Kuleba: Hindiston Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar chuqurlashishidan xavotirda bo‘lishi kerak
Kiyev «Hindiston bilan savdo-sotiqni tiklashga» intiladi, dedi Dmitriy Kuleba Nyu-Dehliga tashrifi chog‘ida. Shuningdek, u Hindiston kompaniyalarini Ukrainani qayta tiklashda ishtirok etishga taklif qildi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning aytishicha, Nyu-Dehli Rossiyaning Hindiston bilan chegaradagi bahsli hududlar bo‘yicha mojaroda ishtirok etayotgan Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirayotganidan xavotir bildirishi kerak. Ukraina diplomatiyasi rahbari Britaniyaning Financial Times gazetasida 29 mart, juma kuni Kulebaning Hindistonga tashrifi fonida chop etilgan intervyusida: «Xitoy-Rossiya munosabatlari Hindiston uchun milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan alohida e’tiborga molik obekt bo‘lishi kerak», dedi.
Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi chegara mojarosi
«Interfaks» agentligi ta’kidlaganidek, Hindiston 1960-yillardan beri Xitoy, Hindiston va Pokiston tutashgan hududda joylashgan Aksaychin mintaqasi ustidan Xitoy nazoratiga qarshi kurashib keladi. Nyu-Dehli uni Ladakx viloyatining bir qismi deb biladi. O‘z navbatida, Pekin Hindistonning Arunachal-Pradesh shtatida 90 ming kvadrat kilometr maydonga da’vo qiladi.
2020 yil may oyida Kunlun va Himoloy tog‘ tizimlari o‘rtasida joylashgan Ladakx viloyatida vaziyat yomonlashdi. U yerdagi xitoy va hind harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida ikkala tomon ham chegarada harbiy ishtirokini oshira boshladi.
Kuleba Hindistonning Rossiya bilan aloqalari haqida
Hindistonda bo‘lib turgan Dmitriy Kuleba Nyu-Dehli va Kiyev o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, Ukrainani urushdan keyingi qayta qurish doirasida kengaytirish tarafdori ekanini aytdi. Rossiya bo‘yicha, Ukraina diplomatiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi va Hindiston o‘rtasidagi yaqin aloqalar «sovet merosi»ga asoslanadi. «Ammo bu davom etadigan meros emas, balki parga o‘xshab yo‘qolib ketayotgan meros», deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli hujumi boshlanganidan so‘ng, Hindiston, global janub deb ataladigan boshqa ko‘plab davlatlar singari, urushayotgan tomonlarning hech birini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlab chiqmadi.
Ayni paytda, Nyu-Dehli AQSh, Fransiya va boshqa davlatlar bilan hamkorlik orqali ta’minotni diversifikatsiya qilishga urinishiga qaramay, bugungi kunda Rossiya Hindistonga eng yirik qurol yetkazib beruvchi bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, Hindiston g‘arb sanksiyalari tufayli narxi tushib ketgan Rossiya xom neftining yetakchi xaridoriga aylandi. Dmitriy Kuleba avvalroq bu borada Hindiston sotib oladigan rus xom neftining har bir barrelida «Ukraina qoni ulushi bor» deb aytgan edi, deb eslatadi FT.
Hindistonga bu safargi safari chog‘ida Kuleba ushbu davlat va Ukraina o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish tarafdori ekanini aytdi. «Urushdan keyin Ukraina, ehtimol, dunyodagi eng yirik qurilish maydoniga aylanadi va Hindiston kompaniyalari rekonstruksiyada ishtirok etishi mumkin», dedi u. Bundan tashqari, vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina u yerga o‘simlik yog‘i kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta yo‘lga qo‘yib, Hindiston tovarlarini o‘zi ko‘proq sotib olib, Hindiston bilan «savdoni tiklash»ga intilmoqda. «Biz Hindiston ishlab chiqaradigan og‘ir texnika ayrim turlarini import qilishdan manfaatdormiz», - deya aniqlik kiritdi Kuleba.
Kuleba AQShning Ukrainaga harbiy yordami haqida
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbarining Hindistonga tashrifi Ukraina qurolli kuchlari uchun frontdagi murakkab vaziyat fonida, Rossiya qo‘shinlari front chizig‘ida tashabbusni qo‘lga olgan va AQShning keyingi yordami muzlatib qo‘yilgan bir paytda amalga oshirilmoqda.
Bu vaziyatni izohlar ekan, Kuleba Vashington Ukrainaga yangi harbiy yordam berish borasida kelishib olishiga ishonch bildirdi. «Gap harbiy yordam ko‘rsatilishi haqida emas, balki qachon va qanday taqdim etilishida», dedi u.
Mavzuga oid
23:25 / 23.12.2024
Bangladesh Hindistondan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani ekstraditsiya qilishga yordam berishni so‘ramoqda
11:42 / 18.12.2024
O‘zbekiston va Hindiston zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkonini o‘rganmoqda
20:02 / 17.12.2024
Hindiston havoning ifloslanishi bilan bog‘liq cheklovlarni kuchaytirdi
21:54 / 12.12.2024