O‘zbekiston | 07:50 / 20.03.2024
9752
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Muruvvat» uyidagi bolalar holidan xabar oldi

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1-sonli “Muruvvat” internat uyini borib ko‘rdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev bolalarning mashg‘ulotlarini birma-bir kuzatdi. Ular bilan suhbatlashib, mehrini izhor qildi. Sharoitlarni yaxshilab, qulayliklar yaratib, nogironligi borlarning iloji boricha hayotda o‘rin topishiga ko‘mak ko‘rsatilishini aytdi.   

Prezident bunda ijtimoiy xizmat xodimlari ishini e’tirof etib, bolalarga mehr-muruvvati uchun minnatdorlik bildirdi.

– Bolalarimizga yaxshi qarayotganingiz uchun katta rahmat sizlarga. Bu og‘ir mehnat, lekin juda savobli va kerakli mehnat, – dedi davlat rahbari.

Bolalarni imkon qadar reabilitatsiya qilish va hayotga moslashtirish, ota-onalarga psixologik yordam berish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. So‘nggi yillarda imkoniyat va tizim paydo bo‘lgani, boshqa ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni ham yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.

Endilikda “Muruvvat” uylari zamonaviy reabilitatsiya jihozlari bilan ta’minlanib, o‘z ishini yangi konsepsiya asosida yo‘lga qo‘yadi. Unga ko‘ra, bolalar individual rivojlanish dasturlari asosida jamiyatga integratsiya qilinadi. Barcha “Muruvvat” uylarida uchrashuv xonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, “Qo‘llab-quvvatlash klublari” tuzilib, malakali mutaxassislar vasiylarga nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlash, oila sharoitida tarbiyalash va jamiyatga moslashtirish bo‘yicha bilimlar beradi. Alohida ta’limga tavsiya berilmagan, og‘ir darajadagi kasalliklari mavjud bolalar uchun “G‘amxo‘rlik guruhi” tashkil etiladi. Barcha hududiy reabilitatsiya markazlarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shunday xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid