Jahon | 23:20 / 30.03.2024
13581
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburg sudlari bir hafta ichida 400 dan ortiq migrantni deportatsiya qildi

Huquq faollari Rossiyada xorijliklarning ommaviy hibsga olinishi va deportatsiyasi haqida xabar berishdi.

Foto: Kondrat Aleksandrov / URA.RU

25 martdan 29 martgacha Sankt-Peterburg sudlari chet el fuqarolarini Rossiyadan majburiy chiqarib yuborish bo‘yicha bir necha yuzlab qarorlar chiqardi. Bu haqda shahar sudlari qo‘shma matbuot xizmati rahbari Darya Lebedeva ma’lum qildi.

Ushbu davrda sudlarga migratsiya qonunchiligiga rioya qilmaslik yuzasidan 584 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar kelib tushgan.

Sudlar tomonidan 515 ta ish ko‘rib chiqilgan. Natijada sudlar 418 nafar xorijlikni Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlariga (TsVSIG) jo‘natish va keyin ularni Rossiyadan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qilgan. Yana 48 kishi jarima to‘lashi va Rossiyani mustaqil ravishda tark etishi kerak.

«Zarur hollarda barcha ishlar tarjimonlar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Migrantlarning huquqlari sudlar tomonidan to‘liq hurmat qilindi», deb qo‘shimcha qildi Lebedeva.

29 mart kuni «Pervyy otdel» inson huquqlari guruhi Sankt-Peterburgda huquq-tartibot idoralari Rossiyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni aniqlash va deportatsiya qilish bo‘yicha «Antimigrant» keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazayotgani haqida xabar berdi. Ayrim xorijliklarning manfaatlarini himoya qilgan advokatlardan biri yotoqxona va xonadonlarda reydlar o‘tkazilayotgani, maxsus hibsxonalar to‘lib qolganini aytdi. Unga ko‘ra, migrantlar Rossiyadan ommaviy ravishda chiqarib yuborilmoqda.

22 mart kuni «Krokus Siti Xoll» binosida yuz bergan terrorchilik hujumidan keyin 4 nafar tojikistonlik gumondor qo‘lga olingan edi. Shundan so‘ng, Rossiyada noqonuniy migrantlarga qarshi reydlar kuchaytirildi.

25-27 mart kunlari Moskvada xorijlik fuqarolarning Rossiyaga kirish qoidalarini buzganligi bo‘yicha 784 ta sud qarori ro‘yxatga olingan. Ular bo‘yicha deportatsiya qilinadigan migrantlar soni ma’lum emas.

Mavzuga oid