Jahon | 13:26 / 29.02.2024
9251
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bir hafta ichida uchinchi bor rossiyalik harbiylar guruhiga HIMARS bilan zarba berdi

Foto: Getty Images

27 fevral kuni Ukraina qurolli kuchlari HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi bilan Donetsk oblastining Olenivka posyolkasida (DXR nazorati ostidagi hudud) to‘planib turgan rossiyalik harbiylarni o‘qqa tutdi. Rossiya va Ukraina telegram-kanallarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bu vaqtda harbiylarni taqdirlash marosimi o‘tkazilayotgan bo‘lgan.

Zarba oqibatida 19 nafar harbiy, jumladan uch nafar ofitser halok bo‘lgani aytilgan, yana 12 nafar harbiy xizmatchi jarohatlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xuddi shu vaqtda hududda ukrainlar razvedka droni ishlayotgani to‘g‘risida qo‘mondonlikka xabar berilgan, ammo bu ma’lumot e’tiborsiz qoldirilgan.

Rossiya tomoni bu xabarlar yuzasidan izoh bermadi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ukrain harbiylari baravar o‘t ochish reaktiv tizimi bilan Olenivkadagi rus qo‘shini ustiga raketa zarbalari yo‘llaganini tasdiqladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 19 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi, jumladan bo‘linma komandiri o‘rinbosari, bir mayor va bir kapitan halok bo‘lgani, 12 harbiy, jumladan bir komandira yaralangani ma’lum qilingan.

  • 20 fevral kuni kunduzi Ukraina qurolli kuchlari HIMARS orqali DXRdagi Volnovaxa shahri yaqinidagi Trudovske qishlog‘ida joylashgan poligonda turgan rossiyalik harbiy xizmatchilar ustiga zarba yo‘llagandi. BBC rus xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zarba oqibatida kamida 60 kishi halok bo‘lgan, Baykalorti o‘lkasi (zarbaga uchragan brigada bazasi aynan shu yerda joylashgan) rahbariyati 16 nafar harbiy o‘limini tasdiqlagan.
  • 21 fevral kuni esa ukrain armiyasi HIMARS orqali Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismida joylashgan Podo-Kalinovka qishlog‘i yaqinidagi poligonda RF qo‘shinlariga zarba bergandi. Ukraina janubiy qo‘shinlar guruhi vakili Natalya Gumenyuk zarba oqibatida «kamida 60 nafar bosqinchi jangovar pozitsiyaga umuman qaytmaydigan bo‘lgani»ni ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid