O‘zbekiston | 13:15 / 19.03.2024
11294
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 9-sinf o‘quvchisi PUBG akkauntini sotishini aytib, firibgarlik sodir etgani aniqlandi

PUBG akkauntini sotishini aytib, fuqaroning pullarini “uxlatgan” bola 9-sinf o‘quvchisi bo‘lib chiqdi.

Toshkent shahri, Chilonzor tumanida yashovchi 26 yoshli X.S. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 550 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Yangihayot tumanida yashovchi 15 yoshli A.F. sodir etganligi aniqlandi.

Gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan A.F., jabrlanuvchi X.S. bilan “Telegram” messenjerida tanishib, PUBG akkauntini sotishi haqida aytib, uni aldagan va o‘z foydalanuvida bo‘lgan bank kartasiga 550 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib olgan hamda yozishmalarni o‘chirib yuborib, pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.F.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid