O‘zbekiston | 19:14 / 27.02.2024
5364
2 daqiqa o‘qiladi

Elektropoyezdlarda karta orqali to‘lov qilish imkoniyati paydo bo‘lmoqda

Yangi amaliyot Toshkent–Hojikent yo‘nalishida boshlangan. Tez kunlarda poytaxtdan Bekobod, Xovos va Angrenga qatnovchi elektropoyezdlarda ham bunday imkoniyat tatbiq qilinishi kutilmoqda. ATTO yoki bank kartasi yordamida vokzal va bekatlardan tashqari, bevosita elektropoyezd vagonida ham to‘lov qilsa bo‘ladi.

Foto: yuz.uz

Shaharlararo qatnovchi elektropoyezdlar uchun yo‘l haqini ATTO yoki bank kartalari orqali to‘lash amaliyoti boshlandi. Bu haqda Avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori (ATTO) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, endilikda elektropoyezdlar uchun chiptalarga to‘lovlarni temiryo‘l vokzallari va bekatlardan tashqari, bevosita elektropoyezd vagonlarida ATTO transport kartalari yoki bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirish mumkin.

Kun.uz yangi amaliyot haqida to‘liqroq ma’lumot olish uchun ATTO loyiha menejyeri Murod Zokirov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, bundan buyon elektropoyezdlar uchun 3 xil shaklda to‘lov qilish mumkin.

Birinchisi – vokzal yoki bekatlarga borgan holda chipta sotib olish, ikkinchisi – elektropoyezdning o‘zida xodimga naqd pulda to‘lov qilib, nazoratchidan chipta olish va uchinchisi – ATTO yoki bank kartalari (Humo, Visa, Mastercard) orqali yo‘l haqini to‘lash.

Transport yoki bank kartalari bilan to‘lashning ham 2 xil usuli borligi aytib o‘tildi. Zokirovning ta’kidlashicha, elektropoyezdda chipta nazorati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga validator uskunalari berilgan. Shu orqali kartaning o‘zi yoki ATTO ilovasidagi NFC orqali to‘lov qilish mumkin. Narxlar haqida ma’lumot ushbu havolada berilgan.

Hozircha loyiha birinchi bosqichda Toshkent–Hojikent yo‘nalishidagi elektropoyezdlar uchun joriy qilingan. Tez kunlarda Toshkent–Bekobod, Toshkent–Xovos va Toshkent–Angren yo‘nalishlarida ham ishga tushirilishi kutilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, fevral oyining birinchi 10 kunligidan boshlab ATTO elektron tizimi orqali 12,4 mingta to‘lov amalga oshirilgan va shulardan 10 foizi transport va bank kartalariga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid