AQSh Isroilning Rafahga kirishiga qarshi, lekin bu do‘stona ogohlantirish xolos - ekspertlar
Entoni Blinken o‘tgan hafta yana Yaqin Sharqqa bordi, biror narsa o‘zgarishi mumkinmi? AQShning G‘azoda otashkesim haqidagi rezolyutsiyasiga Rossiya, Xitoy va Jazoir nega qarshi chiqdi? Salkam yarim yildan beri davom etayotgan urushning oxiri nega ko‘rinmayapti? “Geosiyosat”ning navbatdagi soni mehmonlari shu kabi savollarga javob berishdi.
Isroilning G‘azoga bosqini boshlanganidan buyon Qo‘shma shtatlar davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqqa 6-safarini uyushtirdi. BMT Xavfsizlik kengashiga AQSh tomonidan kiritilgan, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyaga Rossiya va Xitoy veto qo‘ydi. “Geosiyosat” Yaqin Sharq bilan bog‘liq o‘tgan haftadagi muhim voqeliklarni siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromov bilan tahlil qildi.
Ma’lumot uchun, ushbu suhbat yozib olinganidan bir necha soat o‘tib BMT Xavfsizlik kengashida G‘azoda otashkesim o‘rnatish kerakligi haqidagi rezolyuyatsiya qabul qilindi. Hujjatni kengashning 15 a’zosidan 14 a’zosi yoqladi, AQSh ovoz bermadi va veto ham qo‘llamadi.
— AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Saudiya Arabistoni va Misrdagi uchrashuvi chog‘ida qaysi masalalar muhokama qilindi?
Shavkat Ikromov: — Blinken Saudiya va Misrga urushda keskin burilish yasashi mumkin bo‘lgan takliflar bilan kelgani yo‘q. Bu gal ham odatdagi masalalar ko‘tarilgan. Ya’ni G‘azoda humanitar inqirozning oldini olish, o‘t ochishni to‘xtatish, urushdan keyin G‘azoni qayta tiklash, mustaqil Falastin davlati masalalari.
Saudiya tomoni mustaqil Falastin davlati tashkil topmasa, G‘azoda Isroil harbiylari qolsa, hech qanday muzokaralar to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas, dedi. Misrda ham humanitar inqirozning oldini olish bo‘yicha fikrlar almashildi. Qohirada arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda Blinken 3 ta masalani ilgari surdi: urushni to‘xtatib, Isroil bu yerni qayta egallashiga yo‘l qo‘ymaslik; HAMAS hokimiyati o‘rnatilishiga yo‘l qo‘ymaslik; hudud terror platformasi bo‘lib qolishining oldini olish masalalari.
Arab davlatlari AQSh humanitar inqirozning oldini olish uchun nima qiladi, degan savolni qo‘ydi. Blinken aniq bir javob bermadi bu masalada. Isroilning Rafahga bo‘ladigan hujumlarining oldini olish bo‘yicha ham gapirmadi, aksincha Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini e’tirof etdi.
Kamoliddin Rabbimov: — Bilishimcha, Blinken dastlab Saudiyada, keyin Misr va boshqa davlatlar tomonlari bilan gaplashgan. Saudiyada 2 ta asosiy masala muhokama qilingan. Birinchisi, 7 oktyabrgacha bo‘lgan Saudiya va Isroilni yarashtirish ishlarini yana qayta ko‘targan. Blinken bu uchrashuvlardan keyin tendensiya ijobiy tomonga ketayotganini aytgan. Ikkinchisi, urush tugagach, Falastin hududlarini kim, qanday nazorat qilish kerak, degan masala ko‘tarilgan. AQSh diplomatiyasi biror maqsadni oldiga qo‘ysa, unga bosqichma-bosqich sabr bilan harakat qiladi. Bir tomondan Isroilni himoya qiladi, u yoki bu harakatlarini qoralasa-da, lekin Isroilga nisbatan bo‘ladigan har qanday bosim va hujumlarning oldini oladi, bu – AQShning Isroilni himoya qilish usuli, bir necha o‘n yillardan beri ma’lum va shu narsa bugungi kunda ham davom etyapti.
— Netanyahu Isroil Rafahda harbiy operatsiya o‘tkazish rejalaridan voz kechmasligini va uni AQSh ko‘magisiz ham boshlashga tayyorligini aytdi. Bu nimani anglatadi?
Shavkat Ikromov: — Netanyahu bizga AQSh yordami kerak, lekin u yordam bermasa ham, baribir Rafahga hujum qilamiz, dedi. Shu nuqtada Isroil va HAMASning urushdagi pozitsiyalarini eslab o‘tish kerak. Isroil allaqachon strategik mag‘lubiyatga uchragan, lekin taktik g‘alabalarga erishyapti, urushdagi maqsadi ham shu, strategik g‘alaba qilolmasligini yaxshi biladi. Strategik g‘alaba qozonish bu – HAMASni butunlay yo‘q qilish, lekin AQSh ham ta’kidlayapti, Isroilning o‘ziyam yaxshi biladi: HAMASni to‘liq yo‘q qilolmaydi G‘azoda, yaqin 10 yillikda buning iloji yo‘q.
HAMASning tunnellar tizimi orqali, shahar ichida urishish strategiyasida iloji boricha ko‘proq turib berish ko‘zda tutiladi, g‘alaba qilolmasligini yaxshi bilishadi. HAMAS allaqachon taktik mag‘lubiyatga uchragan, strategik g‘alabaga harakat qilyapti. Afsuski, bu vaqt cho‘zilishida tinch aholi qurbon bo‘layotgani, infratuzilma yo‘q bo‘layotgani, humanitar inqiroz HAMAS yetakchilari uchun u qadar ahamiyatli emas. 6 haftalik sulh muhokamalarida ham HAMAS tomoni muborak Ramazon oyida shahidlar berishga tayyormiz, degandi. Isroil qanchalik tinch aholini o‘ldirsa, urush qoidalariga zid harakat qilsa, Rafahga kirib borsa, bu HAMASning maqsadlariga to‘g‘ri keladi. Buni kim qanday tushunadi, bilmadim, lekin bor narsa bu.
Isroil G‘azo shimolidan kirib, Rafahgacha yetib keldi, lekin HAMAS biror joyda to‘xtatib qololgani yo‘q, Isroil armiyasi qudratli, ortida kuchli davlatlar turibdi. AQSh Rafahga kirmanglar, degan ogohlantirish beryapti, lekin amalda biror bir chora ko‘rilishi haqida gap yo‘q. AQShning Yaqin sharqdagi 4 ta tayanch nuqtasi bo‘lsa, birinchisi Isroil, keyin Saudiya, Misr, Turkiya davlatlari. Voqelik Isroil foydasiga hal bo‘lishi AQSh uchun muhim. Netanyahu biladiki, uni AQSh qo‘llamasa ham, dushmani u qadar qudratli emas, urusha oladi.
— Isroil Rafahga kirsa, AQSh Isroilga siyosiy va harbiy yordam bermay qo‘yishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: —Yo‘q, buning ehtimoli kam. AQSh Isroilni qo‘llamasa, Isroil juda murakkab ahvolga tushib qoladi. Chunki bu yerda bir qancha qudratli musulmon davlatlari bor, agar AQSh qo‘llovi to‘xtasa, u uzoq yashay olmaydi. Isroilning AQShga ta’sir qilish va undan yordam olishining bir qancha darajalari mavjud. Biz hozir rasmiy hokimiyat haqida gapiryapmiz. Lekin u yerda mustaqil va juda boy yahudiy lobbisi bor, davlatning boshqa organlari, ikkita partiya bor. Bayden atrofidagi siyosiy namoyandalarning ham ko‘pchiligi etnik yahudiy, Blinken ham. Yahudiy lobbisi Isroilni qo‘llashda davom etyapti. Bayden Rafahga kirishdan ogohlantirdi, lekin qanaqadir choralar ko‘ramiz, demadi, bunday bo‘lmaydi ham. Bu shunchaki do‘stona ogohlantirish va arab-musulmon dunyosiga “AQSh bu ishni qo‘llamayapti” deb aytish xolos.
Shavkat Ikromov: — Nazariya bo‘yicha AQSh Isroilni umuman qo‘llamay qo‘ysa ham, Isroilga qarshi turishda HAMASni kim qo‘llaydi, degan masala bor. Eron omili bor, lekin u to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llamaydi, Hizbulloh orqali qo‘llab turadi. Husiylar nazoratidagi Yaman ham kuchli davlat emas.
Kamoliddin Rabbimov: —Menimcha, vaziyat o‘zgaradi. Agar AQSh nimadir sabab bo‘lib, Isroilni qo‘llashni to‘xtatsa, arab va musulmon dunyosida yangi harakat boshlanadi, barcha arab davlatlarining ham qarashi o‘zgaradi. Boy aholi Isroilga qarshi kurashni moliyalashtirishi, jamiyat faollikni qo‘lga kiritishi mumkin va Isroil ko‘p yashay olmaydi bunday holatda. Ammo bugun bunday faollik yo‘q, AQSh qudrati haqidagi tasavvurlar asosiy rol o‘ynayapti.
— Isroil Rafahga kirsa, nima bo‘ladi, qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?
Shavkat Ikromov: — Isroil Xon Yunusga kirishidan oldin ham xuddi shunday vaziyat bo‘lgandi, Isroil ogohlantirilgandi. Lekin baribir kirib bordi va mana endi Rafahga qarab harakatlanyapti. Bu yerda 1 milliondan ortiq aholi bor, G‘azodagi so‘nggi nuqta. Humanitar inqiroz xaqida ko‘p ogohlantirish bo‘lgandi Netanyahuga, lekin u bilganidan qolmadi. Bu safar ham katta ehtimol bilan kirib boradi Rafahga.
— Rossiya va Xitoy AQSh tomonidan taklif qilingan BMT Xavfsizlik kengashining G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi.
Kamoliddin Rabbimov: — Rezolyutsiyada Isroilga o‘t ochishni to‘xtatish talabini qo‘yish haqida gap ketadi, ya’ni shunday asoslangan. Lekin bu rezolyutsiyaga Xitoy va Rossiya bilan birgalikda arab davlati bo‘lgan Jazoir ham veto qo‘ydi. Veto qo‘ygan davlatlarga HAMAS, husiylar va boshqa shu kabi guruhlar minnatdorchiligini bildirgan. Chunki rezolyutsiyada Isroil qoralanmaydi va unga nisbatan chora ko‘rish haqida gap yo‘q. Faqatgina vaziyatni yumshatish uchun qilingan xatti-harakat sifatida qabul qilindi.
Geosiyosiy kontekstda Xitoy va Rossiya Falastin va arab ko‘chasi tarafda. Faqat global maydonda shunday, chunki Xitoyning uyg‘urlar bilan muammosi bor, Rossiyaning ichki siyosatida musulmonlar bilan muammolar mavjud. Umuman, G‘arbga qarshi bo‘lgan tomonda turibdi Xitoy va Rossiya. AQShning maqsadi ohista shaklda Isroilni himoya qilish bo‘lyapti, deb rezolyutsiyaga qarshi chiqishdi.
Shavkat Ikromov: — Tahlilchilar Rossiya va Xitoy pozitsiyasini tahlil qilish uchun husiylarga ham bog‘lab ko‘rishdi. Lekin Rossiyaning BMTdagi vakili rezolyutsiya matniga e’tibor qaratib, xalqaro hamjamiyat va AQShdagi saylovchilarni chalg‘itish uchun yozilgan, BMT nizomlariga mos bo‘lmagan matn deb baholadi. Rossiya tomoni ham o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori ekanini aytgan, lekin Isroilga nisbatan chora ko‘rish nazarda tutilmaganiga e’tiroz bildirgan, Xitoy tomoni ham shu kabi fikrlarni aytgan.
Bundan oldingi 3 ta rezolyutsiyaga AQSh veto qo‘ygani sababidan ham Rossiya va Xitoy veto qo‘yishi ma’lum edi o‘zi. Ikki davlat ham mintaqada tinchlik bo‘lishi tarafdori, tinch aholi qurbon bo‘layotganidan xavotirda, lekin shu bilan birga Isroil manfaatlarini ko‘zlovchi rezolyutsiyaga ovoz bermasliklari aniq edi.
— Urush boshlanganiga ham yarim yil bo‘ldi. Harbiy harakatlarning oxiri ko‘rinyaptimi?
Kamoliddin Rabbimov: — Hozir Isroil murakkab holatga tushib qolgan. Netanyahu hukumati o‘zining maqsad-vazifalari haqida e’lon qilib bo‘lgan, G‘azodan HAMASni to‘liq yo‘qotamiz, degan. Ammo HAMASni to‘laqonli yo‘qotib bo‘lmaydi, chunki u oziqlanadigan jamiyatda Isroilga nisbatan ishonchsizlik va nafrat juda kuchli. HAMAS, g‘oyaviy tashkilot sifatida, mustaqil Falastin davlati tashkil topmaguncha so‘nmaydi. Isroil esa Falastin davlati tashkil topishiga yo‘l qo‘ymaydi. Isroilning bu “o‘yinini” ko‘pchilik tushunmagan edi, ammo 7 oktyabrdan keyin hamma tushundi buni. Isroilning maqsadi – Falastin yerlarini to‘liq egallab olish. Qolaversa, “Katta Isroil” loyihasi bilan boshqa qo‘shni davlatlarga ham xavf solib turibdi. Sinay yarimorolidan Dajla va Frotgacha bo‘lgan hududlar tarixan bizniki bo‘lgan, degan da’volari bor.
Bugun Isroil harbiy operatsiyani to‘xtatsa, undagi siyosiy inqiroz kuchayib ketadi, lekin HAMASni yo‘qotolmaydi ham. Bugun Isroil yakkalandi, uning tarixiy obrazi ashaddiy inson huquqlarini buzuvchi, muttasil genotsid qiluvchi, xalqaro qonunchilikni buzuvchi sifatida shakllanib bo‘ldi. AQShning global mavqeiga eng katta putur yetkazayotgan loyiha ham aynan Isroil. Borgan sari AQShga qimmatga tushaveradi bu. Dunyoda kuchlar nisbati o‘zgarishiga katta ta’sir qilayotgan omil ham Falastin davlati yo‘qligi va Yaqin Sharqdagi vaziyat. Ya’ni Yaqin Sharqdagi adolatsizlik sabab dunyo hamjamiyatining aksariyati AQShga ishonchsizlik bildiryapti.
— Arab davlatlaridan yaqin orada qandaydir harakat kutish mumkinmi?
Shavkat Ikromov: — G‘azodagi vaziyat bo‘yicha arab davlatlari keskin harakatlar qilishi ehtimoli juda past. 2024 yilda arab davlatlari qanday pozitsiyada bo‘lishi tahlil qilingan va keskin harakatlar kutilmayapti. Barcha arab davlatlari Falastin davlati tashkil topishidan manfaatdor. Lekin HAMASning mavjud bo‘lishi, ularning g‘oyalari amalga oshishini xohlashmaydi.
Kamoliddin Rabbimov: — Sovuq urush davrida boy arab davlatlari AQShning yaqin ittifoqchilari edi va Sovet ittifoqiga yaqin bo‘lgan boshqa arab davlatlari bilan kurashgan. Lekin bugungi kontekstda dollarning dunyo iqtisodiyotidagi ulushi pasaymoqda, 2000 yillarda dollar dunyo valutasining 75 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, bugun 57-59 foiz atrofida. Dollardan voz kechayotgan yirik davlatlardan biri Saudiya, u savdosining bir qismini Xitoy valutasida amalga oshiryapti. Bugun arab dunyosida imkon qadar AQSh bilan to‘qnashmaslik, AQSh loyihalariga qarshi loyihalarni qo‘llash siyosati ketyapti.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024
American Airlines aviakompaniyasi AQShga barcha reyslarni to‘xtatdi
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05 / 24.12.2024