Jahon | 10:51 / 08.04.2024
4097
2 daqiqa o‘qiladi

Boku xalqaro aeroportida qiyin ahvolda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekistonning Ozarboyjondagi elchixonasi ushbu mamlakatda qiyin moliyaviy ahvolda qolgan fuqaro M.M.ning oilasi bag‘riga qaytishiga ko‘maklashdi.

Diplomatik vakolatxona ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 12 mart kuni 1981 yilda tug‘ilgan M.M. O‘zbekistonga qaytish uchun moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u joriy yilning 4 mart kuni Gurjistondagi mahalliy restoranlardan biriga oshpaz bo‘lib ish topish niyatida do‘stining taklifiga binoan Boku orqali tranzit yo‘lda Toshkentdan Tbilisiga borgan. Gurjistonga yetib kelganidan so‘ng Tbilisi xalqaro aeroportida noma’lum sabablarga ko‘ra uning mamlakatga kirishiga ruxsat berilmaydi va Bokuga qaytarib yuboriladi. Shundan so‘ng u Bokuga qaytib keladi va yana chipta sotib olib Gurjistonga boradi. Ikkinchi marotaba qilingan urinish ham Tbilisiga kirishga monelik qiladi. Natijada M.M. mablag‘siz qoladi va bir necha kunni Boku shahridagi Haydar Aliyev xalqaro aeroportida o‘tkazadi.

O‘zbekiston elchixona xodimlari homiylar ko‘magida fuqaroning O‘zbekistonga borishi uchun chipta sotib oldi. U Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Boku-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.  

Mavzuga oid