Jahon | 21:31 / 25.03.2024
15862
8 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy Sohildagi Isroil zulmi, qamoqqa olingan terrorchilar va saratonga chalingan malika - kun dayjesti

Kun davomida dunyoda ro‘y bergan eng muhim yangiliklar, voqea-hodisalarning batafsil sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil falastinlik mahbuslarni HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarga almashtirish to‘g‘risidagi AQSh taklifiga rozilik bildirgan va Falastin harakatining bu boradagi javobini kutmoqda, deb xabar beradi CNN.

AQSh taklifiga ko‘ra, HAMAS tomonidan ushlab turilgan isroillik asirlar evaziga Isroil 700 nafar falastinlik mahbuslarni ozod qilishi kerak.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Isroil G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar uchun javobgarlikni o‘z gardaniga olishi kerakligini ta’kidladi. Biroq humanitar krizis HAMAS tufayli kelib chiqqanini ta’kidladi.

Unga ko‘ra Isroil G‘azoda ocharchilik yuz bermasligi uchun qayg‘urishi kerak. «Isroil G‘azoga humanitar krizis sababchisi bo‘lgan HAMASdan xalos bo‘lish uchun kirdi», degan Kemeron.

Kemeron Britaniya Isroil do‘sti va himoyachisi ekanini qayd etib, u G‘azoga yordam kiritilishini ta’minlashi kerakligini ta’kidlar ekan, bu yordam nafaqat G‘azo uchun, Isroil uchun ham muhim ekanligiga urg‘u berdi. «Chunki Isroil davlat sifatida ochlik va humanitar krizisga ro‘para kelmasligi kerak», degan u.

Bu orada insonparvarlik yordami uchun navbatda turib, Isroil zarbalaridan qurbon bo‘lgan shimoliy g‘azoliklar soni 560 nafarga yetgan. 1523 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Isroil armiyasining G‘azodagi yo‘qotishlari 600 nafarga yaqinlashmoqda. 7 oktyabrdan so‘ng G‘azoda agressiya uyushtira boshlagan Isroil harbiylarining yo‘qotishlari 595 nafarga yetgan. Bu Isroil tomonining ma’lumoti. HAMAS tomoni yo‘qotishlar 10 barobar ko‘pligi va 5000 dan oshganini ta’kidlaydi.

Boz ustiga, Isroil 2023 yilning 7 oktyabridan buyon okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohilda 7755 nafar falastinliklarni hibsga olgan. Al-Xalil, Baytul Lahm, Ramalloh, Tulkarim va Quddus shaharlarida o‘tkazilgan reydlarda qayta hibsga olingan falastinliklar bor.

Isroil 7 oktyabrdan buyon «jangarilar»ga qarshi kurash bahonasida G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusga agressiv bostirib kirishni davom ettirmoqda. Bugungi kungacha ular yuzlab falastinliklarning uylarini buzib tashlab, 2000 kishini majburiy ko‘chirgan.

Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Falastinning okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilidagi 800 gektar yerni Isroil davlati yerlari deb e’lon qildi, deb xabar berdi Reuters. Bu qaror yahudiy manzilgohlari qurish uchun ushbu hududdagi yerlardan foydalanishni osonlashtiradi. 

Terakt ijrochilari qamoqqa olindi

Moskvadagi “Crocus City Hall” konsert zalida sodir etilgan terakt ijrochilariga sudgacha ehtiyot chorasi qo‘llanib, ularni ikki oyga — 22 maygacha qamoqqa olish to‘g‘risida sud hukmi chiqdi.

Tojikiston fuqarolarining uch nafari sudda o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Bular:

32 yoshli Dalerjon Mirzoyev, oilali, to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bor, ishsiz, Novosibirskda ro‘yxatdan o‘tgan.

25 yoshli Faridun Shamsuddin, oilali, 8 oylik farzandi bor, terrorchilik aktigacha Podolskdagi parket zavodida turli tuman yumushlarni bajaruvchi bo‘lib ishlagan.

30 yoshli Saidakram Rajabalizoda, oilali, bir nafar voyaga yetmagan farzandi bor, ishsiz, avval Podolskda yashagan.

Sud zaliga kasalxonaning jonlantirish bo‘limidan olib kelingan 19 yoshli Muhammadsobir Fayzov guruhdagi hali uylanmagan yagona inson. U Ivanovo shahrida sartarosh bo‘lib ishlagan, ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli sudda o‘z himoyasiga hech narsa deya olmagan va aybini ham tan olmagan.

Eslatib o‘tamiz, 22 mart, juma kuni kechqurun Moskvaning shimoliy g‘arbiy qismida joylashgan Rossiyadagi eng yirik savdo ko‘ngilochar kompleksida terrorchilik akti ro‘y berdi. Qurollangan terrorchilar «Piknik» guruhining konsertiga to‘plangan tomoshabinlarga qarata o‘t ochgan. Kamida 137 kishi halok bo‘lgani, 180 dan ziyod inson turli darajada jarohatlangani aytilmoqda.

Rossiya Xavfsizlik kengashis raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘z telegram kanalida shunday deb yozdi:

“Ularni ushlashdi. Ushlaganlarga barakalla deymiz. Ularni o‘ldirish kerakmi? Kerak. Shunday bo‘ladi ham. Lekin undan ham muhimi barcha aloqador shaxslarni o‘ldirish. Barchasini. Pul bergan, ishtirok etgan, yordam ko‘rsatgan. Barchasi o‘ldirilishi kerak”.

Rossiyada terakt qurbonlari xotirasiga 24 mart motam kuni deb e’lon qilindi. Voqea ro‘y bergan joyga odamlar guldastalar va shamlar keltirishdi. Rossiyaning ko‘plab davlatlardagi elchixonalarida, jumladan, Toshkentda ham qurbonlarni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Qrim va Sevastopolga hujum

Ukraina Rossiyaning Qrimda o‘rnatgan Havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘tib, Qrim va Sevastopoldagi harbiy obektlarga Britaniyaning Storm Shadow qanotli raketalari bilan hujum qilgani haqida xabar berilmoqda.

Jumladan Belbekdagi Rossiya aviabazasiga ham zarba berilgan. Rossiya tomoni esa urib tushirilgan raketalar aviabazaga qulaganini xabar qilmoqda. Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 3 ta Su-27 harbiy samolyotlariga zarar yetkazilgan. Ulardan biri butkul yonib ketgan bo‘lsa, ikkitasini tiklasa bo‘ladi.

Bundan tashqari raketalar dengiz piyodalarining maskirovka qilingan dislokatsiya nuqtasiga ham borib urilgan. 34 nafar harbiylar, jumladan 11 ofitser halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Sevastopolda aloqa markazi, bir qator infratuzilma obektlari va  buxtada langar tashlab turgan ikkita yirik desant kemasi ham raketa nishoniga aylangan. Ular «Yamal» va «Azov» katta desant kemalari ekani aytilmoqda. Kemalar suvga cho‘ktirilmagan, ularga yetkazilgan zararning ko‘lami qanchalik ekani to‘g‘risida xabarlar tarqatilmayapti

Bu urush boshlanganidan buyon Rossiya Qora dengiz flotida zarbaga uchragan kemalar soni 26 taga yetganini bildiradi. 

Qirollik oilasida saraton

Britaniya valiahd shahzodasi Uilyamning rafiqasi, Uels malikasi Keyt Middlton qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan murakkab operatsiyadan so‘ng unda saraton o‘smasi aniqlanganini xabar qildi.

42 yoshli malikaning videomurojaatini Kensington saroyi e’lon qildi.

Malika shifokorlar jamoasi kasallikni profilaktika qilish uchun unga kimyoterapiya kursini o‘tashni tavsiya qilganini bildirgan.

Keyt Middlton saratonning aynan qaysi ko‘rinishi haqida gap ketayotgani va xavfli o‘smalar qayerda topilganiga aniqlik kiritmagan. U qirollik oilasi nomidan hozircha ularga maxfiylik kerakligini tushunishlarini so‘ragan.

Avvalroq ommaviy axborot vositalari malika dekabr oyidan buyon omma oldida ko‘rinish bermay qo‘ygani haqida yozib, buning uchun turli taxminlarni ilgari surayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Angliya qiroli Charlz III da saraton shishi topilgan. Qirol prostata adenomasidan davolanish kursini o‘tayotganda unda ham saraton topilgan edi. 

Mavzuga oid