Jahon | 13:40 / 28.02.2024
3174
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq ekologik jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirdi

Yevropa parlamenti ekologik jinoyatlar ro‘yxatini kengaytiruvchi va ularga nisbatan jazolarni kuchaytiruvchi yangi Yevropa Ittifoqi direktivasini qabul qildi. Odamlarning o‘limiga olib keladigan ekologik jinoyat 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Foto: Eli Driu

Yevroparlament (YeP) 27 fevral, seshanba kuni Yevropa Ittifoqining ekologik jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha yangilangan direktivasini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. YeP saytida xabar qilinganidek, Yevroparlamentning 499 deputati hujjat uchun ovoz berdi, 100 nafari qarshi chiqdi, yana 23 nafari esa betaraf qoldi.

Hujjatda atrof-muhitga qarshi jinoyatlar ro‘yxatini kengaytirish va ularga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Jiddiy ekologik huquqbuzarliklar qatoriga o‘rmonlarni noqonuniy kesish natijasida olingan yog‘ochning noqonuniy muomalasi, atrof-muhitga zararli mashina qismlarini noqonuniy utilizatsiya qilish, zararli kimyoviy moddalarni ishlatish va yo‘q qilish qoidalarini buzish kiradi. 

Yangi direktiva Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilgandan keyin kuchga kiradi. A’zo davlatlar buni milliy qonunchiligida mustahkamlab qo‘yishi uchun ikki yil vaqt beriladi. 

Og‘ir jarimalar va qamoq jazolari 

«Yevropa Ittifoqi darajasida transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashish, kelgusida ekologik jinoyatlarning oldini olish uchun izchil va to‘xtatuvchi sanksiyalardan foydalanish vaqti keldi», dedi Niderlandiyadan Yevroparlament deputati Antonius Manders. Uning qayd etishicha, yangi qonunchilikka ko‘ra, korxonada atrof-muhit ifloslanishiga mas’ul bo‘lgan rahbarlik lavozimini egallagan shaxslar korxona bilan teng javobgarlikka tortilishi mumkin. 

Jismoniy shaxslar va kompaniyalar tomonidan sodir etilgan ekologik jinoyatlar yetkazilgan zararning uzoq davom etishi, og‘irligi yoki qaytarilishiga qarab sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘limga olib keladigan qasddan ekologik jinoyatlar uchun barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida shaxslar 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Atrof-muhitga qarshi jiddiy jinoyatlar uchun kompaniyalar global yillik aylanmasining 5 foizigacha jarimaga tortiladi yoki 40 million yevrogacha to‘laydi. 

Mavzuga oid