Jahon | 21:50 / 07.03.2024
14037
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azo chegarasiga bufer zona qurgan Misr, husiychilarning navbatdagi hujumi va Rossiya tahdidi ostida qolgan Moldova - kun dayjesti 

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz. 

 

Falastindagi vaziyat

G‘azodagi tinch aholi ochlik iskanjasida qolib ketayotgan bir paytda Misr G‘azoning janubiy chegaradagi shahri Rafah bilan oraliqda bufer zona yaratmoqda.

Sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan tasvirlardan ko‘rinishicha, Isroil Rafahga hujum qilish niyati borligini e’lon qilgach, Misr bu yerda bufer zonasi yaratgan, chegara oldi hududi buldozerlar bilan tekislangan.

Qayd etib o‘tish kerak, kecha oziq-ovqat va kiyim-kechaklar ortilgan bir nechta yuk mashinalari G‘azo sektorining shimoliy qismiga kiritilgani haqida videotasvirlar tarqatildi. Shuningdek, G‘azoga samolyotlardan parashyutlarda oziq-ovqatlar tashlanmoqda.

Anadolo‘ agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda ochlik tufayli kamida 16 ta bola halok bo‘lgan. G‘azodagi omon qolgan shifoxonalarda resurs yetishmovchiligi tufayli inkubatorlarga ikki-uchtadan chaqaloqlar joylashtirilmoqda. Ushbu tasvirlar Rafahdagi Al-Hilol tug‘uruqxonasida tushirilgan.

Isroilning sobiq bosh vaziri Ehud Olmert isroillik ko‘chkindilar aybsiz falastinliklarning mol-mulkiga o‘t qo‘yayotganini, o‘zlarini esa o‘ldirayotganini ta’kidlagan.

Buni u CNN telekanali jonli efirida chiqish qilgan chog‘ida aytib o‘tgan.

«Bu insonlarning barchasi Isroil hukumati va uning vazirlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu davlat asoslari uchun juda jiddiy xatar», — degan Ehud Olmert. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamanlik husiychilar Adan qo‘ltig‘ida True confidence quruq yuk tashuvchi kemaga raketa hujumi uyushtirdi. Hujum natijasiga kema yonib ketib, cho‘ka boshlagan. Britaniyaning Sanodagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, uch nafar dengizchi halok bo‘lgan. Kamida to‘rt kishi kuyish bilan bog‘liq og‘ir yaralangan. Uch kishi bedarak yo‘qolgan.

Qizig‘i shundaki yo‘q qilingan kemani biror davlat o‘z yurisdiksiyasiga qabul qilishni istamayapti. U Barbados bayrog‘i ostida harakat qilgan.

Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, kema Los Anjyelesda qaror topgan Oaktree Capital Management fondiga tegishli.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kema Liberiyada ro‘yxatga olingan True Confidence Shipping kompaniyasiga tegishli. Uning boshqaruvi bilan Gretsiyaning Third January Maritime firmasi shug‘ullanadi.

Dengiz xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi Ambrey kompaniyasi esa hujumga duchor bo‘lgan balker Amerikaniki ekanini ta’kidlamoqda.

Kemaning egasi 20 nafar ekipaj a’zolari va uch nafar qurollangan soqchilar holati haqida ma’lumotga ega emasligini ta’kidlagan.

Yaman aloqa va informatsion texnologiyalar vaziri Musfar an-Namiyr Yaman suvlariga kirishdan avval kemalar «Ansorulloh» bilan bog‘liq dengiz ishlari departamentidan ruxsatnoma olishi kerakligini ta’kidlagan.

Vazirlik bu borada kemalardan arizalar qabul qilish va litsenziyalar berishda yordam qo‘lini cho‘zishga tayyorligini e’lon qildi va bu chora kemada yuk tashish xavfsizligini ta’minlash uchun qilinayotganini ta’kidlagan. 

Fransiya Moldovaga yordam beradi

Rossiyaning Moldovaga harbiy hujum qilish to‘g‘risidagi mish-mishlar fonida Fransiya Moldovaga harbiy yordam va’da qilmoqda.

Fransiya Moldova bilan mudofaa hamkorligi to‘g‘risida yangi bitim imzolamoqda. U bugun Moldova prezidenti Mayya Sanduning Parijga tashrifi chog‘ida imzolanadi, deb yozadi Reuters.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning devonxonasidan ma’lum qilinishicha, hujjat «Fransiya Rossiyaning Ukrainaga nisbatan istilochilik urushi kontekstida Moldovaning xavfsizligi va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash»ni tasdiqlaydi.

Shuningdek, bugun g‘arb davlatlari bilan Ukraina va Moldovani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish muhokama qilinadigan onlayn konferensiya ham Fransiya tomonidan tashkillashtiriladi.

Moldovaning Dnestrbo‘yi hududi 35 yildan buyon Rossiya nazorati ostida bo‘lib kelmoqda. Qolaversa, Gagauziya hududi ham Rossiyadan yordam so‘rab murojaat qilgan.

Gagauziya yetakchisi Yevgeniya Gutsul kecha Sochida RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan. Bundan so‘ng Moldova bosh prokuraturasi Gagauziya boshqoni ustidan jinoyat ishi sudga oshirilishi ma’lum qilgan.

O‘tgan yilning bahorida Gagauziyada o‘tkazilgan saylovlarda Rossiyaparast «Shor» partiyasidan Yevgeniya Gutsul g‘alaba qozongan edi. Bu partiyani Moldova hukumati shu yilning iyun oyida konstitutsiyaga zid va Rossiya bilan hamkorlik qilmoqda deb topgan edi.

Kishinyov saylov natijalarini tekshirishni boshlagan. Qolaversa, Moldovada ayirmachilik uchun jinoiy javobgarlik ham kuchaytirilgan. 

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Hindiston Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar tufayli «Rosneft» bilan shartnoma imzolashdan bosh tortdi.

«Rosneft» Hindistonning eng yirik neftni qayta ishlash zavodlari bilan sutkasiga 500 ming barrel neft yetkazib berish to‘g‘risida uzoq muddatli shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘la olmagan, deb yozadi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib.

Fevral oyining boshidan buyon olib borilgan muzokaralar natijasiz tugagan. Hindistonning davlatga tegishli Bharat Petroleum va Hindustan Petroleum kompaniyalari Rossiyaning eng yirik neft kompaniyasidan neft xaridi bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni o‘z gardaniga olishni istamagan.

Hindiston neft bozorining yetakchisi davlatga tegishli Indian Oil Corp allaqachon «Rosneft» va «Gazprom neft» bilan 24,5 mln tonna neft xomashyosi sotib olish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomaga ega. Biroq kompaniya 2024 yilda xarid hajmini qisqartirishi kutilmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Mavzuga oid yana bir xabar. Vladimir Putin 17 mart kuni tugaydigan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng «Rosneft» rahbari Igor Sechin va «Gazrom» rahbari Aleksandr Millerni ishdan olishi haqida mish-mishlar tarqalmoqda. 

Tramp yagona nomzodga aylandi

AQSh prezidentligi uchun dastlabki saylovlarda respublikachilarning praymerizida Nikki Heyli prezidentlik poygasidan chiqdi. U partiya ichidagi kurashda Donald Trampning yagona raqibi edi. Ammo Heyli o‘z tarafdorlarini Trampga ovoz berishga undamadi.

Heyli o‘z nomzodini 2023 yil fevral oyida e’lon qilgan edi. U munozaralarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, Donald Tramp nomzodiga muqobilini izlayotgan respublikachilarning e’tiborini tortdi.

Ron DeSantis dastlabki saylovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, Heyli Trampning partiya ichidagi yagona raqibi bo‘lib qolgan edi. Heyli ayrim hududlardagi praymerizlarda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Hatto yuqori cho‘qqida reytingi 20 foizga yetdi.

5 mart, «superseshanba» kuni Heyli 15 shtatdan 14 tasida mag‘lubiyatga uchradi, ammo umumiy g‘alaba uchun nazariy imkoniyatlarni yo‘qotmagan edi. 

Heylining poygadan chiqishi Donald Trampga o‘z qarorgohi va Respublikachilar partiyasi apparati resurslarini birlashtira olishini anglatadi – bu unga Jo Baydenga qarshi kurashda asqatishi mumkin.

Ammo exit-poll natijalariga ko‘ra, praymerizda Heylini qo‘llab-quvvatlagan saylovchilarning taxminan uchdan bir qismi noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovlarda Trampni qo‘llab-quvvatlamoqchi emas. 

Qorabog‘dagi qayta qurishlar

Ozarboyjon 2023 yilning sentabrida o‘ziga qaytarib olgan Xonkandi shahrida arman ayirmachilari tomonidan barpo etilgan «parlament» binosini buzishga kirishdi.

Buzish ishlari Ozarboyjon hukumatining farmoyishi asosida amalga oshirilmoqda.

Dunyoda hech kim, hattoki Armaniston ham tan olmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining «parlamenti» binosi arman ayirmachilarining rejimi tomonidan 1994 yilda qurilgan edi. 2009 yilda bu bino to‘liq rekonstruksiya qilingan.

Ozarboyjon 2020 yildan buyon davom etgan aksilterrorchilik operatsiyalari davomida arman ayirmachilari qo‘lidan Qorabog‘ni to‘liq qaytarib oldi. Endi bu yerni obod qilish, infratuzilma obektlari qurish bo‘yicha katta ishlarni boshlagan.

Mavzuga oid