Jahon | 09:00 / 02.03.2024
9794
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Ukraina uchun pullarni o‘z zaxirasidan olishi mumkin

Ukrainani moliyalashtirish uchun zaxira fondlaridan foydalanish haqidagi munozaralar AQShda tobora dolzarb bo‘lib bormoqda, chunki Ukrainani moliyalashtirish bo‘yicha qonun loyihasi Kongressdan o‘tmayapti.

Foto: Reuters

Pentagon Ukrainaga o‘z zaxiralari hisobidan harbiy yordam taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, uning umumiy miqdori taxminan 4 milliard dollarga teng. Ilgari idora ushbu zaxiralarni faqat Kongress tomonidan qabul qilingan moliyalashtirish paketi bilan qoplangan taqdirdagina sarflashni rejalashtirgandi. Bu haqda CNN 29 fevral kuni Pentagonning bir necha rasmiylariga tayanib xabar berdi

Ukrainani moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Kongressdan o‘tmayotganligi sababli, idora mablag‘lar uchun kompensatsiya kafolatisiz ham yordam yuborishni muhokama qila boshladi. CNN suhbatdoshlari ta’kidlashicha, ushbu imkoniyatni amalga oshirish va yordam ko‘rsatishning boshqa bir qator zaxira rejalari haqidagi suhbatlar so‘nggi haftalarda tobora dolzarb bo‘lib bormoqda, chunki, bir tomondan, Ukrainani moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Kongressda qolib ketgan, boshqa tomondan, Ukraina qo‘shinlarining ahvoli yanada murakkablashmoqda. 

Yordam «o‘ta muhim o‘q-dorilarni» o‘z ichiga oladi 

Pentagon rasmiylaridan birining CNN telekanaliga aytishicha, yangi yordam paketi tasdiqlansa, «o‘ta muhim o‘q-dorilar»ni o‘z ichiga oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, idora harbiy yordamni imkon qadar tezroq Ukrainaga jo‘natish uchun uni qanday va qayerga joylashtirish haqida ham muzokara o‘tkamoqda. 

AQSh Kongressi 2023 yil oktyabridan Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilmoqda. Fevral o‘rtalarida Senat Ukraina, Isroil va Tayvanga 95 milliard dollardan ortiq yordam ajratish tashabbusini ma’qullagan edi. Endi hujjat Vakillar palatasi tomonidan ma’qullanishi kerak, ammo uning spikeri Mayk Jonson buni katta ehtimol bilan rad etishini aytdi. Sababi, hujjatning amaldagi tahririga quyi palatada hukmron Respublikachilar partiyasi ta’kidlayotgan narsa - AQSh janubiy chegarasida nazoratni kuchaytirish xarajatlari kiritilmagan. 

Mavzuga oid