19 martning asosiy yangiliklari: O‘zbekistondagi voqealar, hodisalar, xabarlar
Poytaxtni aylangan prezident, Navro‘z ta’tili va obhavosi, sayilda portlagan gazballon, Amerikada zolim erning qurboniga aylangan o‘zbek ayoli - Kun.uz kun davomida yoritgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
Prezident Toshkent shahrini aylandi
75 gektardan ortiq maydonni egallaydigan va Toshkentda hududi jihatidan ikkinchi yirigi bo‘ladigan bog‘ga birinchi bosqichda ming tupdan manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi. Prezident yangi bog‘da chinor ko‘chatini o‘tqazdi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi quyuv-mexanika zavodi ishini ko‘zdan kechirdi. Zavodda 2024 yilda eksport hajmini 15 mln dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Prezident Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodini borib ko‘rdi. Mirziyoyev vagonlarning dizaynini o‘zgartirish, yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi. Elektr poyezdlar tarmog‘ini kengaytirib, aholini ko‘p tumanlarga olib borish, sohaning alohida generatsiya quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Maktablarda ta’til 21 martdan boshlanadi
Bahorgi ta’til 7 kun davom etadi, so‘nggi chorak darslari 28 mart kunidan boshlanadi.
Navro‘z kunlari seryog‘in o‘tishi kutilmoqda
20-22 mart kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, 20-21 mart kunlari yomg‘ir ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin, deyiladi UzHydroMet xabarida.
Navro‘z bayramlarida jamoat transporti jadvali
Navro‘z bayrami munosabati bilan uzun dam olish kunlarida poytaxt Toshkent shahridagi jamoat transporti harakati tartibi ma’lum qilindi.
Qariyb yarim kilo oltinni Toshkentga olib kelib sotmoqchi bo‘lgan ushlandi
463,94 gramm sof quyma oltinning narxi 368 mln so‘mga baholangan. Uni Toshkent shahrida o‘tkazish uchun olib ketayotgan yigit Bulung‘ur tumanidagi “Yuqori nuqta” YPX maskanida huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangan.
Namangan viloyatida qalbaki 9400 dollar ushlandi
9400 dollar miqdoridagi qalbaki valutani Qirg‘izistondan olib kirgan shaxs ularni haqiqiy 5200 dollarga almashtirmoqchi bo‘lgan.
Qashqadaryoda Navro‘z sayli o‘tkazilayotganda gazballon portlab ketdi
Ko‘kdala tumanida 18 mart kuni o‘tkazilgan sayilda portlagan gazbalondan jabrlangan 37 kishi shifoxonaga olib borilgan, shundan 7 nafari statsionar davolanishga yotqizilgan. Prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘adi.
KUN VIDeOSI
Buxoro viloyatining Kogon tumanida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus ishtirokidagi mudhish avtohalokat videosi paydo bo‘ldi
O‘quvchilarini Buxoro shahriga teatr tomoshasiga olib ketayotgan hamda ikkinchi darajali yo‘ldan chorrahaga katta tezlik bilan chiqib kelgan avtobus asosiy yo‘ldan kelayotgan beton qoruvchi mashina bilan to‘qnashgan. Videoda ko‘rinishicha, chorrahada o‘sha vaqtda svetofor ishlamagan, chorrahada harakatni tartibga solish uchun YPX inspektori ham bo‘lmagan.
O‘zbekistonlik erkaklar Amerikada ham xotinini o‘ldirishda davom etishmoqda
Faqat bu safar qotil o‘z joniga ham qasd qilgan. Pensilvaniya shtatida o‘zbekistonlik 43 yoshli Durdona Sultonova sobiq eri 44 yoshli Sarvar Olloberganov tomonidan otib o‘ldirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilari bo‘lishgan.
KUN RAQAMI
2024 yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonda savdo sohasida yangi korxonalar eng ko‘p tashkil etilgan — 4792 ta.
Jami yangi ochilgan korxona va tashkilotoar soni 13 ming 276 tani tashkil etgan.
O‘zbekistonda pensiyaning eng kam miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi belgilandi
2024 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 621 ming so‘m deb belgilangan. Shuningdek, pensionerga hisoblangan, lekin talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.
Soliq organlari ayrim huquqlari bekor qilindi
Soliq organlari xodimlari kameral tekshiruvlarni o‘tkazishda soliq to‘lovchi hududiga kirish, binolarini ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish, hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish huquqlari bekor qilinmoqda — Vazirlar Mahkamasi qarori.
Qozog‘iston va O‘zbekiston transchegaraviy daryolarda suv hisoblagichlarini o‘rnatadi
Ikki davlat mutaxassislari suv hisoblagich o‘rnatiladigan joylarni kelishib olmoqda. Loyihaga xalqaro tashkilotlarni jalb etish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
«Suv hisoblagichlarini o‘rnatish har ikki davlat tomonidan iste’mol qilinadigan suv miqdorini onlayn nazorat qilish imkonini beradi», — dedi Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov.
KUN FOTOSI
Ekologiya vazirligiga qarashli Qizilqum davlat qo‘riqxonasi xodimi kuzatuv kamerasiga to‘qay mushugi muhrlandi. To‘qay mushugi mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sutemizuvchi hayvon bo‘lib, tashqi ko‘rinishi silovsinga o‘xshaydi.
Samarqandda zanjirband qilingan bola: u muntazam azoblanganini ta’kidladi
Samarqand shahrida Damas mashinasi ichida oyoqlari zanjirband qilingan, yuz-ko‘zlari momataloq bo‘lgan o‘smirning videosi tarqalgan edi. Paxtachi tumanidan bo‘lgan bolani tumandagi Sohibqiron Temur izdoshi harbiy sport maktabi o‘qituvchisi shu ahvolga solgan. Kun.uz holatni o‘rgandi.
Mavzuga oid
17:48
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024
O‘zbekistonning ShHT budjetidagi ulushi ma’lum bo‘ldi
23:53 / 30.09.2024