YeI parlamenti Kiyev va Kishinyov bilan erkin savdo rejimini uzaytirdi
Yevroparlament a’zolari Ukraina va Moldova bilan bojsiz savdo rejimini 2025 yil 5 iyungacha uzaytirishni ma’qulladi.
Yevroparlament Ukraina va Moldova bilan bojsiz savdo rejimini yana bir yilga uzaytirdi. 13 mart, chorshanba kuni Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga eksport qilish bo‘yicha import bojlari va kvotalar to‘xtatilishi uchun 347 deputat ovoz berdi, 117 deputat qarshi chiqdi, 99 deputat esa betaraf qoldi. Mazkur qarorga ko‘ra, imtiyozli savdo rejimi 2025 yil 5 iyungacha davom etadi.
Qonun, shuningdek, yangi shartlarni o‘z ichiga oladi: u Yevropa komissiyasiga Ukraina importi tufayli Yevropa Ittifoqi bozorida sezilarli darajada uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda favqulodda choralar ko‘rish vakolatini beradi, shu jumladan «ayniqsa sezgir» qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan parranda go‘shti, tuxum, shakar va boshqalarga favqulodda cheklovlar ko‘zda tutiladi. Agar ushbu mahsulotlar importi 2022 va 2023 yillardagi o‘rtacha hajmdan oshsa, boj to‘lovlari qayta joriy etiladi, deyiladi qarorda.
Yevrodeputatlar, shuningdek, savdo-sotiqni erkinlashtirish chora-tadbirlari Ukrainada demokratik tamoyillar, inson huquqlari, qonun ustuvorligi hamda korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlarga bog‘liqligini ta’kidladi.
Moldova uchun alohida ovoz berildi
Yevroparlament alohida ovoz berish jarayonida Moldovadan kelgan mahsulotlarga nisbatan qo‘llanadigan barcha bojxona va import bojlarini yana bir yilga to‘xtatib turishni qo‘llab-quvvatladi.
Keyingi qadam reglamentni Yevropa Ittifoqi kengashida tasdiqlash bo‘ladi, u Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Ukrainaning YeI bilan erkin savdosi va fermerlar noroziligi
Yevropa Ittifoqi-Ukraina assotsiatsiyasi kelishuvi, jumladan chuqur va keng qamrovli erkin savdo hududi Ukraina kompaniyalariga 2016 yildan beri Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli kirish imkonini berdi. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi ortidan YeI 2022 yil iyunidan boshlab barcha Ukraina tovarlari Yevropa bozoriga bojsiz kirishini ta’minlovchi avtonom savdo choralarini joriy qildi.
O‘shandan beri Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mahalliy bozorlarga kirishiga qarshi fermerlar noroziligi bir necha to‘lqinlari Ukrainaga qo‘shni mamlakatlarda kuzatildi, Yevropa komissiyasi importni cheklash va mamlakatlarga tovon puli to‘lash uchun vaqtinchalik favqulodda choralar ko‘rdi. 2024 yil 31 yanvarda Yevrokomissiya Rossiya Ukraina oziq-ovqat sanoati, shuningdek, daryo va dengiz transporti infratuzilmasiga hujum qilayotgani fonida Ukraina va Moldova bilan bojsiz rejimni yana bir yilga uzaytirishni taklif etdi.
Bryussel ma’lumotlariga ko‘ra, YeIning Ukrainadan jami importi 2022 yil oktyabridan 2023 yil oktyabrigacha 24,3 milliard yevroni tashkil qilgan. 2021 yilda ko‘rsatkich 24 milliard yevroga yetgandi.
Mavzuga oid
11:29 / 06.11.2024
Ukrainaga yordam: YeI AQSh saylovlari natijalarini kutmoqda
10:08 / 06.11.2024
YeIdagi yonuvchi posilkalar: Litvada gumondorlar ushlandi
12:30 / 05.11.2024
Janubiy Koreya va YeI KXDR askarlari Rossiyaga yuborilganini qoraladi
10:30 / 05.11.2024