Prezident Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga e’tibor qaratmagan va pastga tushib ishlamagan rahbarlarni tanqid qildi
Prezident Sayxunobod tumanidagi yig‘ilishda joylardagi rahbarlar Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga e’tibor qaratmagani, shuning uchun Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilganini aytib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga tashrif buyurib, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.
Davlat rahbari nega aynan shu tumanga kelganini izohladi.
Sayxunobod aholisi yaxshi yashashga, daromadli bo‘lishga, bolalarini o‘qitishga intilayotgani, lekin tumandagi og‘ir iqtisodiy ahvol bunga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.
Tadbirkorlik, bandlik, kambag‘allikdan chiqarishga katta-katta mablag‘lar ajratilayotganiga qaramay, Sayxunoboddagi 19 ta mahallada yashaydigan 83 ming aholini qanchasiga bu imkoniyatlar yetib borayapti, degan savol ochiq qolmoqda.
Shuning uchun bugungi yig‘ilish tomorqa va uy xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishda nafaqat Sayxunobod, balki butun mamlakatimiz uchun tub burilish yasaydi.
Joylardagi va respublika darajasidagi rahbarlar Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga e’tibor qaratmagani, pastga tushib ishlamagani, faqat yig‘ilish o‘tkazish bilan cheklangani tanqid qilindi.
Misol uchun, tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor, kambag‘allik darajasi – 14 foiz, mahalliy budjet tushumi 27 milliard so‘m, xarajati 67 milliard so‘m.
«Bir so‘z bilan aytganda, Sayxunobodda tadbirkorlik o‘smayapti, Yangi O‘zbekiston nafasi sezilmayapti», dedi davlat rahbari.
Shu bois, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, o‘rniga zamonaviy rahbarlar qo‘yilgani ta’kidlandi.
- Eslatib o‘tamiz, 11 mart kuni Sayxunobod tumani hokimi Anvar Karimov ishdan olinib, uning o‘rniga Komiljon Mullajanov tuman hokimi etib tayinlangandi. Karimov 2019-2023 yillarda Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2023 yil davomida avvaliga yarim yildan oshiq vaqt davomida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, avgust oyida qishloq xo‘jaligi vaziriga o‘rinbosar etib tayinlangan, noyabr oyidan buyon Sayxunobod tumani hokimi edi.
- Shuningdek, Abdurahim Umarov Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagandi. U bu lavozimda 2023 yil aprelidan buyon ishlab kelgan Rahimjon Boboyev o‘rnida ish boshlagandi.
Mavzuga oid
12:37 / 05.11.2024
Sirdaryoda buvi va nevara qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi
13:10 / 06.10.2024
Antikorrupsiya agentligi: Sirdaryo viloyatida 5 nafar hokim korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan
13:20 / 29.09.2024
Sirdaryoda Guliston Suv inshootlari boshqarmasi yer kadastri bo‘lim boshlig‘i ushlandi
10:43 / 25.09.2024