O‘zbekiston | 17:10 / 07.03.2024
7992
8 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonga islom moliyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatishda davom etamiz” - ITFC direktori

Islom moliyasi – nafaqat foizsiz moliyalashtirish, balki axloqiy me’yorlarni ham nazarda tutadi, deydi Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi ijrochi direktori Xane Salem Sonbol. Uning so‘zlariga ko‘ra, korporatsiya O‘zbekistondagi moliyaviy institutlarning islom banklariga aylanishida va mavjud banklarda islomiy moliya darchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘mak ko‘rsatishga tayyor.

Xalqaro islomiy savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) 2018 yildan buyon O‘zbekistonda savdo-sotiqni rivojlantirish uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu xalqaro moliya instituti O‘zbekistonga 750 mln dollardan ortiq investitsiya ajratgan.

Korporatsiya bosh direktori Xane Salem Sonbol Toshkentga tashrifi davomida Kun.uz'ga bergan intervyusida tashkilotning O‘zbekiston hukumati, markaziy banki va tijorat banklarida islomiy moliya haqida xabardorlikni oshirish hamda savdoni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini aytib o‘tdi.

Janob Sonbol, korporatsiya va uning O‘zbekistondagi faoliyati haqida qisqacha ma’lumot bera olasizmi?

— Xalqaro islomiy savdo korporatsiyasi savdoni moliyalashtirish sohasida xalqaro islom hamkorligiga e’tibor qaratadi. Bu korporatsiya Islom taraqqiyot banki guruhiga kiradi, guruhning savdo bo‘limi hisoblanadi. Biz savdoni moliyalashtirish bilan shug‘ullanamiz, shuningdek, savdoni rivojlantirish dasturlarimiz ham bor.

O‘zbekiston – guruhga a’zo davlat va biz ko‘p jihatdan strategik hamkormiz. Biz O‘zbekistonda anchadan beri ishlaymiz. Bugungi kunga qadar 750 million dollarga yaqin hamkorlik bitimlarini imzoladik. Bu – O‘zbekiston bilan imzolangan birinchi bitim doirasida bo‘ldi. Bugun esa yana bir hamkorlik shartnomasini imzoladik. Umid qilamanki, u ham birinchisi kabi muvaffaqiyatli bo‘ladi.

Biz, albatta, o‘z sa’y-harakatlarimizni nafaqat hukumatni, balki xususiy sektor va moliya institutlarini ham qo‘llab-quvvatlashga qaratdik. O‘zbekistondagi ko‘plab moliya institutlari bilan ishlaganmiz. Shuningdek, biz maslahat xizmatlarini taqdim etdik. Islomiy moliyalashda biz O‘zbekiston rasmiylariga korporatsiyani qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Hozirda yangi hamkorlik shartnomasi bo‘yicha portfelni diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqdamiz va umid qilamizki, portfelga yangi sektorlar kirib kelishadi.

Korporatsiya shariat qonunlari asosida savdo-moliya operatsiyalarini amalga oshiradi, bu nima degani va u nimalarni o‘z ichiga oladi?

— Ha, bilasizki, islomiy moliya haqiqatan ham insoniyatga xizmat qiladigan bir qancha ustunlarga e’tibor qaratadi va bu nafaqat foizsiz moliyalashtirish, balki u ko‘proq islomiy moliya talab qiladigan axloqiy sohalarni qamrab oladi. Biz islom banki mexanizmlari va islomiy moliyalashtirish mexanizmlari haqida ko‘proq xabardor bo‘lishlari uchun O‘zbekistondagi moliya institutlarini qo‘llab-quvvatladik. Chunki tushundikki, moliyaviy institutlar orasida haqiqiy konvertatsiya qilish yoki shu turdagi moliyalashtirishga qaratilgan darchalarga ehtiyoj bor.

Shunday qilib, boshida aytganimdek, biz hamkorlik qilgan barcha banklar bilan katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Shuningdek, hukumat va markaziy bank xodimlarining xabardorligini oshirmoqdamiz, raqamli texnologiyalarni, islomiy moliyalashtirish yoki islom bankini targ‘ib qilish bilan bog‘liq o‘qitish va ta’limni yaxshilashga harakat qilmoqdamiz.

Korporatsiya 2023 yil oxiriga qadar O‘zbekistonga bo‘lgan investitsiyalarini 700 million dollargacha oshirishni rejalashtirgan edi. Ushbu maqsadga erishildimi?

— Biz allaqachon 750 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni tasdiqladik. Biz, aytganimdek, birinchi doiraviy bitimni imzolaganimizdan haqiqatan ham mamnun bo‘ldik va uni juda yaxshi amalga oshirdik. Shartnomani imzolash chog‘ida biz 500 million dollar qiymatidagi maqsadlarni belgiladik va bu haqiqatan ham O‘zbekistonda korporatsiyamiz mahsulotlariga bo‘lgan real talabni aks ettiradi.

Yangi kelishuv qayerda yaxshi ish berishi mumkinligini ko‘rishni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Portfelimizni iloji boricha diversifikatsiya qilishni xohlaymiz.

O‘tgan yil korporatsiyaning savdo va moliya bo‘yicha boshqaruvchisi O‘zbekistonga tashrif buyurganda, oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida kelishuvga erishilgani haqida gapirilgan edi. Bu kelishuvning mazmunini tushuntirib bera olasizmi?

— Ma’lumki, Kovid-19dan keyin yuzaga kelgan oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi, shuningdek, Yevropadagi geosiyosiy muammolar tufayli biz a’zo mamlakatlarni qo‘llab-quvvatladik. Kovid a’zo mamlakatlarning oziq-ovqat ta’minotiga juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Bizda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ko‘plab dasturlar mavjud bo‘lib, biz a’zo mamlakatlarni haqiqatan ham zarur mahsulotlar bilan ta’minlashga harakat qilamiz va o‘tmishda biz bu mintaqada, ayniqsa, O‘zbekiston, Misr, Senegal va boshqa mamlakatlarda juda yaxshi natijalarga erishdik. Biz uchun, yuqorida aytganimdek, bu ustuvor vazifa.

Korporatsiya ushbu tashrif davomida qanday kelishuvlarga erishishni maqsad qilgan?

— Albatta, bugun ertalab biz iqtisodiyot va moliya vaziri bilan ramziy shartnoma imzoladik. Shuningdek, bizda Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasidan, boshqa opa-singil tashkilotlardan kelgan delegatsiyalar ham bor. Katta delegatsiyamiz shu yerda. Turli banklar bilan bir qator huquqiy kelishuvlar imzolashni ham ko‘zda tutmoqdamiz.

Sizningcha, O‘zbekiston shariat prinsiplariga asoslangan savdo moliyalashtirishni osonlashtirish uchun qanday o‘zgartirishlar qilishi kerak?

— Islomiy moliya bo‘yicha biz chindan ham xabardorlikni oshirishni va turli rivojlanish rejalari ishtirokchilarini o‘qitishni davom ettirishimiz kerak. Ular islom bank sohasi haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun ularning xabardorligini oshirish zarur. ITFC O‘zbekistonni ushbu muhim yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, kerak bo‘lsa ta’lim kurslari va qayta aloqalar taqdim etiladi, ayniqsa moliyaviy institutlarni islomiy banklarga aylantirish yoki islomiy bank sohasida alohida darchalar ochish uchun doimo yordam beramiz. Ammo kelajak bosqichi uchun menimcha, biz shunday intervensiyalar ko‘rsak, O‘zbekistonda bu borada xabardorlik va bilimlar shakllanadi, deb umid qilamiz.

Korporatsiya yangi Markaziy Osiyo savdo aloqasi dasturini boshlayapti. Shu haqda qisqacha gapirib bering, bu qanday dastur?

— Bu – ITFC'ning eng muhim dasturlaridan biri, Markaziy Osiyo uchun savdo aloqasi dasturi yoki biz buni TCC Plus deb ataymiz. Bu Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida integratsiyani rag‘batlantirishga va mamlakatlar o‘rtasidagi ichki savdoni kuchaytirishga hamda ko‘proq sarmoyalar jalb qilishga xizmat qiladigan maxsus dastur. Biz dasturni ushbu mintaqa ehtiyojlariga moslashgan holda loyihalashtirdik, chunki hisob-kitoblarimiz bo‘yicha bu yerda ochilishi kerak bo‘lgan katta imkoniyatlar bor.

May oyida ushbu dasturni ishga tushirishni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Ushbu dastur mintaqa uchun ITFC tomonidan resurslar jalb qilinadigan sa’y-harakatlardan biri bo‘ladi. Bu dastur boshqa xalqaro tashkilotlardan hamkorlarni va boshqa moliyaviy institutlardan qo‘shimcha moliyaviy ko‘makni jalb qilishga yordam beradi.

Qo‘shimcha izohlaringiz bo‘lsa, marhamat.

— Suhbatga taklif etganingiz uchun minnatdorman. Har safar bu yurtga kelganimda, uning tez rivojlanayotganini ko‘rib, juda xursand bo‘laman. O‘zbekiston xalqiga farovonlik va barcha yaxshiliklarni tilab qolaman.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid