Jahon | 17:20 / 30.03.2024
21188
13 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilar uchun hayot va mamot to‘qnashuvi – dunyodagi eng xavfli yo‘llar qayerlarda joylashgan?

Ayrim haydovchilar mashina boshqarayotganda qiziqqonlik qiladi va “tulpor”ini uchirib haydashni xohlab qoladi. Bunday paytlarda tez yurish xavfli ekani va buning oqibati ayanchli tugashi ham ularni to‘xtatib qololmaydi. Biroq dunyoda shunday yo‘llar borki, tez yurishni, xavfli manyovrlarni yoqtiradigan haydovchilar ham ulardan o‘tishda qo‘rqishadi.

20-asrning ikkinchi yarmida avtomobil sanoati juda taraqqiy etdi. Dunyodagi ko‘plab avtomobilsozlik kompaniyalari bir vaqtning o‘zida o‘nlab turdagi yengil va yuk mashinalarini ishlab chiqara boshladi.

Shunga yarasha avtomobillar harakatlanishi uchun ko‘plab yo‘llar qurildi. Shunga hamohang yo‘lovchi va yuk tashish hajmi keskin o‘sib bordi. Bir paytlar yolg‘izoyoq yoki arava harakatlana oladigan joylarda avtoyo‘llar qurildi.

Hatto o‘tish qiyin bo‘lgan joylar yoki tog‘ dovonlarida ham yo‘llar paydo bo‘ldi. Natijada juda uzoq joylardan aylanib kelish kerak bo‘lgan joylarga harakatlanish biroz xavfli bo‘lsa ham yaqinroq yo‘l orqali yetib olish imkoniyati tug‘ildi.

Bugun dunyoning bir qancha hududlarida mashina boshqarib o‘tish ancha xavfli bo‘lgan ana shunday yo‘llar bor. Ularning aksariyati xavfli tog‘ yo‘llari hisoblanadi.

Bir tomondan juda chiroyli tabiat manzaralari, ikkinchi tomondan tik jarlik – bunday joylardagi tor yo‘llardan mashina boshqarib o‘tishga har qanday haydovchida jasorat topilmaydi.

Quyida dunyodagi eng xavfli avtoyo‘llar haqida ma’lumot beramiz.

Tun ko‘li bo‘ylab o‘tgan yo‘l, Shveytsariya

Foto: alamy.com

Tun ko‘li Shveytsariyaning Bern kantonida joylashgan. Ana shu ko‘l yoqasida dunyodagi eng xavfli yo‘llardan biri joylashgan. Eni juda tor bo‘lgan asfalt yo‘l keskin tog‘lar bo‘ylab tepaga cho‘zilib ketgan.

Eng tepaga chiqquncha ana shu tor yo‘l bo‘ylab keskin og‘ishlar, xavfli burilishlar, tog‘ arkalari va tunnellaridan mardona o‘tish kerak. Bu esa oson emas.

Foto: alamy.com

Yo‘lning bir qismi tik qoyalarga temir beton konstruksiyalar qotirilib yasalgan. Pastda joylashgan, ko‘zga birmuncha osoyishta tuyuladigan ko‘lning ko‘plab sirlari bor.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Shveytsariya hukumati foydalanilmagan o‘q-dorilarni Tun ko‘liga cho‘ktirishga qaror qilgandi. Hozir ko‘l ostida eng kamida 3 tonna qurol-yaroq zanglab yotibdi.

Zoji-La dovonidagi yo‘l, Hindiston

Foto: iranbanou.com

Zoji-La dovonidagi yo‘l Hindiston va Pokiston o‘rtasida bahsli bo‘lgan Kashmir shtatida joylashgan. (Bu shtatni Hindiston nazorat qiladi.)

Yo‘lning Ladakx va Kashmir shaharlari orasidagi qismi tog‘ dovonida, dengiz sathidan 3500 metr balandlikda joylashgan. Dovondan o‘tgan yo‘l juda tor bo‘lib, undan nafaqat mashinalar harakatlanadi, balki mahalliy aholi o‘z chorva mollarini ham shu yerdan haydab o‘tadi.

Foto: telegraph.co.uk

Ana shunday paytlarda chorva mollari yo‘lni to‘liq yopib qo‘yadi va ularni belgilangan manziliga yetib olguncha dovondagi yo‘lning ikki tomonida ham bir necha kilometrlik tiqilinchlar yuz beradi.

Dovondan o‘tgan yo‘l juda tor bo‘lishi bilan birga, uning bir tomoni qir, ikkinchi tomoni jarlikdan iborat. Shu sababli bu yo‘lda mashina boshqarish uchun kishida dovyuraklik xislati bo‘lishi kerak.

Yo‘l asfalt qilinmagan. Zero yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani uchun asfalt uzoq muddatga chidamasa ham kerak. Bu yerdan harakatlanayotgan yuk mashinalar yonma-yon bo‘lib qolganda ular bir-biriga yo‘l berib zo‘rg‘a harakatlanadi.

Hana yo‘li, Havayi (AQSh)

Foto: huffingtonpost.ca

Hana yo‘li uzunligi 103,6 km bo‘lib, u Havayi orollari tarkibiga kiruvchi Maui orolida joylashgan Kahauli hududini Hana shahri bilan bog‘laydi.

Mazkur yo‘lda 60dan oshiq ko‘prik bor. Son-sanoqsiz tog‘ soylari va tropik yomg‘irlar ba’zi joylarda yo‘lni yuvib ketadi. Kuchli shamol ko‘chkilarga olib keladi.

Hana yo‘lidan yurishni tanlagan sayohatchilar xavfli sayohat vaqtida ko‘plab keskin burilishlarga duch kelishadi. Bu yo‘lda jami 620 ta keskin burilish joylari bor.

Ko‘chani sel yuvib ketganda yoki ko‘chki tushganda ma’lum vaqtga yo‘l yopilib qolishi mumkin. Biroq ular bambuk o‘rmonlari, ko‘plab chiroyli sharsharalar va tropik o‘rmonning boshqa go‘zalliklaridan zavq olishadi.

Guolyan tunneli, Xitoy

Foto: fj.people.com.cn

Guolyan tunneli Xitoyning Xenan provinsiyasida joylashgan. Yo‘lning nomi Guolyan tunneli deyilgani bilan oddiy tunnelmas. Gap shundaki o‘tgan asrning 70-yillarida bu yerda yo‘l o‘tkazilayotganda yo‘l tik tog‘ qoyasiga kelib qadalib qolgan.

Shunda odamlar tog‘ni qo‘l mehnati bilan o‘yib tunnellar ochishgan va ularning soni juda ko‘p. Tunnel ichi yoritilmaydi va qorong‘i. Shunday bo‘lsa ham u yo‘lning eng xavfsiz joyi hisoblanadi va mashinalarni keskin jarlikka qulashdan himoya qiladi.

Foto: alamy.com

Ammo yo‘lning boshqa ochiq qismlaridan yurish juda xavfli. Chunki ayrim joylarda yo‘lning kengligi bor-yo‘g‘i 4 metrni tashkil etadi va bunday joylardan harakatlanishda haydovchilardan diqqatni maksimal bir joyga jamlab, ehtiyot bo‘lish talab qilinadi.

Xitoyliklar bu yo‘lni “xatolarni kechirmaydigan yo‘l” deb atashadi. Bu bejizga emas. Biroz ehtiyotsizlik qilinsa mashina pastga qulab ketishi hech gapmas.

Passaj dyu Gua, Fransiya

Foto: hoatinhthuong.net

Bu yo‘l Fransiyaning Atlantika okeaniga tutash qirg‘oqlarida Burnyof qo‘ltig‘i bo‘ylab o‘tgan. Yo‘l kuniga bir necha soatga ochiladi xolos. Qolgan paytlarda uni suv bosadi, yo‘ldan harakatlanishning iloji bo‘lmaydi.

Gap shundaki bu yo‘l okean suvi kamaygan vaqtda ko‘rinadi va ochiq bo‘ladi. Kuchli to‘fonlar paytida baland to‘lqinlar sababli u suv ostida qoladi. Ana shunday paytda to‘lqinlar yo‘ldan harakatlanayotgan mashinalarni oqizib ketishi ham mumkin.

Foto: albayan.ae

Shu uchun ham yo‘l haydovchilarga va mashinalarga hech narsa xavf solmaganda ochiq bo‘ladi. Ob-havo yomonlashganda, kuchli shamol turganda yopib qo‘yiladi.

Ba’zida havo sokin bo‘lganda ko‘prikni biroz suv bosgan bo‘lsa ham u ochiq turadi va mashinalar o‘tib-qaytadi. Biroq bu ham ancha xavfli. Chunki suv ostidagi yo‘lni ilg‘ab mashina boshqarish oson emas.

Taroko darasidan o‘tgan yo‘l, Tayvan

Foto: semnaklairam.blogspot.ca

Taroko darasidagi yo‘l Tayvandagi Taroko milliy parki hududida joylashgan. Bu yo‘l ham Guolyandagi yo‘lga juda o‘xshash. Bunda ham tog‘da tik qoyalar teshilib yo‘l o‘tkazilgan. Pastda daryo oqadi.

Yo‘l o‘tgan hududda ko‘p yog‘ingarchiliklar bo‘ladi. Bunday paytlarda tog‘dan sel suvlari oqib tushadi, tez-tez ko‘chkilar sodir bo‘ladi. Bundan tashqari seysmik faollik vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Himachal-Pradesh shtati yo‘llari, Hindiston

Foto: flickr.com

Himachal-Pradesh shtati Hindiston shimolida, Himolay tog‘larining janubiy qismiga tutash hududda joylashgan. Shtatda o‘nga yaqin Milliy yo‘l (Hindistonda muhim yo‘llarni shunday deb atashadi) bor.

Bu yo‘llarning aksariyati juda tor bo‘lib, ular tog‘lar yonbag‘ridan yoki dovonlar tepasidan o‘tkazilgan. Ularda haydovchilar mashinalarni juda ehtiyot bo‘lib boshqarishadi.

Garchi harakatlanish juda xavfli bo‘lsa-da Himachal-Pradesh yo‘llarining aksariyatida yo‘lovchi avtobuslar ham harakatlanadi. Hududning tabiati juda chiroyli, hamma yoq o‘rmon bilan qoplangan.

Yo‘llarning bir qismi salobatli muzliklari bor Rotang La dovoni orqali o‘tadi. Qor ko‘chkilari tufayli yilning asosiy qismida dovondan o‘tgan yo‘l yopiq bo‘ladi.

Paso-de-los-Karakoles, Chili

Foto: La Nación

Chili va Argentina o‘rtasida joylashgan Paso-de-los-Karakoles dovonidan o‘tgan yo‘l dunyodagi eng xavfli yo‘llardan biri hisoblanadi. Bu yerda Xitoy va Tayvandagi kabi tog‘ qoyalarini yo‘nib yo‘l ochishmagan. Balki dovon tepasiga chiqquncha 20 dan oshiq keskin burilishlardan o‘tib borish kerak.

Yilning asosiy qismida yo‘lni qor qoplab yotadi. Shu sababli yoz fasli uchun mo‘ljallangan shinalar taqqan mashinalar bu yo‘ldan chiqa olmaydi.

Doimiy noqulay ob-havoga qaramay, dovon yo‘lida har doim yuk mashinalarini, hatto ikki qavatli sayyohlik avtobuslarini ham uchratish mumkin.

Atlantika yo‘li, Norvegiya

Foto: oicwx.com

Atlantika yo‘li Norvegiyaning shimoliy qismidan, okean bo‘ylab cho‘zilib ketgan. Bu yo‘l mamlakatning asosiy diqqatga sazovor joyi va madaniy meros obekti sifatida tan olingan.

Yo‘lning bir qismi quruqlikdan, ayrim qismlari beton ustunlar bilan okean ustidan o‘tkazilgan.

Bu yo‘ldan yurish chog‘ida Atlantika okeani go‘zalligidan to‘la zavq olish mumkin. Ammo haydovchi bir daqiqa ham chalg‘imasdan hushyor bo‘lishi kerak. Chunki istalgan vaqtda okeandan kelgan to‘lqin mashinani surib ketib, suvga tushirib yuborishi mumkin.

Kol de la Bonet, Fransiya

Foto: auto.onliner.by

Kol de la Bonet, Fransiya – Alp tog‘larining Fransiya hududidagi qismida joylashgan eng baland dovon yo‘li hisoblanadi.

Bu yo‘l haydovchilar uchun juda noqulay va mashina boshqarish ancha murakkab hisoblanadi. Biroq yo‘lni velosiped haydovchilari ancha yoqtirishadi. Velosport bo‘yicha o‘tkaziladigan eng nufuzli turnir "Tur de Frans" poygasi bu yerda to‘rt marta o‘tkazilgan.

Tyanmen tog‘i yo‘li, Xitoy

Foto: shutterstock.com

Tyamen tog‘idagi dovondan o‘tgan yo‘l dunyodagi eng murakkab va qiyin yo‘llardan biri hisoblanadi. Bu yo‘lning 10 km joyida 99 ta burilish bor va bunday yo‘l dunyoning biron joyida uchramaydi.

Yo‘lning murakkab qismi boshlanadigan joy va dovon tepasi tik balandlikda 1 km chiqadi. Yo‘lning eng tepa qismi “Osmon darvozalari” degan mashhur nomga ega va u joyga chiqib borish oson emas.

Sen-Gotard dovoni orqali yo‘l, Shveytsariya

Foto: alamy.com

Ma’lumki, Alp tog‘larining bir qismi Shveytsariyada joylashgan va shu sababli bu yerda bir nechta dovon yo‘llari bor. Sen-Gotard dovoni orqali yo‘l ular orasida eng xavflisi hisoblanadi.

Bir paytlar Aleksandr Suvorov o‘z qo‘shinini Sen-Gotard dovonidan olib o‘tgan va u shunisi bilan ham mashhur. Bugungi kunda dovonda avtomobil yo‘li ilingan, biroq u haydovchilar uchun eng murakkab yo‘l hisoblanadi.

Sen-Gotard dovonidan o‘tgan yo‘lning asosiy qismida himoya to‘siqlari o‘rnatilmagan. Mashina harakatlanib ketayotganda ularni chuqur jarlikdan ozgina masofa ajratib turadi xolos.

Dovondagi yo‘l ham Tyanmen va Chilidagi yo‘l singari tepaga ilonizi tarzda buralib chiqib ketadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid