Jahon | 16:59 / 20.03.2024
24342
7 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari: «Ukraina omon qolishi xavf ostida»

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrain armiyasi uchun vaziyat xavfli tus olganini aytib, bu Qo‘shma Shtatlar xavfsizligi uchun ham tahdid ekanini qo‘shimcha qildi.

Foto: Reuters

Seshanba kuni Ukrainaga yordam berish bo‘yicha kontakt guruhining «Ramshtayn» formati bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Yevropadagi ittifoqchilarni AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati garchi Vashingtonda hozir qurollar yetkazib berish uchun mablag‘ yo‘qligiga qaramay, hamon Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekaniga ishontirishga urindi.

«Ukraina qo‘shini qiyin sharoit va og‘ir janglarga duchor bo‘ldi. Ukrainaning tinch aholisi Rossiya raketalari va Eron dronlarining muntazam zarbalaridan aziyat chekmoqda. Ammo Ukraina chekinmaydi, Qo‘shma Shtatlar ham. Shuning uchun bugungi murojaatimiz aniq: Qo‘shma Shtatlar Ukraina muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu koalitsiya Ukrainaga muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga yo‘l qo‘ymaydi va erkin dunyo Ukrainaga muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga yo‘l qo‘ymaydi», — degan AQSh mudofaa vaziri Germaniyaning «Ramshtayn» harbiy bazasidagi uchrashuv avvalida.

Shu bilan birga, Ostin Kongress bu maqsadlar uchun mablag‘ ajratishga shoshilmayotgan sharoitda Vashington Ukrainani aynan qanday qilib qo‘llab-quvvatlamoqchi ekaniga aniqlik kiritmagan.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Ostin jurnalistlarga shunday degan: «Ukraina omon qolishi xavf ostida… Bizning ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz sa’y-harakatlarni oshirishda davom etmoqda, Qo‘shma Shtatlar ham shunday qilishi lozim».

Amerikalik rasmiylar moliyalashtirishdagi taqchillik allaqachon Ukraina frontidagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani, Ukraina qurolli kuchlari cheklangan resurslar sharoitida harakatlanib, o‘q-dorilarni tejashiga to‘g‘ri kelayotganini tan olishadi.

«O‘ylaymanki, ittifoqchilar bizning moliyalashtirish bo‘yicha vaziyatimizdan yaxshi xabardor va biz ularni yetkazib bera olmayotganimiz tufayli (qurollar va o‘q-dorilar) taqchillikni boshdan kechirayotgan ukrainlar buni hammadan ko‘ra yaxshiroq tushunishadi», — degan Reuters agentligi bilan suhbatda AQSh mudofaa vazirligining shaxsini ochiqlashni istamagan yuqori martabali mulozimi.

O‘tgan haftada Bayden ma’muriyati Ukrainaga 300 mln dollar miqdoridagi harbiy yordam yuborishini ma’lum qilib, bunga Pentagonning harbiy shartnomalaridagi tejamkorlik hisobiga erishilganini qo‘shimcha qilgandi.

Amerikalik mulozimlar AQSh ma’muriyati hali yana qandaydir mablag‘ topa olishi mumkinligini istisno qilmaydi, ammo ular ta’kidlaganidek, bunday mablag‘ hech qanaqasiga Kongress tomonidan bloklangan, Ukrainaga 60 mlrd dollarlik yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi o‘rnini bosa olmaydi.

Seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevdan turib koalitsiya mamlakatlariga qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa vositalari yetkazib berish iltimosi bilan murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus qo‘shini mart oyining o‘zida Ukrainaga qarshi 130 raketa, 320 dan ortiq zarbdor dronlar va qariyb 900 ta boshqariluvchi aviabombalar qo‘llagan.

Bunday vaziyatda, Lloyd Ostinning ishontirishiga qaramay, Yevropa davlatlari qanday qilib harbiy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlay olishi masalalarini tobora ko‘proq muhokama qilmoqda.

«AQSh yetakchilari Yevropaga Qo‘shma Shtatlar uzoq istiqbolda ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga kafolat bilan borishi tobora qiyinlashib bormoqda», — deya Vashingtondagi Atlantika kengashi Yevropa markazi xodimi Reychel Ritssoning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel shu kunlarda qit’a o‘z iqtisodiyotini tegishli tarzda qayta qurishi lozimligini aytib, Yevropa bundan keyin AQShdagi saylov sikllariga bog‘liq bo‘lmasligini qayd etgandi.

«Bu xavfsizligimiz va mudofaamiz paradigmasini chinakamiga o‘zgartirish damidir. Yevropa o‘n yillar mobaynida o‘z xavfsizligi va mudofaasi uchun yetarlicha mablag‘larni investitsiya qilmagan. Hozirda, Ikkinchi jahon urushi davridan buyon eng yirik xavfsizlik tahdidiga duch kelganimizda, mudofaaga tayyor bo‘lish va Yevropa ittifoqi iqtisodiyotini «harbiy relslar»ga o‘tkazish uchun keskin va muayyan qadamlar tashlash vaqti keldi», — deya yozgan Mishel Yevropa kengashi a’zolariga qilgan murojaatida.

Rustem Umerov: ko‘proq o‘q-dorilar va havo hujumidan mudofaa raketalari

Kontakt guruhi yig‘ilishida ishtirok etgan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov feysbukdagi sahifasida ushbu yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, g‘arbdagi ittifoqchilar ukrain armiyasiga ko‘proq artilleriya o‘q-dorilari va havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yuborishga qaror qilgani haqida xabar bergan.

 

Umerov uchrashuv vaqtida Ukraina 2024 yil uchun rejalarini ma’lum qilib, istehkomlar qurilishi va buning uchun zarur vositalar haqida gapirgan.

Ukraina mudofaa vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilarining asosiy e’tibori o‘q-dorilar yetkazib berish masalasiga qaratilgan.

«O‘q-dorilar — bizning jangchilarimizga juda ham zarur bo‘lgan narsadir. Ular bo‘ladi! Bu yig‘ilishning bosh mavzusi bo‘ldi, — deya yozgan Umerov. — Hamkorlar 155 mm, 152 mm, 105 mm va boshqa kalibrdagi artilleriya snaryadlarini ham o‘z ichiga oluvchi yordam paketlarini e’lon qilishdi».

Konferensiyada ishtirok etgan mamlakatlarning bir qanchasi Chexiya hukumati tashabbusi doirasida Ukraina uchun artilleriya o‘q-dorilari sotib olishga mablag‘ ajratishga rozi bo‘lgan.

Praga 800 mingta snaryad topishga va shundan 300 mingtalik ilk partiyasini moliyalashtirishga muvaffaq bo‘lgan, deb xabar bergan nashrlar.

«Biz tajovuzkorga qarshi turishimiz uchun juda zarur bo‘lgan o‘q-dorilarni butun bo‘ylab qidirgan va topgan hamkorlarimizdan minnatdormiz», — deya yozgan Umerov.

Mavzuga oid