Jahon | 15:50 / 16.03.2024
6035
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya mudofaa sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yangi choralarni taqdim etdi

Bryussel mudofaa sanoatini rivojlantirish bo‘yicha uchta dastur uchun deyarli 2 milliard yevro ajratdi: o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ustuvor tovarlarni birgalikda sotib olish va yangi ishlanmalar uchun. 

Foto: AP

Yevropa komissiyasi 15 mart, juma kuni Yevropa mudofaa sanoatini rivojlantirish bo‘yicha uchta yangi chora-tadbirni e’lon qildi. Ushbu dasturlarning umumiy budjeti deyarli ikki milliard yevroni tashkil etadi

Birinchidan, Yevropa komissiyasi o‘q-dorilar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan o‘q-dorilar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun Yevropa Ittifoqi va Norvegiya budjetlaridan 513 million yevro ajratadi. Ushbu reja tufayli Yevropa Ittifoqidagi mudofaa sanoati 2025 yil oxiriga qadar snaryadlar ishlab chiqarish quvvatini yiliga 2 million donagacha oshirishi kutilmoqda. 

Bu vazifani Bryussel tomonidan besh yo‘nalish bo‘yicha tanlangan 30 dan ortiq loyiha hal qiladi: portlovchi moddalar, porox, snaryadlar, raketalar, shuningdek, sinov va ta’mirlash sertifikati bo‘yicha. Shu bilan birga, o‘q-dorilarni ishlab chiqarishda hali ham to‘siq bo‘lib turgan ikki sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda - moliyalashtirishning to‘rtdan uch qismi ularga yo‘naltiriladi. Xususan, dastur yillik ishlab chiqarish quvvatini 10 ming tonna porox va 4300 tonnadan ortiq portlovchi moddalar ishlab chiqarish quvvatini oshirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Tanlangan nomzodlar bilan grant shartnomalari imzolanishi 2024 yilning may oyida kutilmoqda. 

Ikkinchidan, Yevropa komissiyasi umumiy xaridlar orqali Yevropa Ittifoqida mudofaa sanoatini mustahkamlash dasturini taqdim etdi va tegishli tanlovlarni boshladi. 310 million yevrolik dastur uchta yo‘nalish bo‘yicha umumiy xaridlarni qo‘llab-quvvatlaydi: o‘q-dorilar (shu jumladan, raketalar), havo va raketaga qarshi mudofaa, mavjud qurol tizimlarini qo‘llab-quvvatlash va eskirgan qurol tizimlarini almashtirish. Dasturda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar qo‘shma xaridlar doirasida Ukraina va Moldovani ma’lum miqdordagi mudofaa mahsulotlari oluvchilar sifatida belgilashi mumkinligi nazarda tutilgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari qo‘shma arizalarni 2024 yil 25 iyulgacha topshirishi mumkin. 

Uchinchidan, Yevropa komissiyasi Yevropa mudofaa fondidan Yevropa Ittifoqining mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari sohasidagi loyihalarini ishlab chiqish uchun 1,1 milliard yevro ajratmoqda. Dastur muhim mudofaa sohalaridagi loyihalarni, jumladan, gipertovushli raketalarga qarshi kurashish, havoda va yerda joylashgan uchuvchisiz transport vositalarini ishlab chiqish, xavfsiz kosmik aloqani ta’minlash loyihalarini moliyalashtirishni nazarda tutadi. Dastur vertolyotlar va o‘rta yuk samolyotlari kabi keyingi avlod mudofaa tizimlari uchun zamin yaratadi. Takliflarni qabul qilishning oxirgi muddati - 2024 yil 5 noyabr. 

Mavzuga oid