Jo Bayden va Si Jinping telefonda Tayvan, texnologiyalar va Rossiya haqida gaplashdi
2 aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping uzoq vaqtdan keyin birinchi marta telefon orqali suhbatlashdi. Mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlik yuqori darajada qolmoqda va tomonlar uni pasaytirishni xohlayapti, biroq, har qanday yo‘l bilan emas.
Oq uy suhbat yakunlari bo‘yicha hisobot e’lon qildi, shundan kelib chiqadiki, Bayden Tayvan, Yaqin Sharqdagi mojaro, Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi, savdo siyosati, TikTok ijtimoiy tarmog‘i atrofidagi vaziyat, Ukraina mojarosida Xitoy tomonidan Rossiyaning qo‘llab-quvvatlanishi va boshqa bir qancha mavzularni gapirgan. Suhbat aniq natijalarni muhokama qilishdan ko‘ra ko‘proq «nazorat tadbiri» bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Bu haqda BBC yozdi.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi so‘zlariga ko‘ra, yetakchilar «ochiq va konstruktiv» suhbatlashgan.
Tayvan
Bayden Xitoyni bahsli Janubiy Xitoy dengizida Xitoy harbiy-dengiz kuchlari kemalari va boshqa davlatlarning kemalari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish haqida ogohlantirdi. Qo‘shma Shtatlar Xitoy armiyasi Tayvan yaqinida samolyot va kemalardan provokatsion maqsadlarda foydalanayotganini aytdi.
Bayden Si Jinpingga Vashington Pekin hukumatini mamlakatning yagona qonuniy hukumati sifatida tan oladigan «yagona Xitoy siyosati»ga amal qilishini takrorladi. Suhbatda Tayvan maqomi haqida gapirilmagan.
«Si Jinping Tayvan masalasi Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarda kesib o‘tmaslik kerak bo‘lgan birinchi qizil chiziq ekanini ta’kidladi», deyiladi Xitoy hukumati tomonidan chop etilgan suhbat tafsilotida.
Si AQShni Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaslik majburiyatini namoyish qilish uchun «aniq harakatlar» qilishga chaqirdi.
Xitoy Tayvan orolini o‘ziniki deb biladi va kerak bo‘lsa kuch bilan o‘ziga bo‘ysundirishga tayyor. Bu Xitoyning o‘nlab yillar davomida o‘zgarmagan pozitsiyasi. Biroq, Bayden butun prezidentligi davomida Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Qo‘shma Shtatlar orolni himoya qilishini bir necha bor ta’kidlagan. Bu bayonotlar orol mustaqilligini rasman tan olmagan, ammo qurol va pul bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgan AQSh an’anaviy siyosatiga ziddir.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Xitoy Xalq Respublikasi bilan aloqa o‘rnatish foydasiga Tayvan bilan rasmiy diplomatik munosabatlarni uzganidan so‘ng, «Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risida»gi qonun deb ataladigan hujjat asosida orolni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etmoqda.
So‘nggi paytlarda AQSh va Tayvan harbiylari o‘rtasidagi hamkorlik chuqurlashdi va o‘tgan yilning kuzida Bayden Taypeyning birinchi qurol grantini, garchi kamtarona 80 million dollarga bo‘lsa ham, Xorijiy Harbiy moliyalashtirish (FMF) dasturi doirasida ma’qulladi.
Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri ushbu dastur Kiyevga 4 milliard dollarga yaqin harbiy yordam bergan.
Texnologiyalar
Suhbat chog‘ida Si, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar tomonidan Xitoy iqtisodiyoti, ilm-fan va texnologiyasini bostirishga qaratilgan «cheksiz chora-tadbirlar oqimini» tanqid qildi, demoqda Xitoy rasmiylari. Avvalroq Qo‘shma Shtatlar Xitoyga ilg‘or yarimo‘tkazgichlar eksportiga cheklovlar qo‘ygan edi.
Bayden Si Jinpingga uning hukumati «savdo va investitsiyalarni cheklamasdan, ilg‘or Amerika texnologiyalaridan milliy xavfsizlikka putur yetkazishda foydalanilishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rishda davom etishini» aytdi.
Xitoy matbuotiga ko‘ra, Si Jinping bunga javoban: «Agar AQSh Xitoyning yuqori texnologiyali rivojlanishini bostirish va uni rivojlanish uchun qonuniy huquqidan mahrum etishni istasa, biz jim o‘tirmaymiz», degan.
TikTok
Kirbi so‘zlariga ko‘ra, yetakchilar Qo‘shma Shtatlarda TikTok platformasining ehtimoliy taqiqlanishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilgan va Bayden bu masala bo‘yicha o‘z xavotirlarini yana bir bor takrorlagan.
Mart oyida Kongress Vakillar palatasi ilovaga egalik qiluvchi Xitoy kompaniyasini uni sotishga majburlash uchun ovoz berdi – aks holda TikTok ijtimoiy tarmog‘i butun Qo‘shma Shtatlarda taqiqlanishi mumkin.
Qonun loyihasi hozir Senatda. Bayden so‘zlariga ko‘ra, Senat qonunni qabul qilsa, o‘zi uni imzolaydi.
«Bayden bu ilovani taqiqlash haqida emas, balki Amerika xalqining milliy xavfsizlik manfaatlari va ma’lumotlar xavfsizligini himoya qilish uchun uning sotilishidan manfaatdor ekani haqida tushuntirdi», dedi Jon Kirbi.
Rossiya va boshqa mamlakatlarning qo‘llab-quvvatlanishi
Bayden Si Jinpingga Xitoy Rossiyaga harbiy sanoat bazasini qayta qurish va kengaytirishda yordam berishda davom etmasligi kerakligini aytdi, demoqda AQSh rasmiylari. Og‘ir iqtisodiy sanksiyalarga qaramay, Rossiya qurollarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishda davom etmoqda, shuningdek, Eron va Shimoliy Koreyadan yordam olmoqda.
Xitoy G‘arb sanksiyalari ostida qurib qolgan savdo oqimlarining bir qismini to‘ldirib, Rossiyaga qurol ishlab chiqarish salohiyatini qayta tiklashga imkon berdi, dedi AQSh rasmiysi.
Bayden, shuningdek, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman husiylarining Qizil dengizdagi tijorat kemalariga hujumlarini to‘xtatishda Sidan yordam so‘ragan.
Bayden ma’muriyati Xitoydan Tehronga husiylarni jilovlash uchun bosim o‘tkazishini xohlaydi, ayniqsa Xitoy kemalari ham Qizil dengiz orqali suzib o‘tayotgan sharoitda.
Munosabatlarning yaxshilanib borayotgani haqida gapirish mumkinmi?
Qarama-qarshiliklarga qaramay, Oq uy va Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari suhbatni «ochiq va konstruktiv» deb ta’rifladi.
Uilson markazidagi Kissinjyer institutining Xitoy-AQSh ishlari bo‘yicha direktori Robert Deyli so‘zlariga ko‘ra, «Suhbat asosan dunyoning qolgan qismiga mamlakatlar aslida yaxshi munosabatlarni saqlab qolishga harakat qilayotganini ko‘rsatishga urinish edi, garchi bu munosabatlarda salbiy dinamika o‘zgarmagan bo‘lsa-da».
Pekin va Vashingtonning suhbatga doir hisobotlari hamkorlikka qaratilganiga qaramay, bu ikki qudratli davlat o‘rtasidagi iliqlikdan darak emas, deydi ekspert.
«Ikkala rahbar ham uzoq muddatda juda bahsli bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarni mas’uliyat bilan boshqarishni namoyish etishdan manfaatdor», dedi Deyli. «Ammo hech bir rahbar munosabatlarning mohiyatini o‘zgartirmoqchi emas».
Bayden va Si Jinping suhbati AQSh moliya vaziri Janet Yyellenning Xitoyga safaridan bir necha kun oldin bo‘lib o‘tdi, Davlat kotibi Entoni Blinken ham tez orada Xitoyga boradi. Bu AQSh hukumati a’zolarining joriy yilda Xitoyga ilk tashrifi bo‘ladi.
O‘tgan yili Yyellen ham, Blinken ham AQSh hududiga kirib qolgan Xitoy havo shari bilan bog‘liq janjal oqibatlarini bartaraf etish uchun Pekinga borgan edi.
2022 yil noyabr oyida Bayden va Si Indoneziyaning Bali orolida uchrashdi va bir yildan so‘ng ular San-Fransisko yaqinidagi Vudsayd mulkida shaxsiy sammit o‘tkazdi va ikki davlat harbiylari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanallarini tiklashga kelishib oldi. Bu aloqa xitoyliklar tomonidan 2022 yilda Vakillar palatasi spikeri Tayvanga tashrif buyurganidan keyin uzilgan edi.
Mavzuga oid
02:48
Saylov boshlandi, ko‘p ovoz olib ham yutqazish mumkin bo‘lgan saylov
00:26
Tramp atrofida aylanayotgan Amerika siyosati: nega bunday bo‘ldi?
22:26 / 05.11.2024
O‘zbekiston prezidentining Xitoy xalqaro import ko‘rgazmasida ishtirok etishi kutilmoqda
21:46 / 05.11.2024