Jahon | 15:52 / 14.03.2024
5228
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainaga harbiy yordam uchun 5 mlrd yevro ajratishga kelishib oldi

Yevropa Ittifoqi davlatlari joriy yilda Ukrainaga harbiy yordam uchun 5 milliard yevro sarflashga kelishib oldi. Kelishuv 18 mart kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari tomonidan tasdiqlanishi kerak. 

Foto: Lukasz Kobus/European Commission

Yevropa Ittifoqi davlatlari bir necha oylik muhokamalardan so‘ng 2024 yilda Ukrainaga kamida 5 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda 13 mart, chorshanba kuni yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Belgiya hukumati ma’lum qildi. 

Bu «Ukraina o‘zini Rossiyadan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qurol va o‘q-dorilarni olishini» ta’minlashi kerak, deyiladi bayonotda. Qaror Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari tomonidan 18 mart kuni Bryusselda o‘tkaziladigan yig‘ilishda ma’qullanishi lozim. 

Xabar qilinishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari Yevropa tinchlik fondini (EPF) isloh qilish va uning hajmini oshirishga kelishib olgan. EPF mablag‘lari hisobidan Yevropa davlatlari Ukraina uchun harbiy tovarlarni birgalikda sotib olishni moliyalashtirishi va Kiyevga ikki tomonlama asosda ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun qisman tovon puli olishi mumkin. 

Germaniya va Fransiya talablari 

Germaniya va Fransiyaning talablari tufayli muzokaralar cho‘zilib ketdi. Mamlakatlarning EPF’ga hissasi Ukrainaga ikki tomonlama harbiy yordam yarmini hisobga olgan holda amalga oshirilishiga qaror qilinganidan keyin Germaniya hukumati kelishuvni qo‘llab-quvvatladi. Yevropa Ittifoqining eng yirik iqtisodiyoti sifatida Germaniya fonddagi ulushi 25 foizni tashkil qiladi. Berlin o‘z talabini Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam ko‘pincha Yevropa tuzilmalariga qaraganda tezroq va samaraliroq bo‘lishi bilan oqladi. Germaniya joriy yilda Ukrainaga 7 milliard yevrolik qurol-yarog‘, o‘q-dori va jihozlar yetkazib berishga va’da berdi. 

Fransiya, o‘z navbatida, EPF mablag‘lari harbiy tovarlarni faqat Yevropa ishlab chiqaruvchilaridan sotib olishga sarflanishini ta’minlashga harakat qildi, chunki ular, Parijda ta’kidlaganidek, «ishlab chiqarishni kengaytirish uchun uzoq muddatli buyurtmalarga muhtoj». Natijada, Yevropa kompaniyalari buyurtmalarni ustuvor tarzda qabul etishiga qaror qilindi. Agar ular mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib bera olmasa, qurol sotib olish Yevropa Ittifoqidan tashqarida, masalan, AQSh yoki Janubiy Koreyada amalga oshirilishi mumkin.

Yevropa tinchlik jamg‘armasi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanishidan oldin tuzilgan va uning hajmi 2021 yildan 2027 yilgacha bo‘lgan davrda atigi 5 milliard yevroni tashkil qilgan. Urush boshlanganidan keyin jamg‘arma hajmi 12 milliard yevroga ko‘tarildi, uning mablag‘larining 5,6 milliardi Ukrainaga yordam berish uchun ajratildi. 

Mavzuga oid