Jahon | 20:17 / 22.03.2024
13805
2 daqiqa o‘qiladi

Peskov: «Rossiya urush holatida»

Kreml vakili ilk bor «maxsus harbiy amaliyot» iborasi o‘rniga urush so‘zini qo‘lladi. Bungacha Rossiyada urushni urush deb atagani uchun rossiyaliklar javobgarlikka tortilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov mamlakat urush holatida ekanini aytdi.

Peskovning fikricha, barchasi Putin aytganidek «maxsus harbiy amaliyot» ko‘rinishida boshlangan va go‘yoki G‘arb harbiy harakatlarga aralashganidan keyin Rossiya urush holatiga kirgan.

«Bizda to‘rtta yangi sub’yekt paydo bo‘ldi. Vazifamiz bu yerlardagi odamlar xavfsizligini ta’minlash va ularni amalda Kiyev rejimi bosqinidan ozod qilish.

Biz urush holatidamiz. Ha, barchasi «maxsus harbiy amaliyot» ko‘rinishida boshlandi. Ammo kollektiv G‘arb Ukraina tomonda saf tortganda, bu biz uchun urushga aylandi. Mening bunga ishonchim komil, boshqalar ham o‘zi uchun bilib qo‘ygani yaxshi», degan Peskov «Argumenty i fakty» gazetasiga bergan inrervyusida.

Ma’lumot uchun, Rossiyada Ukrainadagi urushni rasman «maxsus harbiy amaliyat» deb atashadi. Urushni urush deb ataganlik uchun rossiyaliklar javobgarlikka ham tortilishi mumkin. Kremlda ilk marta mamlakat urush holatida ekani haqida gapirishdi.

Mavzuga oid