Jahon | 14:43 / 01.04.2024
7843
4 daqiqa o‘qiladi

MBDA kompaniyasi TAURUS raketalarini ishlab chiqarishni to‘xtatdi

MBDA konsernining Germaniya bo‘linmasi raketa ishlab chiqarish to‘xtatilishini buyurtmalar yo‘qligi bilan izohladi.

Foto: Leonhard Simon/Getty Images

Yevropaning Matra BAE Dynamics Aerospatiale (MBDA) konserniga tegishli TAURUS raketa ishlab chiqaruvchisining Germaniyadagi shu’ba korxonasi rahbari Tomas Gotshild buyurtmalar yo‘qligi sababli ularni ishlab chiqarish to‘xtatilganini ma’lum qildi. U bilan suhbat 30 mart, shanba kuni Augsburger Allgemeine gazetasida chop etilgan

Gotshildning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa sanoati buyurtmalarsiz mahsulot ishlab chiqarishga haqli emas va TAURUS uchun buyurtmalar bo‘lmagan. Shu bilan birga, u Ukraina sotib olmoqchi bo‘lgan raketalarni ishlab chiqarishni qayta tiklash uchun biroz vaqt ketishi haqida ogohlantirdi. 

«Agar ishlab chiqarish to‘xtatilsa, TAURUS bilan bo‘lgani kabi, bu bizning sanoatimiz uchun muammoga aylanadi, - deb tushuntiradi u. – Chunki asosan kichik va o‘rta korxonalar bo‘lgan yetkazib beruvchilarimiz bunday hollarda ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘yadi. Ular ishlab chiqarish liniyalarini moliyaviy jihatdan ushlab turishga qodir emas. Shuning uchun, agar biz TAURUS uchun yangi buyurtma olsak, yetkazib beruvchilarimiz birinchi navbatda qayta tiklanishi va, masalan, o‘zini zarur xomashyo bilan ta’minlashi kerak».

«Mudofaa sanoati mo‘jizalar yarata olmaydi: biz bugun buyurtma olib, ertaga yetkazib berishimiz imkonsiz, - deydi menejyer. - Shuning uchun ham siyosatchilar bilan muhokama qilganda, biz har doim buyurtmalar qanchalik rejalashtirishga bog‘liq ekanini ta’kidlaymiz. Mudofaa sanoati kelajakda, shu jumladan, qisqa muddatda imkoniyatlarni taqdim eta olishi uchun uzoq muddatli buyurtmalarga muhtoj». 

Shols Ukrainaga TAURUS yetkazib berilishini rad etishda davom etmoqda 

Germaniya federal kansleri Olaf Shols esa Ukrainaga TAURUS raketalarini yetkazib berish imkoniyatini rad etishda davom etyapti. U buni Germaniya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi «urushning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik» hamda Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushning oldini olishga harakat qilayotgani bilan izohlaydi. 

Muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) raisi Fridrix Mers, o‘z navbatida, TAURUS’ni Ukrainaga jo‘natishni faol qo‘llab-quvvatlayapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalar Ukrainaga «Rossiya armiyasi ta’minot liniyalarini jiddiy ravishda buzishga» yordam beradi. 

Germaniya bundestagi hukmron koalitsiyadagi partiyalarning ko‘pchilik ovozi bilan so‘nggi oylarda Ukrainaga TAURUS raketalari berilishiga ikki marta qarshi chiqdi. Shu bilan birga, nemislarning yarmidan ko‘pi (61 foiz) TAURUS’ning Ukrainaga yetkazib berilishiga qarshi, faqat 29 foizi buni yoqlamoqda. Bu - ARD telekanali va Die Welt gazetasi buyurtmasi bilan Infratest dimap instituti tomonidan o‘tkazilgan Deutschlandtrend vakillik so‘rovi ma’lumotlari. Ular 7 mart kuni ommaga e’lon qilindi. 

Mavzuga oid