi.

Siyosatchining o‘limidan keyin bu haqda turli taxminlar paydo bo‘ldi. 24 fevral kuni urushning ikki yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashgan Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov esa unda mavjud razvedka ma’lumotlariga ko‘ra rossiyalik muxolifatchi chindan ham rasmiy ma’lumotdagi kabi tromb ko‘chishidan vafot etganini aytdi.

Mavzuga oid