15 yoshli Islom Xalilov terakt vaqtida «Krokus»da yuzdan ortiq odamni qutqardi
Asli Qirg‘izistondan bo‘lgan oila farzandi «Krokus Siti Holl»da garderobchi bo‘lib ishlagan, hujum boshlanganida yo‘riqnomaga amal qilgan holda odamlarni tashqariga olib chiqqan. Morgenshtern o‘smirga million rubl yubordi, «Spartak» klubi - uy uchrashuvlariga abonement sovg‘a qildi.
15 yoshli maktab o‘quvchisi, «Krokus Siti Holl»da garderobchi bo‘lib ishlagan Islom Xalilov xizmatchilarning xonalari orqali chiqish yo‘lini ko‘rsatib, yuzdan ortiq kishining hayotini saqlab qolgan. Bu haqda birinchi bo‘lib «112» telegram-kanali xabar tarqatdi.
Islom Xalilov «Moskva onlayn» nashriga konsertn zalda bir yilga yaqin vaqtdan buyon ishlab kelganini aytgan. Terakt kuni u soat 16:00 da smenani qabul qilib olgan. Hujum boshlanganida u kuchli ovozlarni eshitgan, avvaliga buni «qandaydir shovqin soluvchi guruh keldi» deb o‘ylagan. Xalilov zinapoya tomondan odamlar chopib kelayotganida vaziyat yaxshi emasligini tushungan.
«Men harakat qilmasam o‘z hayotimni ham, boshqalarnikini ham yo‘qotishimni angladim. To‘g‘risi, bu juda qo‘rqinchli edi. Men odamlar orasida ekanimda, eshikni ochish uchun ketayotganimda, yoki zinadan, yoki eskalatordan kimdir chiqib kelib, granata uloqtirishi yoki o‘t ochishi mumkinligini o‘ylardim. Xudoga shukrki, hech narsa ro‘y bermadi, men o‘z vaqtida eshikni ochdim va barchani «Ekspo» tomonga o‘tkazib yuborishga ulgurdim», deydi u.
Xalilovning tushuntirishicha, xodim sifatida unga favqulodda holatlarda qanday harakatlanish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan, shu tufayli u «odamlarning xavfsizligini ta’minlash uchun ularni qayerga olib borish kerakligi»ni bilgan. Yakunda u yuz nafar atrofidagi odamni «Krokus Siti Holl»ga yondosh joylashgan «Krokus Ekspo»ning kirish joyigacha olib borgan. O‘smirning o‘zi oxirgi bo‘lib o‘tgan, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, «boshqa hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun».
«Onam karaxt holatga tushdi, shunday ishlarni boshimdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelgani uchun yig‘ladi. Ko‘z o‘ngimda ro‘y bergan barchasi uchun. Mening o‘zim, to‘g‘risini aytsam, shok holatdaman. Ko‘z o‘ngimda bir kishini otishdi, bu haqda o‘ylashdan to‘xtamayapman», — dedi Xalilov.
Ruptly uchun intervyusida Xalilov o‘zini qahramon deb hisoblamasligini aytgan: «Bu mening ishimning bir qismi edi. Yuzlab odamlar o‘lib berishiga yo‘l qo‘ygandan ko‘ra o‘zingni qurbon qilganing yaxshiroq».
Xalilov — Moskvaning «Spartak» klubi muxlisi. Uning qahramonligi haqida ma’lum bo‘lganida, klub uni futbolchilar bilan uchrashuvga taklif etib, turli sovg‘alar va jamoaning uy uchrashuvlari uchun abonement sovg‘a qilgan.
Reper Alisher Morgenshtern o‘smirga million rubl yuborgan. «Men Morgenshterndan juda minnatdorman, Alisher kabi odamlar borligidan xursandman, men uning yordamida hayotim osonlashishidan chin dildan xursandman. To‘g‘risi, tilimga so‘z kelmayapti, yig‘lagim kelyapti», — degan Islom Xalilovning o‘zi.
«Pod’yom» nashri yozishicha, uning oilasi bu pullarni kreditlarini yopish uchun ishlatadi.
Islom Rossiyada tug‘ilgan, uning ota-onasi Qirg‘izistondan. Otasi Baxtiyor Jalolobod viloyati Suzoq tumanidan, onasi Oypari — O‘sh oblasti O‘zgan tumanidan. Islom — oiladagi uch nafar farzanddan eng kattasi.
Xalilovni Rossiya musulmonlarining «Xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlashgan, deya ma’lum qilgan Rossiya bosh muftiysi Ravil Gaynutdin. O‘smirga mukofot keyingi hafta juma namozi vaqtida Moskvadagi Sobor masjidida topshiriladi.
Mavzuga oid
13:27
Magdeburgdagi fojia: hujum qilgan shaxs mashinasida vasiyatnoma topildi
20:42 / 04.12.2024
Rossiyada «Krokus»dagi teraktga aloqador yana to‘rt kishi qo‘lga olindi
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
15:12 / 09.11.2024