O‘zbekiston | 07:30 / 18.03.2024
9728
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda maktab o‘qituvchisidan norozi ota-onalar ombudsmanga jamoaviy ariza bilan murojaat qildi

Bolalar ombudsmani qabuliga fuqaro kelib, Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 103-sonli umumta’lim maktabi 6-sinf o‘quvchilarining ota-onalari tomonidan yozilgan jamoaviy ariza bilan murojaat qilgan.

Bildirilishicha, murojaatda ota-onalar mazkur maktabning matematika o‘qituvchisi dars jarayonida bolalarni nomaqbul so‘zlar bilan haqorat qilishi, shuningdek, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilayotganini bildirib, o‘qituvchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur holatni atroflicha o‘rgandi.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari tomonidan 103-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyati, maktab psixologi hamda matematika fani o‘qituvchisi bilan suhbat o‘tkazilib, o‘quvchilar bilan muloqot vaqtida ovoz ohangini ko‘tarmasligi, o‘quvchilarning shaxsiyatiga tegmasligi, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilmasligi yuzasidan qat’iy ogohlantirish berilgan.

Shuningdek, unga maktab direktori tomonidan intizomiy chora qo‘llanib, ushbu sinf o‘quvchilariga matematika fanidan boshqa o‘qituvchi biriktirilgan.

Murojaat qilgan ota-onalar bilan ham holat yuzasidan muloqot qilinib, ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot berilgan.

Mavzuga oid