Jahon | 12:44 / 02.03.2024
11751
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning barcha samolyotlarini yetkazib berish ikki yilga kechiktirildi

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, samolyotlar import o‘rnini bosganligi sababli parvoz sinovlaridan o‘tishga ulgurmayapti. Ehtimol, aviatashuvchilar «do‘st» mamlakatlardan yordam so‘raydi.

Foto: AP

Rossiya aviakompaniyalarida G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlar o‘rnini bosishi mo‘ljallangan samolyotlarni yetkazib berish dasturi 2024 yildan 2025-2026 yillarga ko‘chirildi, deb xabar berdi «Kommersant» 1 mart, juma kuni RF Sanoat va savdo vazirligi hamda «Rostex» davlat korporatsiyasidagi o‘z manbalariga tayanib.

«Rostex» korporatsiyasi rahbari Sergey Chemezov «flagman» MS-21 samolyotlarini seriyali yetkazib berish boshlanishi kechiktirilishi haqida e’lon qildi. Samolyotni ishlab chiqish 2000-yillarning boshidan beri davom etmoqda va loyiha turli bosqichlarini amalga oshirish muddatlari bir necha bor o‘zgartirildi, deya aniqlik kiritadi «Kommersant».

Rossiya aviatsiya sanoatidagi manbalarga ko‘ra, samolyot import o‘rnini bosganligi sababli parvoz sinovlaridan o‘tishga ulgurmayapti, chunki «samolyotning xususiyatlari turli sabablarga ko‘ra dastlab ko‘rsatilganiga mos kelmayapti». Kechiktirish Rossiyada ishlab chiqilayotgan barcha fuqarolik samolyotlariga tegishli - SJ-100, MS-21, Tu-214, Il-114-300 va «Baykal». 

«Kommersant» o‘rta masofaga mo‘ljallangan MS-21 yo‘lovchi samolyotini misol qilib keltirdi, uning og‘irligi G‘arb komponentlari qo‘llangan oldingi versiyaga nisbatan qariyb olti tonnaga oshdi, bu esa mahalliy kompozitsion materiallar va yangi tizimlardan foydalanish hisobiga sodir bo‘ldi. Nashr manbasi vaznni kamaytirmasdan, rejalashtirilgan parvoz ko‘rsatkichlariga erishish mumkin emasligini tasdiqlaydi. 

Rossiya hukumati aviatsiya muammolariga optimizm bilan qarayapti 

«Kommersant» so‘zlaridan iqtibos keltirgan Rossiya prezidenti Putin 2023 yil dekabrida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda Rossiya 2030 yilgacha «mingtadan ortiq» samolyot ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini aytdi. 2022 yil iyun oyida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 2030 yilgacha havo transporti sanoatini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 770 milliard rubldan ortiq mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgan edi. 

«Kommersant»ga «Rostex» korporatsiyasi xabar berishicha, «to‘liq import o‘rnini bosuvchi samolyotning yakuniy ko‘rinishi (MS-21) joriy yil ikkinchi yarmida shakllanadi» va cheklovlarni olib tashlash dasturi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu «samolyotni eng yuqori aviakompaniya talablariga javob beradigan parametrlarga yetkazish imkonini beradi».

RBK agentligi xabar berishicha, RF Sanoat va savdo vazirligidagi manba import o‘rnini bosuvchi dasturlar «jahon standartlari bo‘yicha misli ko‘rilmagan muddatda amalga oshirilayotgani» va barcha samolyot tizimlari hamda komponentlarida import o‘rnini bosishning shunga o‘xshash misoli «zamonaviy dunyo aviatsiyasida mavjud emas»ligini ta’kidladi.

2022 yilda qabul qilingan aviatsiya sanoatini 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyada aviakompaniyalar shu vaqt ichida Rossiyaning 1036 ta yo‘lovchi samolyotlarini qabul qilishi kerak, ulardan 339 tasi «Aeroflot» guruhi uchun mo‘ljallangan. 

Rossiya aviatsiyasiga qarshi sanksiyalar 

Rossiya armiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi sababli Rossiya fuqaro aviatsiyasi misli ko‘rilmagan xalqaro sanksiyalar ostida qolmoqda. Ikki yildan ortiq vaqt davomida Rossiyaga samolyotlar uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berish taqiqlangan. Bundan tashqari, 500 taga yaqin samolyot - Rossiya flotining deyarli yarmi Rossiya havo hududidan ucha olmayapti. Bu samolyotni o‘ziga qaytarishni talab qilayotgan xorijlik lizing beruvchilar bilan bog‘liq. 

DW bilan suhbatlashgan ekspertlar fikricha, Rossiya aviatsiya sanoatining «xavfsizlik chegarasi» yaqin kelajakda parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli. Kerakli ehtiyot qismlar turli yo‘llar bilan olinyapti: kontrabanda yoki eski samolyotlarni demontaj qilish orqali. Ammo bu, deydi mutaxassislar, besh yil ichida ehtiyot qismlarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish va shu orqali yirik aviafalokatlarni bartaraf etish uchun yetarli emas.

Shu tariqa, Friendly Avia Support konsalting kompaniyasi direktori Aleksandr Lanetskiy har bir samolyot bir yarim yilda rejali ta’mirdan o‘tishi kerakligini ta’kidlaydi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, eskirgan yoki shikastlangan ehtiyot qismlar boshqa samolyotlardan olib tashlanganlari bilan almashtirilishi mumkin. Bunday «samolyot kannibalizmi» bir necha yil davom etishi ehtimoli bor, ammo keyin yangi materiallar kerak bo‘ladi, ayniqsa RFda shassi va dvigatellarini to‘liq ta’mirlash xizmati deyarli mavjud bo‘lmagan sharoitda. Eronda shunday baza bor, lekin buyurtmani bajarish muddati standart 1 oy o‘rniga 7 oyni tashkil qiladi va sifati shubhali, deydi Lanetskiy.

Mavzuga oid