Jahon | 20:47 / 08.04.2024
29156
8 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda sobiq vazir sudlanmoqda: u o‘z rafiqasini o‘ldirganlikda ayblanmoqda

Ostona shahar sudida Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Quvandiq Bishimbayev ustidan ochilgan ish ko‘rib chiqilmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, sobiq amaldor o‘z rafiqasi Saltanat Nukenovani restoranning VIP kabinasida shafqatsizlik bilan o‘ldirgan.

Quvandiq Bishimbayev sud o‘rindig‘ida. Foto: tengrinews.kz

43 yoshli Bishimbayevning o‘zi aybini tan olmayapti. Uning aytishicha, xotini o‘sha kuni spirtli ichimlik ichib, «jazavasi» bilan uni «provokatsiya» qilgan. Sobiq vazirning bu so‘zlari nafaqat Qozog‘istonda, qo‘shni davlatlarda ham jamoatchilik rezonansini keltirib chiqargan. Sudlanuvchilar o‘rindig‘ida uning amakivachchasi Baxtjan Bayjanov ham bor.

Sud hakamlar ishtirokida o‘tkazilmoqda, buni Bishimbayevning o‘zi iltimos qilgan. Uni 31 yoshli shar’iy nikohdagi rafiqasi Saltanat Nukenovani shafqatsizlik bilan qiynab o‘ldirganda ayblashmoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, o‘tgan yilning 9 noyabrga o‘tar kechasi Bishimbayev rafiqasini restoranda o‘lasi qilib kaltaklagan va VIP kabinaning polida 6–8 soatga qarovsiz qoldirgan.

Sobiq vazirning amakivachchasini esa jinoyatni yashirganlik va o‘z vaqtida xabar bermaganlikda ayblashmoqda — uning topshirig‘i bilan kuzatuv kameralaridagi yozuvlar o‘chirib tashlangan.

«Tez yordam o‘rniga folbinga qo‘ng‘iroq qilgan»

3 va 4 aprel kunlari sudda Bishimbayev so‘roqqa tutildi. U Nukenova o‘lgan kundagi voqealar bo‘yicha o‘z versiyasini so‘zlab bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kecha xotini u bilan uch shisha o‘ynoq sharob ichgan va o‘rtalaridagi munosabatga «oydinlik kiritish»ga harakat qilgan.

Ayblanuvchining hikoya qilishicha, bahs-janjal asnosida Nukenova uni boloxonador qilib haqorat qilgan va o‘zi sovg‘a qilgan qimmatbaho tilla taqinchoqlarni unitazga oqizib yuborgan.

Saltanat Nukenova. Foto: bizmedia.kz

«U unitazga yuztuban, menga orqa o‘girib engashdi. U meni ushlaydi deb o‘yladi va qattiq yulqinib qo‘limdan chiqib ketdi, men uni qo‘yib yubordim va yuzi bilan unitazga yiqildi. Qattiq yiqildi», — deya hikoya qilgan Bishimbayev juvonning yuzidagi jarohatlarni tushuntirib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol turayotib «hojatxonaning kafelli poliga yuztuban yiqilgan». Sobiq vazir xotinini o‘ziga keltirish uchun uch-to‘rt marta tepganini tan olgan. Lekin u zarbalar asnosida «hech qanday hayotiy muhim a’zolarga zarar yetkazmagani»ni ta’kidlagan.

So‘roqqa tutish asnosida Bishimbayev xotini hushini yo‘qotib, o‘ziga kela olmayotgan chog‘da folbinga qo‘ng‘iroq qilganini tan olgan.

«Men qattiq hayajonlanib, tanish folbinga qo‘ng‘iroq qildim. «U uyg‘onmayapti, yuzlari ko‘kargan», dedim. Folbin «u charchagan bo‘lishi kerak, sal o‘tib o‘ziga keladi va uyga qaytasizlar», deb aytdi. Shunda ko‘nglim xotirjam bo‘ldi», — degan sobiq vazir.

Alaloqibat Bishimbayev tez yordamga qo‘ng‘iroq qilmaydi. U amakivachchasi Baxtjan Bayjanovni chaqiradi va aspirin va ketonal dorilarini olib kelishni tayinlaydi.

Suddagi so‘roqlar asnosida Bishimbayev qarindoshidan janjal Telegram kanallarga chiqib ketmasligi uchun videokamera yozuvlarini o‘chirib tashlashni ham iltimos qiladi. Sobiq vazir geolokatsiyani qarindoshlaridan yashirish maqsadida Nukenovaning telefonini ham Bayjanovga beradi.

Zarg‘aldoq chiziq

Ekspertiza va videotasvirlar Bishimbayevning ko‘rsatmalarini rad etadi.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Nukenova yopiq bosh chanog‘i va miya jarohati natijasida vafot etgan. Uning burni singan, boshida esa ko‘plab momataloqlar va jarohatlar bo‘lgan.

Ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, Nukenovaning jarohatlari ayblanuvchi ta’kidlaganidek, yiqilish natijasida hosil bo‘lishi mumkin emasdi.

Boz ustiga, davlat qoralovchisi sudda kuzatuv kameralaridan yozuvni ham namoyish etgan. «Bishimbayev Nukenovani sochidan ushlab, oyoqlari bilan tepgan, so‘ngra yuziga mushtlagan. Shundan so‘ng uni VIP kabinaga sudrab kirishga uringan», — deya sharhlagan videoni prokuror.

29 mart kuni bo‘lib o‘tgan dastlabki sud majlisida ma’lum bo‘lishicha, restoran xodimlari Bishimbayevning amakivachchasi Bayjanovning talabi bilan videoyozuvlarning bir qismini o‘chirib tashlagan.

O‘sha kuni davlat qoralovchisi barmenning ko‘rsatmalarini ham o‘qib eshittirgan. Uning hikoya qilib berishicha, politsiya kelgunga qadar Bishimbayev qo‘lida pichoq ushlab yurgan.

Prokuror Ayjan Aymaganova. Foto: informburo.kz

«Biz uning qo‘llaridan ushlaganimizda, Bishimbayev xotinini o‘ldirib qo‘ygani va ayol kabinada yotganini aytdi. Aftidan, shu tufayli u o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘layotgan edi», — deya guvohning ko‘rsatmalarini o‘qib bergan prokuror Ayjan Aymaganova. 

Nega ish jamoatchilik rezonansini qo‘zg‘adi?

Bishimbayevning ko‘rsatmalari va o‘z aybini tan olmasligi Qozog‘iston va boshqa davlatlarda kuchli rezonans keltirib chiqardi. Ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlik qurbonini qo‘llash uchun #zaSaltanat heshtegi ommalasha boshladi. Bishimbayev viktimbleyming (qurbonning o‘zini aybdor qilish) va axborotlarni manipulyatsiya qilishda ayblana boshlandi.

Bishimbayevga qarshi bo‘lganlar sobiq vazirga umrbod qamoq jazosi tayinlanishini talab qilishmoqda.

«Aynan Bishimbayev shaxsiga nisbatan diqqat kuchli, chunki bu retsidiv. U avval ham jinoiy javobgarlikka tortilgan, lekin boshqa moddiy — korrupsion nayranglar bo‘yicha. Prezident uni shartli ravishda muddatidan avval ozod qilgandi, u yana qonunni buzdi. Bu marta voqea o‘ta shafqatsizlik bilan amalga oshirildi», — degan «Krizi markazlari ittifoqi» rahbari, huquqbon Zulfiya Baysaqova.

Bishimbayev sud zalida o‘z advokati bilan maslahatlashmoqda. Foto: Qozog‘iston oliy sudi

Boz ustiga, bu hakamlar ishtirokida ko‘rib chiqilayotgan oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi dastlabki ish.

Ayni paytda sud noma’lum muddatga qoldirilgani ma’lum qilingan. 

Qozog‘istonda oilaviy zo‘ravonlar qanday jazolanadi?

Qozog‘iston bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni politsiyaga 300 dan ortiq oilaviy zo‘ravonlik faktlari bo‘yicha arizalar kelib tushadi. Yiliga eng kamida 80 ta ayol o‘ldiriladi.

«Maishiy zo‘ravonlikni profilaktika qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, politsiya zo‘ravonga himoya bildirishnomasi yozib berishi mumkin, unga ko‘ra zo‘ravon qurbonga 30 kun yaqinlasha olmaydi. Himoya bildirishnomasini buzgan zo‘ravon 10 sutkaga qamaladi.

Qozog‘istonda ayni paytda oilaviy zo‘ravonlarga nisbatan jazoni kuchaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Hukumat oilaviy zo‘ravonlarga ma’muriy jazo belgilashda foydalanib kelingan «salomatlikka yengil zarar yetkazish» va «kaltaklash» moddalari uchun jinoiy javobgarlik belgilashga qaror qilgan.

2024 yilning fevralida qonun loyihasi parlamentning quyi palatasida qabul qilinib, tasdiqlash uchun Senatga uzatilgan.

Garchi moddalar Jinoyat kodeksiga ko‘chirilayotgan bo‘lsa-da, jazo turlari qamoq va jarima o‘sha holicha qoldirilgan va shunchaki miqdori ko‘paytirilgan. Masalan, kaltaklash uchun jarima miqdori 80 dollardan 650 dollargacha ko‘paytirilyapti.

Mavzuga oid