Jahon | 00:02 / 23.03.2024
4233
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Navalniy o‘limi munosabati bilan yangi sanksiyalarni joriy qildi

Sanksiya kiritilganlar orasida jazoni o‘tash koloniyalari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari va sudyalar bor.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi munosabati bilan rasman shaxsiy sanksiyalar joriy qildi. Sanksiyalar, xususan, u jazoni o‘tagan IK-3 va IK-6 axloq tuzatish koloniyalari hamda sudyalar va koloniya boshliqlaridan iborat 30 dan ortiq shaxsni o‘z ichiga oladi.

«Ikkala koloniya ham mahbuslarga nisbatan jismoniy va ruhiy bosim, to‘liq izolyatsiya, qiynoq va zo‘ravonlik qo‘llash bilan mashhur», deyiladi YeI Kengashi bayonotida.

«Ikkala joyda ham koloniya ma’muriyati Aleksey Navalniyga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilgan, jumladan, uni qayta-qayta bir kishilik kamerada saqlagan, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatda bo‘lgan, bu esa uning sog‘lig‘ining jiddiy yomonlashishiga olib kelgan».

Sanksiya kiritilganlar orasida IK-3 rahbari Vadim Kalinin va koloniya boshliqlarining turli o‘rinbosarlari ham bor. Shuningdek, Moskva shahar sudi sudyasi Andrey Suvorov ham bor, u Navalniyni «ekstremistik jamiyat» tashkil etganlikda ayblab, maxsus rejimli koloniyaga 19 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Navalniy va boshqalarga nisbatan bir qator qarorlar qabul qilgan Moskvaning Basmanniy tumani sudyalari Yevgeniya Nikolayeva va Natalya Dudarga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llanilmoqda.

Sanksiya rejimiga kiritilgan shaxslarning aktivlari muzlatib qo‘yiladi, ularga bevosita yoki bilvosita yoki ularning manfaati uchun mablag‘lar yoki iqtisodiy resurslar o‘tkazish taqiqlanadi. Bundan tashqari, sanab o‘tilgan shaxslarning Yevropa Ittifoqiga kirishi taqiqlanadi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel sanksiyalarga izoh berdi:

«Kreml rejimi tomonidan Aleksey Navalniyning asta-sekin o‘ldirilishi uning inson hayotiga to‘liq bee’tibor ekanligidan dalolat beradi. Bugungi sanksiyalar Rossiya siyosiy rahbariyati va rasmiylarini Rossiyada davom etayotgan inson huquqlari buzilishi uchun javobgarlikka tortish qat’iyatimizni ko‘rsatadi. Shu bilan birga biz bilamizki, Putin Rossiya emas, Rossiya ham Putin emas. Biz Rossiya fuqarolik jamiyati va mustaqil ovozlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz».

Mavzuga oid