Jahon | 14:32 / 06.04.2024
3672
3 daqiqa o‘qiladi

Seul Ukrainaga 2,3 mlrd dollarlik yordam paketi ajratyapti

Janubiy Koreya TIV rahbari Bryusselda NATO hamkor davlatlari o‘rtasida Kiyevga o‘rta va uzoq muddatli yordam ko‘rsatish, Rossiya hamda KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning Koreya yarimoroli xavfsizligiga ta’sirini muhokama qildi.

Foto: Reuters

Seul bu yildan boshlab Kiyevga 2,3 milliard AQSh dollari miqdorida o‘rta va uzoq muddatli yordam paketini taqdim etadi, shuningdek, NATOning Ukrainaga yordam ko‘rsatish trast jamg‘armasi orqali yarador ukrainalik askarlarni reabilitatsiya qilish uchun 12 million dollar taklif qiladi. Janubiy Koreyaning «Ryonxap» axborot agentligi 5 aprel kuni kechqurun xabar berishicha, bu haqda bir kun avval Bryusselda Hind-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha NATO hamkor-davlatlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakat tashqi ishlar vaziri Cho Txe Yul ma’lum qilgan

Ushbu uchrashuvning yana bir mavzusi Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi davom etayotgan harbiy hamkorlik bo‘ldi, deb xabar qildi Janubiy Koreya TIV matbuot xizmati.

Cho so‘zlariga ko‘ra, «Shimoliy Koreyaning Rossiyani qurol bilan qo‘llab-quvvatlashi nafaqat Yevropa, balki Koreya yarimoroli va Hind-Tinch okeani mintaqasi xavfsizligiga ham ta’sir qiladi», deb yozadi «Ryonxap». Agentlik tomonidan keltirilgan Janubiy Koreya diplomatiyasi rahbari so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning Pxenyanga harbiy texnologiyalar va qayta ishlangan neft yetkazib berishi global yadroviy qurollarni tarqatmaslik rejimiga tahdid solmoqda.

BMTda RFning KXDRga qarshi sanksiyalarga veto qo‘ygani tanqid qilindi

Jumladan, Cho Rossiya mart oyi oxirida Shimoliy Koreyaga yadroviy va raketa dasturlari bilan bog‘liq bo‘lgan BMT sanksiya monitoringi guruhi mandatini uzaytirishga veto qo‘yganini tanqid qildi. Janubiy Koreya vaziri bu qadamni «jinoyatchini qo‘lga olishning oldini olish maqsadida kuzatuv kamerasini yo‘q qilish» bilan qiyoslaydi, deyiladi Seuldagi TIV matbuot xizmati xabarida.

Mart oyi oxirida Janubiy Koreya va AQSh BMT sanksiyalarini buzuvchi holat - KXDRga neft yetkazib berishni to‘sib qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilayotgani va bu maqsadda yangi ishchi guruh tuzilgani ma’lum bo‘ldi. «Neft Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa ishlab chiqarishi va harbiy qudrati uchun muhim manbadir», - deya ta’kidlanadi Janubiy Koreya TIVning ushbu mavzu bo‘yicha bayonotida. Seul va Vashington Rossiya neftining KXDRga yetkazilishi ehtimolidan xavotirda.

Mavzuga oid