Kiyev 1000 kmdan ortiq masofaga uchuvchi dronlar ishlab chiqilganini ma’lum qildi
Raqamli rivojlanish vazirining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uzoq masofaga uchuvchi uchuvchisiz uchoqlar ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirgan. Yil oxirigacha sun’iy intellektga ega dronlarning birinchi prototiplari paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Ukraina raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fedorov 2 aprel, seshanba kuni Die Welt gazetasiga bergan intervyusida mamlakat qurolli kuchlari arsenalida 1000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta oladigan dron modellari borligini aytdi. «Ishlatilayotgan dronlarning aksariyati 700 kmdan 1000 kmgacha parvoz masofasiga ega. Lekin hozirda 1000 kmdan ortiq masofaga ucha oladigan modellar ham mavjud», - dedi vazir va Ukrainaning yaqinda Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga qilgan hujumlarida 1000 kmgacha bo‘lgan masofadagi obektlarga zarba berish qobiliyatiga ega UUAlar qo‘llanganini ta’kidladi.
Fedorovning aytishicha, Ukraina 2024 yilda uzoq masofaga uchuvchi uchuvchisiz uchoqlar ishlab chiqarishni o‘tgan yilga nisbatan o‘n barobar oshiradi. «Bugungi kunda bizda bunday dronlarni ishlab chiqaruvchi ko‘plab kompaniyalar mavjud va ularning ishlab chiqarishi ortib bormoqda», - deya qo‘shimcha qildi u. Bundan tashqari, Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari 2024 yil oxirigacha sun’iy intellektga ega dronlarning birinchi prototiplari frontda UQK ixtiyorida paydo bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Ukraina bilan chegaradan 1000 km uzoqlikdagi hujumlar
2 aprel kuni ertalab Yelabuga va Nijnekamskdagi korxonalarga uchuvchisiz uchoq hujumi oqibatida kamida yetti kishi jabrlandi. RBK-Ukraina agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tatariston Respublikasidagi hujum nishoni Rossiyada «Geran-2» belgisi ostida ishlab chiqarilgan Eronning «Shahed» kamikadze dronlarini yig‘ish zavodi bo‘lgan. Operatsiya Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») tomonidan amalga oshirildi. Agentlikka Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbaning aytishicha, zarba natijasida ishlab chiqarish quvvatlari sezilarli darajada vayron bo‘lgan.
«Alabuga» maxsus iqtisodiy zonasi Ukraina bilan chegaradan 1000 kmdan ortiq masofada joylashgan. Dronlar ishlab chiqarish zavodidan tashqari, uning hududida «Elaz-Nefteprodukt» neftni qayta ishlash zavodi, shuningdek, korxona xodimlari uchun yotoqxonalar ham joylashgan. Rossiya matbuotiga ko‘ra, zarbalar UJ-22 Airborne uchoqlari tomonidan amalga oshirilgan. Ushbu dron qanotlari uzunligi 4,6 m bo‘lib, kamida 20 kg portlovchi moddalarni olib yurishi mumkin. Ularning maksimal parvoz masofasi 800 km ekani avval xabar qilingan edi.
Fevral va mart oylarida Ukraina harbiylari RF g‘arbiy qismida joylashgan Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 13 ta hujum uyushtirgan. DW hisob-kitoblariga ko‘ra, RF armiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri Rossiya energetika obektlariga kamida 37 marta hujum qilingan va 80 foiz hollarda jangovar dronlar o‘z maqsadiga erishgan. Rossiya infratuzilmasiga yetkazilgan zarar shunday bo‘ldiki, bunda Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari quvvatlarining katta qismi favqulodda to‘xtash rejimiga o‘tkazildi, RF hukumati esa benzin eksportini taqiqladi.
Mavzuga oid
17:36 / 04.11.2024
Britaniyalik olimlar “asab tizimi”ga ega dronlarni sinovdan o‘tkazmoqda
14:40 / 30.10.2024
Kiyev va Seul KXDRga qarshi turish uchun aloqalarni faollashtirmoqda
08:40 / 30.10.2024
FT: RF va Kiyev energoobektlarga hujumlarni to‘xtatishni muhokama qilmoqda
10:50 / 26.10.2024