Jahon | 11:55 / 12.03.2024
4415
4 daqiqa o‘qiladi

Bayden 2025 yilgi budjet loyihasini taqdim etdi

AQSh prezidenti tomonidan kelasi moliya yili uchun taqdim etilgan budjet loyihasida mudofaaga 850 milliard dollar ajratilgan, xarajatlar esa Ukraina uchun «muhim yordam»ni o‘z ichiga olmaydi.

Foto: Leah Millis / Reuters

Oq uyda ikkinchi muddatga saylanmoqchi bo‘lgan AQSh prezidenti Jo Bayden saylov kampaniyasi o‘rtasida 2024 yil 1 oktyabrdan boshlanadigan 2025 moliya yili uchun budjet loyihasini taqdim etdi. U mudofaa va milliy xavfsizlik uchun 895 milliard dollar so‘ragan (bir yil avvalgidan 1 foizga ko‘p), shundan 850 milliard dollari Mudofaa vazirligiga yo‘naltirilishi kerak, deyiladi 11 mart, dushanba kuni prezident ma’muriyati e’lon qilgan hujjatda.

Mudofaa xarajatlarining nisbatan kichik o‘sishi 2023 yilda erishilgan ikki yillik murosaga bog‘liq. Xususan, Lockheed Martin tomonidan ishlab chiqarilgan F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olish xarajatlarini kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bu rejalar Kongressda muhokamalarga olib kelishi kutilmoqda, natijada mudofaa budjeti 900 milliard dollardan oshadi, deya qayd etadi Reuters.

Boshqa narsalar qatorida, budjetda NATO ittifoqchilari va «boshqa Yevropa hamkorlarini» qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda, biroq Kongress o‘tgan oktyabr oyida Kiyevga yordam uchun qo‘shimcha moliyalashtirishni tasdiqlashdan bosh tortgani uchun «Ukrainani muhim qo‘llab-quvvatlash» masalasiga taalluqli emas.

Budjetda 7,3 trln dollarlik xarajatlar nazarda tutilgan

Budjet Hind-Tinch okeani mintaqasida va global miqyosda tiyib turish choralari, doimiy tahdidlarga qarshi turish, yadroviy tiyib turish vositasini modernizatsiya qilish, AQSh dengiz floti modernizatsiyasi va harbiy-havo kuchlarini kuchaytirish, kiberxavfsizlikni o‘z ichiga oladi. 

Umuman olganda, 2025-moliya yili budjeti 7,3 trillion dollarlik xarajatlarni o‘z ichiga oladi va kompaniyalar uchun korporativ soliqni 21 foizdan 28 foizga oshirishni, shuningdek yiliga 400 ming dollardan ortiq daromad oladigan odamlar uchun soliqni ko‘paytirishni, bolali oilalar, past va o‘rta daromadli odamlar uchun soliq imtiyozlarini o‘z ichiga oladi. 

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson budjet loyihasini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda «o‘ylanmagan sarf-xarajatlar» va «moddiy javobgarlikka beparvolik» aks etgan.

Baydenning Kongressdagi nutqi

Kelgusi moliya yili uchun budjet loyihasi bo‘lajak prezidentlik saylovlarida demokrat nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lgan Bayden Kongressda nutq so‘zlaganidan bir necha kun o‘tib taqdim etildi. Unda u yana saylovdagi raqibiga aylanishi kutilayotgan Donald Trampni keskin tanqid qilgan. U o‘z nutqini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan boshladi, so‘ngra Rossiya bilan qarama-qarshilik, NATOning kuchayishi, Yaqin Sharqdagi mojaro va AQShning ichki muammolari haqida gapirdi.

Ayni paytda, AQSh Kongressi 2023 yilning kuzidan beri Ukrainaga keyingi harbiy yordam paketini qabul qila olmayapti. Bunga, jumladan, AQShning Meksika bilan chegarasida nazoratni kuchaytirish choralari atrofidagi kelishmovchiliklar, shuningdek, joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar sabab bo‘lyapti.

Mavzuga oid