AQSh Senatidagi demokratlar yetakchisi: Netanyahu ketishi lozim, Isroilga yangi saylovlar kerak
AQSh Senatida ko‘pchilikni tashkil etuvchi demokratlar yetakchisi Chak Shumer bosh vazir Binyamin Netanyahuni almashtirish uchun Isroilda muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.
Nufuzli amerikalik senatorning fikricha, Isroil va AQShning qachonlardir barqaror va do‘stona bo‘lgan ittifoqida xavfli yoriqlar paydo bo‘lmoqda.
«Demokratik mamlakat sifatida Isroil o‘z yetakchilarini tanlash huquqiga ega, — degan Shumer, — va biz soqqalar qanday tepilgan bo‘lsa shunday tushishiga yo‘l qo‘yishimiz kerak».
Chak Shumer Netanyahuning G‘azodagi urushga yondashuvini keskin tanqid ostiga olib, uni «tinchlik yo‘liga to‘siq» deb atagan.
U Netanyahu G‘azodagi tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlarga panja orasidan qaragani, bu esa Isroilning dunyoda dastaklanish darajasini tarixiy past darajaga tushirishini ta’kidlagan. Isroil agar e’tibordan qolsa, yashab qololmaydi, degan Chak Shumer.
«Netanyahuning koalitsiyasi 7 oktyabrdan keyin Isroilning talablariga ortiq javob bera olmaydi. Dunyo tubdan o‘zgardi, Isroil xalqi esa miyasi o‘tmishda qotib qolgan hukmron koalitsiya tomonidan ezilmoqda», — degan senator.
Shumerga ko‘ra, mojaroni hal qilishning yagona usuli ikkita davlat tashkil qilish.
«Isroil bilan yonma-yon, xavfsiz, gullab-yashnab va teng sharoitlarda yashovchi qurolsizlantirilgan Falastin davlati bo‘lishi kerak», — degan Shumer. Senatorning qayd etishicha, Netanyahu Falastin davlatchiligi g‘oyasini rad etib, Isroilning ham kelajagini xavf ostida qoldirmoqda.
«Isroilning kelajagi borasida yangi muhokamalarni boshlash lozim, — deya qo‘shimcha qilgan u. – Mening fikrimcha, buning eng yaxshi yo‘li yangi saylovlar o‘tkazishdir».
Isroildagi keyingi umummilliy saylovlar 2026 yil oktyabriga mo‘ljallangan.
«Isroil — banan respublikasi emas»
Shumer - Amerika hukmron elitasidagi eng martabali etnik yahudiy hisoblanadi.
Uning Netanyahu izdan chiqib ketgani haqidagi ochiq bayonoti G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha Isroil rahbariyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilishdan qochishga harakat qilayotgan boshqa amerikalik siyosatchilar ritorikasidan keskin farqlanadi.
Shumer Senatdagi 25 yillik faoliyati mobaynida Isroil siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ammo Isroilning G‘azodagi amaliyoti ko‘p sonli qurbonlarga olib kelishi, uning fikricha, Isroilni nazardan qolish xavfini yuzaga keltirdi, chunki bosh vazir Binyamin Netanyahu «o‘zining siyosiy tirikligini mamlakat manfaatlaridan ustun qo‘ydi».
Shumerning so‘zlariga ko‘ra, Isroil rahbariyati G‘azodagi tinch aholini yaxshiroq himoya qilish choralarini ko‘rish orqali o‘z yo‘nalishini imkon qadar tezroq to‘g‘rilashi kerak.
Bunga javoban Isroil hukumati senatorga tanbeh berishga shoshildi: Netanyahu boshchiligidagi «Likud» partiyasi Shumerga «Isroil banan respublika emasligi», bosh vazir siyosati «aholining ko‘pchilik qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi»ni eslatdi.
«Biz senator Shumer Isroilning demokratik saylangan hukumati manziliga hurmat ko‘rsatishi va uning nufuziga putur yetkazmasligini kutamiz», — deyiladi partiya rahbariyati tomonidan bildirilgan bayonotda.
Isroilning Vashingtondagi elchisi Mixael Hersog ham Shumerning so‘zlarini qoralab, tvitter sahifasida «demokratik ittifoqchining ichki siyosiy sahnasi»ni sharhlash nafaqat foydasiz, balki teskari natija beradigan harakat ham ekanini qayd etdi.
Yaqin Sharqdagi keskinlikning navbatdagi bosqichi 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS harakati a’zolari Isroilga hujum qilib, 1200 nafar atrofidagi insonni o‘ldirishi va 250 ga yaqin kishini garovga olishi ortidan boshlandi.
AQSh Isroilning yaqin ittifoqchisi va ushbu mamlakatga eng ko‘p yordam yetkazib beruvchi sifatida qolayotgan bo‘lsa-da, Amerika ma’muriyatida Isroil qanday vositalar bilan urush olib borayotgani bo‘yicha xavotir kuchaymoqda.
Prezident Baydenning o‘zi ham so‘nggi vaqtlarda yanada balandroq ovozda Isroilni anklav sohiliga «hech qanday shartlarsiz» muntazam ravishda insonparvarlik yordami yetkazib berishni ta’minlashga chaqirmoqda.
Ammo Oq uy Shumerning so‘nggi so‘zlariga qo‘shilmayapti.
AQSh prezidenti matbuot kotibi Jon Kirbi Senat yetakchisi albatta, o‘z fikrini bildirishga haqli ekani, ammo umuman olganda, Amerika ma’muriyati rasmiylari mamlakatni mudofaa qilishda Isroil bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
HAMAS nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon sektor hududida 30 ming atrofidagi falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksarini ayollar va bolalar tashkil etadi.
Isroil maxsus amaliyoti qurbonlari soni amalda bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki jabrlanuvchilar statistikasiga faqat tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar kiradi, shu bilan birga, Isroil aviazarbalari oqibatida minglab kishilar vayronalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, o‘tgan yakshanba kuni Netanyahu qurbonlar soni bo‘yicha falastinlik rasmiylar e’lon qilgan ma’lumotlarga qo‘shilmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil kuchlari HAMASning sektor hududida yashirinib yotgan 13 ming a’zosini yo‘q qilgan.
Isroil rasmiylari baholariga ko‘ra, tinch aholi va harbiylar o‘rtasidagi qurbonlar nisbati 1 ga 1,5 ko‘rinishida.
Mavzuga oid
12:00
Isroilning yangi mudofaa vaziri: «Hizbulloh» mag‘lub etib bo‘lindi
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
17:32 / 08.11.2024