O‘zbekiston | 13:19 / 12.03.2024
7501
3 daqiqa o‘qiladi

Maktablarga kompyuterlar xarid qilishda salkam 1 mlrd so‘m talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi

2021-2022 yillarda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tomonidan 919,4 mln so‘m talon-toroj qilinishi natijasida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida xarid qilingan elektron vositalar joylarga yetib bormagan.

Foto: Kun.uz

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tomonidan 2021-2022 yillar mobaynida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida respublika budjeti hisobidan xarid qilingan kompyuter va boshqa vositalar Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘ra, yetkazib berilgan kompyuterlarning texnik xususiyatlari o‘rganilganida shartnomada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmagani aniqlangan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borib, bir nechta holatlarni aniqlagan.

Unga ko‘ra, “O‘quv ta’lim-ta’minot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha elektron vositalar yetkazib berilmagan va jami 919 mln 360 ming so‘m miqdordagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Hozirda holat yuzasidan boshqarma tomonidan “O‘quv ta’lim-ta’minot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (hokimiyatni yoki mansab vakolatini juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘z izohida bu 2021 yildagi holat ekaniga e’tibor qaratdi. Vazirlikning eslatishicha, 2021 yil oxirida Xalq ta’limi vazirligi o‘rniga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etilgan. “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tugatilib, “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tashkil etilgan.

Mavzuga oid