Geosiyosiy strategiyalar – Hartlend va Rimlend nazariyalari hozir ham amaldami?
19-asrda eng qudratli davlat bo‘lgan Britaniyada dunyoni nazorat qilish uchun Hartlend nazariyasi ishlab chiqilgan. 20-asrda gegemonga aylangan AQSh esa o‘zining Rimlend nazariyasini yaratgan. Siyosiy tahlilchi Farhod Karimov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bu strategiyalarning hozirgi global jarayonlarga va Markaziy Osiyoga ta’siri haqida so‘zlab berdi.
— 19-asrda dunyoda yangi sub’yektlar paydo bo‘ldi, kuchli davlatlar shakllandi, xususan, AQSh shakllana boshladi. Bundan tashqari, Yevropada bir qancha markazlashgan davlatlar shakllandi, masalan, Prussiyaning birlashishi. Shu vaziyatda ular tomonidan butun dunyoni qayta bo‘lib olishi masalasi chiqdi va davlatlarning buyukligi dunyo xaritasidagi geografiyasi va siyosatiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Shundan keyin Yevropada bir qancha konsepsiyalar vujudga keldi va geosiyosat tushunchasi paydo bo‘ldi. Nemis geografi va etnografi Fridrix Ratsel Yevropa markazidan turib butun dunyoni qanday boshqarish mumkin, degan masalani kiritgan. Prussiyada german qabilalari birlashishi natijasida dunyoni qayta bo‘lib olishda biroz kechikkan Germaniya endi butun dunyoni qanday tashkil etamiz, qanday boshqaramiz, degan masalani qo‘ydi.
20-asr boshlarida Buyuk Britaniya bu masalada Yevropada ustunlikni boy bermaslik uchun turli konsepsiya, strategiyalar ishlab chiqa boshlagandi. Shu davrda geosiyosatga Hartlend tushunchasini kiritgan Jon Makkinder bo‘ladi, u Angliya qirolining maxfiy maslahatchisi hisoblangan. Shu tushunchaga asosan Britaniya 20-asr boshlarida o‘z tashqi siyosatini shakllantirdi.
Makkinderning oldiga biz dunyoni qanday nazorat qilsak bo‘ladi, tayanch nuqta qayerda, degan masala qo‘yildi. U butun Yevrosiyo mintaqasini “butun dunyo oroli” deb atab, uning markazidagi hududlarni Hartlend deb atadi, bunga Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa hududlari kiradi. Ya’ni mana shu sivilizatsiya o‘choqlari bo‘lgan hududlarni nazorat qilsak, butun dunyoni nazorat qilish mumkin degan konsepsiyani kiritdi.
Britaniya Birinchi jahon urushidan keyin ham shu konsepsiya bo‘yicha ish ko‘rdi. Bu orada Amerika qit’asida AQSh kuchayib kelib, yangi siyosiy kuch sifatida butun dunyoga da’vo qilishni boshladi. Natijada AQShda ham yangi konsepsiya ishlab chiqildi, bu Nikolas Spaykmen degan geograf, politolog olim tomonidan taklif etildi. Uning nazariyasiga ko‘ra, Hartlendni nazorat qilish muhim emas, uning atrofidagi dengiz bilan chegaradosh hududlarni nazorat qilish orqali butun dunyoni nazorat qilish mumkin. Va bu Rimlend nazariyasi deb ataldi.
Ikkinchi jahon urushidan oldin 30-40 yillarda AQSh konsepsiyasi shu asosda shakllandi. Nikolas Spaykmenning “Jahon siyosatida AQSh strategiyasi” asari bugungi kunda ham AQSh geosiyosatining konseptual asosi bo‘lib xizmat qiladi. Keyinchalik Rimlend konsepsiyasi asosida Hartlendni o‘rab oluvchi Anakonda strategiyasi ham ishlab chiqilgan.
— Bu nazariyalarda Markaziy Osiyoning o‘rni qanday?
— Hartlendga kirish uchun 2 ta darvoza bor deyilgan: biri Sharqiy Yevropa bo‘lsa, ikkinchisi Markaziy Osiyo. Sharqiy Yevropada haligacha tinchlik bo‘lmayotganiga ham asoslardan biri – mana shu konsepsiya. Afg‘onistondagi holat ham shunga misol bo‘loladi. Afg‘onistonda barqarorlik bo‘lsa, Rimlendga kiradigan darvozalar yopilib qoladi, shu sabab Sharqiy Yevropa va Afg‘onistonda beqarorlik bo‘lib turadi.
— Bugungi geosiyosiy jarayonlar qanchalik shu nazariyalarga asoslanadi?
— Hozir Yevroosiyoda dengiz yo‘liga alternativlar paydo bo‘lgan, Rimlend hududida va Afrikada ham juda katta katta energiya manbalari aniqlangan. Qolaversa, axborot-texnologiyalari rivojlandi, bular barchasi global siyosatga ta’sir qiladi. Lekin bugungi AQSh va G‘arb, Rossiya, Xitoyning tashqi siyosiy faoliyatida hali ham 20-asrdagi asosiy ambitsiyalar davom etmoqda, shu sababdan ham Hartlend va Rimlend konsepsiyalari amalda deyish mumkin. Agar bu konsepsiyalardan voz kechilganida, beqarorlik manzillari o‘zgarishi kerak edi, ammo hali ham bu manzillari o‘sha-o‘sha. Rimlendga Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Hind okeani orqali Uzoq Sharq hududlari kiradi, shu yerlarda hali ham AQSh faolligi kuzatildi, chunki bu hududlarni nazorat qilish Hartlendni nazorat qilish imkonini beradi.
— Ukraina urushi misolida ham tushuntirish mumkinmi bu konsepsiyalarni?
— Yuqorida aytganimdek, Makkinder Hartlend nazariyasida aytib o‘tgan buning sababini, ya’ni asosiy sivilizatsiya o‘choqlari olingan bunda, bular esa Yevrosiyoga to‘g‘ri keladi. Dunyo aholisining katta qismi ham shu hududga to‘g‘ri keladi. Afrikadagi sivilizatsiya ham Yevrosiyo tomonga siljigan.
Hozirgi Ukraina hududida 19-20-asrlarda ham Hartlend davlatlari va g‘arbiy, dengiz davlatlarining manfaatlari to‘qnashgan. Zamonaviy bosqichda ham kontinental kuchlar va dengiz kuchlarining to‘qnashuv chegarasi Sharqiy Yevropa va Ukraina hududiga to‘g‘ri keladi. Shu sabab ham bu hudud ziddiyatli bo‘lib kelmoqda. Shuning uchun ham NATO tashkil etilgan, ya’ni kontinental davlatlar ta’siri kuchayib ketmasligi uchun. Rimlend davlatlarining eng katta yutug‘i – Turkiyaning NATOga kirishi, bu ularga katta imkoniyat bergan.
— Xitoy ilgari surayotgan yangi “Buyuk ipak yo‘li” loyihasi Hartlend nazariyasiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
— Sovet ittifoqi Rimlend strategiyasini yorib chiqish uchun Afg‘onistonga kirgan edi, ammo bu o‘zining iqtisodiy beqarorligiga sabab bo‘ldi. Xitoy bu ssenariyni takrorlamaslik uchun qirg‘oqbo‘yi davlatlari bilan kuchli raqobatga kirishayotgani yo‘q, xususan, AQSh bilan. Shu sabab o‘zining alternativ quruqlik yo‘llari orqali harakat qilmoqchi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Osiyo Tinch okeani mintaqasi AQSh nazoratiga o‘tgan. Agar bu mintaqa ta’sir qilmoqchi, yorib chiqmoqchi bo‘lsa, AQSh va dengiz davlatlari bilan to‘qnashuv bo‘ladi. Shuning oldini olish uchun quruqlik orqali o‘ziga yo‘l topdi. Ayni mana shu sabab tufayli Xitoy va Rossiya hamkorligini tushunish mumkin.
Hozirgi kunda ham Rimlend va Hartlend konsepsiyalari amalda deydigan bo‘lsak, Xitoyning o‘z qudrati, imkoniyatini saqlab qolishi uchun yagona yo‘l (mojarosiz, yumshoq kuch asosida) – Rimlend bilan kesishmagan holda, Hartlend ichida dunyoga chiqish. Pekin aynan shuni loyiha qilib qo‘ydi. Xitoy AQSh bilan to‘qnashishni istamaydi, chunki Xitoyning qudrati uning sanoatida, uni shu darajaga chiqishida sanoat va mafkurasi asosiy o‘rin tutadi.
Rimlend davlatlari esa Xitoyning alternativ yo‘li bo‘lishini istamaydi, chunki bu yo‘l faqat Xitoy uchun emas, Rossiya va boshqa davlatlar uchun ham ishlaydi va kontinental mintaqaga ta’sir qilish richaglarini kuchsizlantiradi. Shu sabab ham Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaga bosimlar bo‘ladi bu loyihalarni yo‘qqa chiqarish uchun. Qora dengiz bo‘yidagi davlatlar beqarorligini shu bilan tushuntirish mumkin.
Ikkinchi masala ham bor. Janub orqali o‘tmaslik uchun Rimlend Hartlendga raqobat sistemasidagi konsepsiyalar shakllandi. Bu yerda kommunizm bo‘lsa, Hindiston va Pokistonga kapitalizm olib kirildi, Osiyo Tinch okeani mintaqasidagi Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin va boshqa davlatlar rivojlanishida AQSh ishtirok etdi va Xitoyga raqobat hamda bufer hudud sifatida shakllantirildi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:46 / 05.11.2024
«Tramp prezident bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat qiyinlashadi» - Kamoliddin Rabbimov
15:24 / 03.11.2024
Gurjiston va Moldova saylovlari: Yevropa orzusi orzuligicha qoldimi?
19:21 / 01.11.2024
Oxunzoda va Haqqoniy qarama-qarshiligi: «Tolibon» rahbariyatida nizo avj oldimi?
22:49 / 28.10.2024