Robert Xabek AQShning Ukrainaga yordami bo‘yicha to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi
G‘arbning Ukrainaga ko‘magi zaiflashmasligi kerak, dedi Germaniya Iqtisodiyot vazirligi rahbari. Kiyevga yordam Yevropadan ham, AQShdan ham kelishi lozim, dedi Xabek.
Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Xabek AQShga tashrifi chog‘ida Amerikaning Ukrainaga yordami bo‘yicha to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi. «Germaniya Rossiya agressiyasiga uchragan davlatdan o‘zini qarzdor deb hisoblaydi va o‘z so‘zini bajaradi. G‘arb erkin dunyosi tomonidan qo‘llab-quvvatlash susaymasligi kerak. Ishonchim komilki, AQSh ham xuddi shunday pozitsiyada», - dedi u 7 mart, payshanba kuni AQSh moliya vaziri Janet Yyellen bilan Vashingtondagi uchrashuvda.
«Ukrainani qo‘llab-quvvatlash Yevropadan kelishi kerak, u Qo‘shma Shtatlardan bo‘lishi kerak. Shuning uchun tez artilleriya ishlab chiqarish, harbiy yordam va mamlakatni tiklash uchun pul topish lozim», - deya ta’kidladi AQShda uch kunlik tashrif bilan bo‘lgan Xabek.
O‘z navbatida, Yyellen AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonni respublikachilar tomonidan bloklangan Ukrainaga 60 milliard dollarlik harbiy yordam paketini ma’qullashga chaqirdi. Respublikachilar buning evaziga AQShning Meksika bilan chegarasini himoya qilish choralarini kuchaytirishni talab qilmoqda.
Rossiya mulklarini musodara qilish
Robert Xebek amerikalik siyosatchilarning Rossiya Ukrainaga hujumi ortidan muzlatilgan Rossiya Markaziy banki aktivlaridan kengroq foydalanish haqidagi chaqiriqlarini rad etib, Yevropada bunday qadam AQShdagidan farqli natijalarga olib kelishini tilga oldi. Gap Yevropa valutasining barqarorligi haqida bormoqda, deya tushuntirdi u.
Shu paytgacha Yevropa davlatlari faqat Rossiya aktivlaridan tushgan foyda foizlarini musodara qilishga tayyorligini bildirgan. Buning sababi, agar Rossiya aktivlari musodara qilinsa, boshqa mamlakatlar ham o‘z mablag‘larini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi va obligatsiyalarning ommaviy chiqarib olinishi yevro barqarorligiga putur yetkazishi ehtimolidan xavotirlanishdir.
Janet Yyellen Ukrainaning Germaniya va Yevropa tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini, shuningdek, Rossiyaga qarshi YeI sanksiyalarini olqishladi. «Shu bilan birga, Rossiya harbiy amaliyotlarni davom ettirish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlarni qo‘lga kiritmasligi uchun biz hushyor bo‘lishimiz kerak. Sanksiyalarni amalga oshirish uchun sanoat va moliya sektori bilan yaqinroq hamkorlik qilish zarur», - dedi AQSh moliya vaziri.
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024