Xorvatiya parlamenti o‘zini tarqatib yuborishga qaror qildi
Xorvatiya saboriga saylovlar may oyining o‘rtalariga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tanqidchilarga ko‘ra, bosh vazir o‘z partiyasi mashhurligini yo‘qotishidan qo‘rqib, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazmoqchi.
Xorvatiyada bo‘lajak parlament saylovlari arafasida mamlakatning bir palatali parlamenti – Xorvatiya saborini tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda 14 mart, payshanba kuni spiker Gordan Yandrokovich ma’lum qildi.
«143 ta ovoz bilan biz Xorvatiya parlamentini tarqatib yuborishga qaror qildik», dedi Yandrokovich ovoz berish natijalarini sarhisob qilar ekan. Saborning yangi tarkibi aprel oyi oxiri - may oyi boshlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan saylovlarda aniqlanadi. Saylovlar sanasini Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich tasdiqlashi kerak. Yevropa Ittifoqida 6-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Yevroparlamentga saylovlar oldidan barcha tartib-qoidalar yakunlanishi kutilmoqda.
Sabor munozarali qonunni qabul qildi
Parlamentni tarqatib yuborish tashabbusi Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich tomonidan ilgari surilgan. Tanqidchilarning aytishicha, Plenkovich muddatidan oldin saylov o‘tkazishga qaror qilgan, chunki u o‘zining «Xorvatiya demokratik ittifoqi» partiyasi keyinchalik mashhurligini yo‘qotishidan xavotirda. Dastlab, Xorvatiyada parlament saylovlari kuzda bo‘lib o‘tishi kerak edi.
O‘z navbatida, 14 mart kuni sabor sud tergovi ma’lumotlarini jurnalistlarga yetkazgan xabar beruvchilarga nisbatan jazo choralarini nazarda tutuvchi munozarali qonunni qabul qildi. Muxolifatning fikricha, bu qonun Plenkovichga yaqin bo‘lgan korrupsion siyosatchilarni yashirishga qaratilgan.
Xorvatiyada avvalgi parlament saylovlari 2020 yil 5 iyulda bo‘lib o‘tdi. «Xorvatiya demokratik ittifoqi» partiyasi unda g‘alaba qozonib, 66 o‘ringa ega bo‘ldi. Sotsial-demokratik partiya qoshidagi «Qayta uyg‘onish» muxolifat alyansi saborda 41 o‘rin oldi.
Mavzuga oid
23:01 / 06.11.2024
Qatar aholisi parlament saylovlaridan voz kechishga ovoz berdi
23:25 / 04.11.2024
Gurjistonda minglab odamlar parlament saylovlari natijasiga qarshi mitingga chiqdi
19:06 / 29.10.2024
Gurjistonda ommaviy norozilik ortidan saylovdagi ovozlar qayta sanaladi
11:10 / 28.10.2024