O‘zbekiston | 11:33 / 27.02.2024
13189
4 daqiqa o‘qiladi

«Dok-1 Maks» ishida Ulug‘bek Egamovga nisbatan tergov organiga xabarnoma yuborilgani ma’lum bo‘ldi

«Dok-1 Maks» ishi sudiga raislik qilgan sudya Muso Yusupovga ko‘ra, Farmagentlik rahbari sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Egamovga nisbatan tergov organiga xabarnoma yuborilgan. Agar uning harakatlarida jinoyat tasdiqlansa, jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

26 fevral kuni «Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha sud jarayoni yakuniga yetdi hamda sud hukmi o‘qildi. Hukmdan so‘ng ishni ko‘rgan sudya Muso Yusupov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan Kun.uz muxbirining ma’lum qilishicha, Muso Yusupov Farmagentlik rahbari sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Egamovga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ishi tergovga oshirilgani, ammo u sud jarayonlarida sudlanuvchilar ro‘yxatida ko‘rinmagani haqidagi savolga javob qaytarib, hech kim ko‘rsatuv bermasa shaxsni ayblash to‘g‘ri bo‘lmasligini bildirgan.

«Xabarlaringiz bor, jinoyat ishi ko‘rilish jarayonida advokatlar tomonidan iltimosnoma kiritilishidan oldin biz Egamovni sudga chaqirib, so‘roq qildik. Biz advokatlarning iltimosnomasi yuzasidan ajrim chiqardik.

Bitta narsani to‘g‘ri qabul qilish kerak. Shaxsni ayblash qiyin. Hammamiz ko‘rdik, inspeksion tekshiruvdan agentlik rahbarining tashabbusi bilan olingani ayblovdan o‘tdi. Agentlik rahbariga murojaat qilinganmi, yo‘qmi degan masala ko‘rildi. Agentlik rahbari tomonidan sud ish ko‘rilayotgan vaqtda “Men seni deb o‘tiribman. Qancha pora olding?“ degan savollar ham bo‘ldi. Biz shu holatni tekshirish uchun o‘sha payti tergovga yubordik, lekin bu holatni tergov jarayonida birorta guvoh tasdiqlamadi. Sudda ham shu savolga to‘xtaldik. “Sizlarda birorta dalil bormi aynan shu insonning tarkibida zahar mavjud bo‘lgan dorini O‘zbekistonga import qilgan korxonani inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha aralashuvi bo‘lganmi?“ degan savolni qo‘yganimizda yo‘q degan fikr bildirildi. Endi bitta shaxsga hech kim ko‘rsatuv bermasa, uni ayblash o‘z-o‘zidan to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Lekin bitta narsaga amin bo‘ldikki, aynan Telegram’da birinchi o‘rinbosarning yozishmalari bor. Inspeksion tekshiruvdan olib tashlash, inspeksion tekshiruv bayonnoma o‘zgarishi kerak bo‘lsa, rahbar o‘zgartirib, qo‘l qo‘yib beradi, degan ko‘rsatuvlari bor edi. Biz shu holatni ham tergov organi yana bir marta ko‘rsin, balki tergov jarayonida yangi holat aniqlanar, degan fikrga keldik. O‘sha holatga ham baho berish uchun sud yakuni bo‘yicha Jinoyat protsessual kodeksning 417-moddasi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasida xabarnoma yubordik. Tergov organi buni tekshiradi. Harakatlarida jinoyat ishi tasdiqlansa, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi”, degan sudya.

Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni «Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha 23 nafar sudlanuvchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilingandi.

Mavzuga oid