Jahon | 19:58 / 05.03.2024
18580
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoni tekislashni ko‘zlayotgan Isroil, Zelenskiyga axborot hujumi va sharmanda bo‘lgan nemis harbiylari - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz. 

Falastindagi vaziyat

Nikaragua BMT Xalqaro sudiga Isroilga qarshi ariza berdi. Nikaragua Germaniyaning Isroilga harbiy va moliyaviy yordam berayotgani, BMTning falastinlik qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligini moliyalashtirishni to‘xtatgani ustidan xalqaro sudga da’vo arizasi yozgan.

Lotin Amerikasi davlati ish ko‘rib chiqilishi jarayonida vaqtinchalik choralar ko‘rib turilishini talab qilmoqda.

«Isroilga siyosiy, moliyaviy va harbiy yordam berib, BMT agentligini moliyalashtirishdan to‘xtab Germaniya genotsid sodir etilishiga yordam bermoqda yoki kamida genotsidning oldini olish uchun o‘z majburiyatlarini bajarmayapti», — deyiladi da’vo arizasida.

Avvalroq JAR ham Isroil genotsidini to‘xtatish ustidan BMT xalqaro sudiga da’vo arizasi kiritgan edi. Sud oraliq qaror chiqarib, Isroilga genotsidning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishni tayinlagan edi. Isroil bu qarorlarni nazar-pisand qilgani yo‘q.

AQSh G‘azo sektorida hosil bo‘lgan humanitar vaziyatni yo‘l qo‘yib bo‘lmas deb hisoblamoqda. Holbuki Isroilni qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlashda davom etishmoqda. AQSh Davlat departamenti o‘t ochishni to‘xtatish rejimini amalga kiritishni talab qilmoqda.

Bu orada HAMAS yetakchilaridan biri Ismoil Haniya Qatarda 1 hafta ichida 1,1 mln dollar sarflagani to‘g‘risidagi ma’lumot sizdirildi.

Ushbu summa ichiga Dohadagi Mandarin Oriental top-hotelida qilingan xarajatlar ham kiritilgan. Jumladan Haniya 26,5 ming dollarga spa xizmatlar, 315,5 ming dollarga restoran va barlar xizmatidan foydalangani ta’kidlangan.

HAMAS yetakchisi Dohada G‘azo sektoridagi garovdagilarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qatnashish uchun borgan.

Lekin alohida qayd etib o‘tish kerakki, Doha mehmonxonasidagi hisobni Isroil bosh vazirining maslahatchisi Dmitriy Gendelman sizdirgan. U yahudiylar tomonidan yasalgan bo‘lishi mumkin va haqiqatga to‘g‘ri kelishiga shubha bor.

G‘azodagi falastinliklarning katta qismi uy uylaridan siqib chiqarilgan sharoitda Isroil eksklavda etnik tozalash ishlari o‘tkazmoqda, degan Isroilning uylarni snos qilishga qarshi qo‘mitasi direktori, antropolog Jyeff Halper. U Tel-Aviv arab davlatini yahudiy davlatiga aylantirishni ko‘zlayotganini ta’kidlagan.

«Buni amalga oshirishning yagona yo‘li — falastinliklarni siqib chiqarish, ularni o‘z yeridan mosuvo qilish, so‘ng bu yerlarda yahudiy manzilgohlarini barpo etish. Uylarning snos qilinishi etnik tozalash siyosatining asosiy quroli bo‘lmoqda», — degan Jyeff Halper.

Isroil o‘tgan yilning oktyabridan buyon G‘azoga bostirib kirgach, falastinliklarning 300 mingdan ziyod uylari vayron qilib, buzib tashlangan. Bu eksklavdagi uylarning 70 foizini tashkil etadi.

Halperning qayd etishicha, Isroil 1948 yilda 750 ming falastinlikni o‘z uylaridan quvib chiqargan. O‘shanda bu Falastin aholisining 80 foizini tashkil etgan. Bugungi kunda ham bu harakatlarini davom ettirib, uylar va infratuzilmalarni vayron qilib, hududni «yashash uchun yaroqsiz» holatga keltirib, qariyb 2,5 million g‘azoliklarni vatansiz qoldirmoqchi. 

Zelenskiyga informatsion hujum tahdidi

Ukraina Rossiyaning Zelenskiyga bo‘lgan xalq ishonchini o‘ldirishga urinishiga qarshi tayyorlana boshlaydi.

Bloomberg nashri Ukrainadagi manbalariga ko‘ra yozishicha, Rossiya jamiyat va front chizig‘idagi harbiylarning Zelenskiyga nisbatan ishonchini o‘ldirish uchun informatsion hujumga tayyorlanmoqda. Uchinchi yildirki davom etayotgan urush mobaynida Zelenskiyning jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tushib bormoqda, Rossiya qo‘shinlari yana hujumga o‘tganda, g‘arblik sheriklarning yordami savol ostida bo‘lib qolganda hujum yuz berishi mumkin.

Moskvaning informatsion kampaniyasi Zelenskiyning demokratik legitimligini savol ostiga keltirishi mumkin, chunki uning 5 yillik prezidentlik muddati shu yil tugaydi, biroq uning o‘zi urush davrida prezidentlik saylovlari o‘tkazib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Zelenskiy fevral oyida o‘zining «Xalq xizmatkori» partiyasi bilan uchrashuvda ayni vaziyatda saylov o‘tkazib bo‘lmasligi borasidagi uning pozitsiyasini g‘arblik hamkorlar qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etgan. Bu masalada rossiyaliklar informatsion kampaniyalar tayyorlayotgani to‘g‘risida axborotga ega ekanini ham aytib o‘tgan. Zelenskiy o‘z partiyasining Oliy Radadagi vakillarini «legitimlik mavzusining ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik»ka chaqirgan.

Bu orada Ukraina poytaxti Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko Zelenskiy Zalujniyni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan olib tashlab katta xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidlagan.

Klichko Italiyaning la Repubblica nashrga bergan intervyusida Zalujniy ishdan bo‘shatilgach «har bir ukrainni shokka tushirgan qarori sabablarini tushuntirib berishi» lozimligini, chunki «juda ko‘pchilik gangib qolib, umidsizlikka tushgani»ni ta’kidlagan. 

Nemis harbiylarining fosh bo‘lishi

Germaniya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati nemis ofitserlarining suhbati Rossiya tomonidan eshitilgani to‘g‘risidagi mudofaa vazirining audio sharhini 1234 paroli bilan himoyalab, uni yana barchaga oshkor qilishgan, deb yozadi Bild nashri.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning izohi resurs NextCloud resursiga videohavola shaklida berilgan. Video parol yordamida himoyalangan. Lekin havolaning ostiga to‘rt raqamdan iborat parol — 1234 ham yozib qo‘yilgan.

Avvalroq nemis ofitserlarining sizdirilgan suhbatida ular Qrim ko‘prigiga raketa zarbasi berish masalasini muhokama qilishgan.

Germaniya mudofaa vazirligi suhbat chetdan eshitilgani va yozib olingani faktini tasdiqlagan. Ofitserlar Ukrainaga harbiy yordam berish masalasini himoyalanmagan WebEx platformasida muhokama qilishgan.

Rossiya razvedkasi ixtiyoriga kelib tushgan suhbatda general va Germaniya harbiy-havo kuchlarining bir necha ofitserlari Ukrainaga 500 km olislikka ucha oladigan Taurus raketalarini yetkazishni muhokama qilishgan. Ular, shuningdek, Ukrainada Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSh harbiylari borligi, ular ukrainalik harbiylarga g‘arb texnikasidan foydalanishni o‘rgatayotganini aytishgan.

Nemis ofitserlarining o‘zaro suhbati ruslar tomonidan tarmoqqa sizdirilgach, Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Germaniyaga «denatsifikatsiya» bilan tahdid qilgan.

«Ko‘rib turibmizki, ular oxirigacha denatsifikatsiya qilinmagan. Agar bu holat yuz bersa, nemis xalqi tomonidan to‘xtatilmasa, Germaniyaning o‘zi uchun ayanchli oqibatlarga olib keladi», — degan Mariya Zaxarova. 

Oliy sud Trampga yo‘l ochdi

AQSh Oliy sudi Donald Trampga prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berdi.

Uchta shtatdagi taqiqlarga qaramasdan, Donald Trampning ism-familiyasi bu yo‘l o‘tadigan prezidentlik saylovlarida joylashtirilishi mumkin. AQSh Oliy sudining qarori qo‘zg‘olonda ayblangan sobiq prezident yana saylovda ishtirok eta oladimi degan bahslarga nuqta qo‘ydi.

AQSh Oliy sudi bir ovozdan Kolorado shtati sudining Donald Trampga konstitutsiyaga 14-tuzatish asosida saylovda ishtirok etishni cheklash to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi. Bu tuzatishga ko‘ra, «Qo‘shma Shtatlarga qarshi qo‘zg‘olon yoki isyonda qatnashgan yoki dushmanlarga yordam bergan» mansabdor shaxsning saylovlarda ishtirok etishini taqiqlaydi. Kolorado shtati sudi Tramp 2020 yilda saylovlarda yutqazgach, isyonga bosh bo‘lib, ovoz berish jarayonlarini o‘zgartirishga harakat qilgan, shu sababli u saylovlarda ishtirok eta olmasligi to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Xuddi shunday sud qarorlarini Illinoys va Men shtati sudlari ham chiqargandi.

Biroq AQSh Oliy sudi federal lavozimda ishlab turgan shaxslarga nisbatan konstitutsiyaning 14-tuzatishi 3-punktida yozilgan qoida bo‘yicha javobgarlikni shtatlar emas, Kongress chiqarishini qayd etdi.

Bu Trampni saylovlarga qo‘ymaslik bo‘yicha sa’y-harakatlar besamar ketganini anglatadi. 

Xonkandidagi xavfli topilmalar

Ozarboyjonning Xonkandi shahrida armanlardan qolib ketgan qurol-yarog‘lar va o‘q-dorilar topilgan. Bu haqda Ozarboyjon ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Ozarboyjon politsiyasi tomonidan Xonkandi shahrida o‘tkazilgan tadbirlar chog‘ida 13 ta avtomat, 5 ta miltiq, 10 ta zapal, 45 ta avtomat o‘qlari joylanadigan magazin, 1845 ta turli kalibrdagi patronlar va boshqa o‘q-dorilar topilgan.

Xonkandi shahri Qorabog‘ hududida joylashgan. Armanlar Stepanakert deb atab olib, o‘zlarining soxta davlatining poytaxti deb e’lon qilgan bu jafokash shahar arman qurollangan guruhlaridan 2023 yilning sentabr oyida o‘tkazilgan aksilterrorchilik tadbirlari davomida ozod qilingan edi.

Ayni paytda Ozarboyjon Qorabog‘ni va uyerdagi shaharlarni obod qilish yo‘lida juda katta ishlarni boshlagan.

Mavzuga oid