Jahon | 13:53 / 21.03.2024
5966
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilish sxemasi bo‘yicha kelishib oldi

Yangi sxemaga ko‘ra, Vashington Rossiya bilan aloqasi borlikda gumon qilingan turk kompaniyalariga qarshi ikkilamchi sanksiyalar joriy etishdan oldin Anqarani xabardor qiladi.

Foto: picture-alliance/AA/C. Ozdel

Turkiya va AQSh Rossiya bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalarni qamrab oladigan ikkilamchi sanksiyalarga rioya qilishning yangi sxemasi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda 20 mart, chorshanba kuni Turkiyaning Hurriyet gazetasi manbalarga tayanmasdan xabar berdi.

Yangi kelishuvga ko‘ra, Amerika rasmiylari Anqarani shubhali kompaniyalar haqida xabardor qiladi va bu borada ma’lumot so‘raydi. Agar Turkiya tergov olib borib, natijalarini Qo‘shma Shtatlarga xabar qilsa, «kerak bo‘lsa, choralar ko‘riladi», deb yozadi gazeta. 

Avvalroq Vashington Anqarani xabardor qilmasdan va tergov qilmasdan, Rossiya bilan ish olib borishda gumon qilingan turk shirkatlariga qarshi ikkinchi darajali sanksiyalar kiritgan edi. Bu holat, ta’kidlanganidek, «turli xil iqtisodiy muammolarni» keltirib chiqardi. 

Turkiyadagi banklar Rossiya bilan hamkorlikdan bosh tortmoqda 

Yanvar oyida turk banklari Rossiya banklari bilan ishlashdan butunlay voz kechayotgan ma’lum bo‘ldi. Vaziyat 2023 yil yozida yanada murakkablashdi va AQSh prezidenti Jo Bayden 22 dekabr kuni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaga yordam berayotgan xorijiy kompaniyalarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonni e’lon qilganidan keyin keskin yomonlashdi, deb yozadi «Kommersant» gazetasi. Natijada turk banklari Rossiyaning deyarli barcha kredit tashkilotlari bilan korrespondentlik aloqalarini uzdi va ularning to‘lovlarini rasmiylashtirishni to‘xtatdi. 

Baydenning farmoni tufayli Xitoy davlat banklari ham Rossiyadan kelgan mijozlar bilan ishlashni cheklay boshladi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning kamida ikkita banki Rossiyadagi biznesini qayta ko‘rib chiqishga, sanksiya ostidagi mijozlar bilan aloqalarni uzishga va Rossiya harbiy sanoatiga har qanday moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatishga qaror qilgan.

Mavzuga oid