Jahon | 13:44 / 06.03.2024
22212
9 daqiqa o‘qiladi

AQSh Putinni kuzatganmi? Pentagon moliyalashtirgan yangi josuslik dasturi aniqlandi

AQSh maxsus xizmatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin qayerga borganini kuzatgan bo‘lishi mumkin. Bu shov-shuvli ma’lumot The Wall Street Journal sobiq muxbiri Bayron Tauning «Kuzatuv vositasi: AQSh qanday qilib maxfiy texnologiyalar alyansi yordamida kuzatuv tizimini yaratdi» nomli kitobida keltirilgan.

Foto: Mixail Svetlov / Getty Images

Kitobda aytilishicha, 2016 yil AQShdagi PlanetRisk kompaniyasi telefonlar joylashuvini kuzatish imkonini beradigan dastur ishlab chiqadi. Uni «Lokomotiv» deb atashadi. Smartfonlardagi ba’zi ilovalar foydalanuvchilardan geolokatsiya haqida ma’lumotlar so‘raydi. Yuqoridagi kuzatuv dasturi aynan mana shu taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qilish asosida ishlangan.

Pentagon moliyalashtirgan loyiha

Keyinchalik foydasi tegib qolishi mumkin degan umidda Pentagon ushbu kuzatuv startapini moliyalashtiradi. «Lokomotiv» asoschilari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni uning atrofidagi odamlarning telefonlari orqali kuzatishga muvaffaq bo‘lgan. Wired nashri Bayron Tauning shov-shuvli kitobidan ba’zi qismlarini keltirdi. Unda aytilishicha, «Lokomotiv» yordamida har qanday qurilmani kuzatish mumkin.

10 yillar avval ma’lumot izlash bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan IT-konsultant Mayk Yigli tanishuv ilovalaridan birida geolokatsiya orqali foydalanuvchilarga boshqa foydalanuvchilar haqida ma’lumot ko‘rsatilishiga e’tibor qaratadi. Yigli bu ma’lumotlar nafaqat ilova egalariga, balki unga reklama beradigan kompaniya vakillariga ham ma’lumligini aniqlaydi.

Bu algoritmga qiziqib qolgan Yigli hukumat binolari oldida joylashgan telefonlarni kuzatib, bu joylarda qaysi qurilma qaysi vaqtda bo‘lganini ham aniqlash mumkin degan xulosaga keladi.

Yigli telefonlar egasining ruxsatisiz uni kuzatayotganlarga juda ko‘p ma’lumot berishi mumkinligini aytadi. Konsultant qurilma unga o‘rnatilgan ilovalar orqali foydalanuvchi qayerlarda ko‘p vaqt o‘tkazishi, kim bilan uchrashishi haqida ham ma’lumot berishi mumkinligini aniqlaydi.

Shaxsiy ma’lumotlar «bozori»

Bunday ma’lumotlar sotiladigan bozorni jurnalist Bayron Tau shunday ifodalaydi: «iOs yoki Android bazasida har bir qurilma uchun raqam va harflardan iborat maxsus reklama identifikatori bo‘ladi. Ular orqali dunyodagi yirik reklamachi foydalanuvchilar kuzatib boradi».

Texnik jihatdan foydalanuvchi telefonga kiritilgan identifikatsiya raqamini o‘chirib tashlashi mumkin, ammo ko‘pchilik buni tushunmaydi, ba’zilar esa shunchaki qunt qilmaydi.

Bu ma’lumotlar tahlil qilingach, reklama beruvchilar o‘ziga xos auditoriyasini yig‘adi. Keyin onlayn reklama birjasiga borib bu auditoriyani qamrab olish uchun qancha to‘lashini aytadi. Birjalar esa o‘z navbatida ushbu reklama maydonlarini auksionlarda sotishadi.

Yiglining ta’riflashicha, bu juda ko‘p insonlarning geolokatsiyalari haqida ma’lumot izlayotganlar uchun ayni muddao. Ba’zi holatlarda ko‘plab odamlarning joylashuv manzillari pullanadigan bunday auksionda ma’lumotlar nafaqat reklama beruvchilarga, balki Mayk Yigli kabi insonlar qo‘liga ham tushib qolishi mumkin.

Milliy xavfsizlikka tahdid

IT-konsultant bular haqida 2019 yildayoq gapirgandi. U o‘shanda Vashingtondagi hukumat binolariga kirib, geoma’lumotlar ochiq savdolarda paydo bo‘layotgani milliy xavfsizlik uchun jiddiy xavfligini aytib chiqa boshlaydi. U ob-havo ma’lumoti beradigan yoki oddiy o‘yin ilovalarida ham foydalanuvchilar geolokatsiyasi haqida ma’lumotlar borligi, ularni arzon garovga sotib olish mumkinligini aytadi.

Bayron Tauning yozishicha, Mayk Yiglining vazifasi bu uchrashuvlarda faqat vakillarini ogohlantirishdan tashqari, ularga shaxsiy ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjudligini amalda ko‘rsatishdan ham iborat bo‘lgan. Shuningdek, dasturchi uchrashuvlar davomida ushbu ma’lumotlar «kerakli qo‘llarga», masalan maxsus kuchlarga taqdim etilsa, ulardan «to‘g‘ri» maqsadlarda foydalanish mumkinligini aytadi. Mayk Yigli bir necha yil xususiy sektorda ushbu ma’lumotlarni to‘plab, ularni hukumatga yetkazish bilan ham shug‘ullanganini aytgan.

Loyihaga MRB ham qiziqib qoladi

2015 yil Yiglini foydalanuvchilar geoma’lumotlarini to‘plash va tahlil qilish bilan shug‘ullunadigan PlaceIQ kompaniyasi ishga oladi. Avvaliga bu kompaniya geoma’lumotlarni Flickr fotoservisidagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali oladi. Keyin esa kompaniyani Markaziy razvedka byurosining In-Q-Tel venchur bo‘linmasi tomonidan moliyalashtiriladi. MRB kompaniyaning qayta ishlanmagan geomaydondagi ma’lumotlar to‘plash loyihasiga qiziqish bildiradi.

Place IQ kompaniyasidagi faoliyati davomida Yigli to‘playotgan ma’lumotlari hukumat uchun ham foydali bo‘lishi mumkin deb o‘ylaydi. Ammo kompaniya ularni federal tashkilotlarga sotishni istamaydi. Bir yildan keyin Yigli AQSh hukumatiga aloqador PlanetRisk kompaniyasiga o‘tadi.

PlanetRisk'ning ilk loyihasi Suriyadagi qochoqlar oqimi va IShID kuchayib borayotgani bo‘yicha bo‘ladi. PlanetRisk Halabdagi telefonlarning ma’lumotlarini to‘plab, jang hududlarida reklama berilmasa ham qochoqlarning butun dunyo bo‘ylab harakatlanayotganini kuzatish mumkinligini aniqlaydi.

Shundan keyin kompaniya «Lokomotiv» nomini olgan telefonlarni kuzatuvchi loyihaning demoversiyasini ishlab chiqadi. Uni ishlashga 600 ming dollar ketadi va to‘liq Pentagon tomonidan moliyalashtiriladi.

Putinni ham kuzatishgan

Bayron Tauning yozishicha, Suriyadagi telefonlarni kuzatgan PlanetRisk kompaniyasi bir-biridan qiziqarli voqealar va ko‘chishlarga guvoh bo‘lib, bu dastur orqali dunyo yetakchilarini ham kuzatish mumkin degan xulosaga keladi.

Kompaniya Rossiyadagi telefonlar ma’lumotlari orqali mamlakat prezidenti Vladimir Putin qayerlarga borayotganini ham kuzatishga muvaffaq bo‘ladi. PlanetRisk Putinga emas, uning atrofidagilar, xususan, haydovchilari, FSB qo‘riqchilari, personal vakillari va yordamchilariga tegishli apparatlar orqali kuzatuvni amalga oshiradi. Shu tariqa, Amerika kompaniyasi Putin qayerlarga borayotganini aniqlay olgan. Ammo bu ma’lumotlarni AQSh hukumatiga yetkazganmi, yo‘qmi aniq emas.

PlanetRisk amerikalik harbiylar bilan bog‘liq qiziq bir holatga ham duch keladi. Kuzatuv boshida Shimoliy Karolinadagi bazada bo‘lgan harbiylar ko‘p o‘tmay Suriya shimolidagi Kobani shahrida joylashgan tashlandiq sement zavodida paydo bo‘lishadi. Bir necha oy o‘tib AQSh hukumati bu yerda chindan amerikalik harbiylarning IShIDga qarshi kurash uchun mo‘ljallangan maxfiy tezkor bazasi joylashganini tasdiqlaydi.

«Lokomotiv» asoschilariga Pentagon vakillari bilan uchrashuvlar vaqtida amerikalik harbiylar kompaniya geoma’lumotlarini o‘z kuzatuv dasturlariga kiritib olgunga qadar ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha nazoratni kuchaytirish tayinlanadi. Bu uchrashuvdan keyin PlanetRisk kuzatuv dasturining demoversiyasini tijoriy dasturga aylantirib, sotishni rejalashtiradi. Bu Yigliga yoqmaydi. U kompaniya noto‘g‘ri yo‘ldan bormoqda deb hisoblab, ishdan ketadi.

Dasturchi ishdan ketayotganda o‘zi bilan birga kompaniyaga asosiy geolokatsiya yetkazib beruvchi UberMedia'ni ham o‘zi bilan olib ketadi. Bu kompaniya PlanetRisk'ga foydalanuvchilarning ma’lumotlarini mamlakatlar bo‘yicha alohida taqdim etgan. Butun dunyo bo‘ylab yoppasiga to‘plangan ma’lumotlar qancha turishi so‘ralganda esa UberMedia vakillari oyiga bir necha yuz ming dollar deb javob berishadi.

Jurnalist Bayron Tauning qo‘shimcha qilishicha, UberMedia'dagilar mo‘may pul evaziga pullayotgan ushbu ma’lumotlarni har qanday odam sotib olishi mumkin. Rossiya va Xitoy hukumati uchun bu ayniqsa hech qanday muammo tug‘dirmaydi.

Ayni damda amerikalik razvedkachilar «Lokomotiv» nomini VISR (Virtual Intelligence, Surveillance, and Reconnaissance) deb o‘zgartirib, undan faol foydalanishmoqda. Ammo bu dunyodagi geoma’lumotlar bilan ishlaydigan yagona dastur emas. Isroil kompaniyalari allaqachon bu turdagi Insanet, Patternz va Rayzone josuslik dasturlari ishlab chiqib, ularni butun dunyodagi maxsus xizmatlarga sotib keladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Wired nashrida e’lon qilingan ma’lumotlarga munosabat bildirar ekan, Kremlda G‘arb davlatlari uning boradigan joylarini kuzatgani haqida ma’lumot yo‘q ekanini aytdi. «Rossiya maxsus xizmatlari davlat rahbarining xavfsizligini ta’minlash uchun kerakli ishlarni qiladi», degan Peskov.

Mavzuga oid