O‘zbekiston | 11:09 / 27.02.2024
5200
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona va Qo‘qonda 1,3 mlrd so‘mlik elektrni talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi 

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Foto: Videodan kadr

Jumladan, Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs o‘z qarindoshining yashash xonadonida 10 ta Bitmain Antminer rusumli mayning qurilmalarini elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, 2021-2024 yillar davomida mayning faoliyati bilan shug‘ullanib kelishi natijasida davlat manfaatlariga 638 mln 274 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan

Farg‘ona shahrida yashovchi shaxsning xonadonida 11 dona, quvvati 14,85 kilovatt bo‘lgan Antminer rusumli mayning qurilmalari yashirin ravishda elektr tarmog‘iga ulanib, 320 mln 118 ming so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

Boshqa holatda esa Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroga tegishli xonadon ko‘zdan kechirilganda, 6 dona, quvvati 12,4 kilovatt bo‘lgan Antminer rusumli mayning qurilmalari elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, elektr ta’minoti korxonasiga 293 mln 284 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Yana bir holatda, Farg‘ona shahrida yashovchi shaxs o‘zining onasiga tegishli xonadonda kriptovaluta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanib, Antminer rusumli 3 dona mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga 77 mln 585 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Aniqlangan ushbu holatlarda davlatga yetkazilgan zarar jami 1 mlrd 329 mln 261 ming so‘mni tashkil etadi. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid