Jahon | 08:46 / 11.03.2024
8834
2 daqiqa o‘qiladi

OAV Rossiya harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘zgargani haqida xabar tarqatdi

Rossiyadagi bir qancha OAV Rossiya Harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni Nikolay Yevmenov iste’foga chiqqani haqida xabar tarqatdi. Nashrlarga ko‘ra, uning o‘rnini bu lavozimda Shimoliy flot qo‘mondoni, admiral Aleksandr Moiseyev egallaydi.

Foto: mil.ru

Rossiya Harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni admiral Nikolay Yevmenov ishdan bo‘shatildi, deb xabar bermoqda Rossiyaning «Fontanka» va «Izvestiya» nashrlari 10 mart, yakshanba kuni o‘zining xabardor manbalariga tayanib. 

Ushbu OAV ma’lumotiga ko‘ra, Shimoliy flot qo‘mondoni Aleksandr Moiseyev harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. 

Rasmiy ravishda, Rossiya Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibdagi o‘zgarishlar haqida xabar bermadi. 

Yevmenov Moiseyevga almashtirilgani haqidagi ma’lumotni Ura.ru agentligiga Qora dengiz flotining sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi admiral Vladimir Komoyedov tasdiqladi. «Ha, bu ishonchli ma’lumot. Men bu haqda bilaman. Bu haqda keyinroq xabar qilinadi deb o‘ylayman», dedi u agentlik jurnalisti bilan suhbatda. Komoyedov bu ma’lumot unga yigirmata manbadan xabar qilinganini bildirdi. 

Nikolay Yevmenov 2019 yil may oyidan beri Harbiy-dengiz floti qo‘shinlarini boshqarib kelgan. 

Oxirgi oylarda Rossiya Ukraina dengiz uchuvchisiz uchoqlarining hujumlari tufayli ketma-ket bir necha Qora dengiz floti harbiy kemalarini yo‘qotdi. Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 5 mart kuni «Sergey Kotov» patrul korveti yo‘qotilganidan keyin Rossiya harbiy kemalari Qora dengizda jangovar navbatchilik qilishni to‘xtatgan. 

Mavzuga oid