Xon Yunusni tark etgan Isroil, Rossiya va Qozog‘istondagi toshqinlar, Trampning «tinchlik rejasi» - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan an’anaviy tarzda tanishtirib borishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azoda amalga oshirayotgan agressiyasi qurbonlari soni 33,1 ming nafardan oshgan. Yana 75 ming 886 kishi yaralangan. Bu G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumoti.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil hujumlari ortidan 38 kishi o‘lgan va 71 kishi yarador bo‘lgan.
Vayron bo‘lgan binolar va yo‘l chetlarida halok bo‘lganlarning jasadlari yig‘ishtirilmasdan turibdi. Tez yordam brigadalari va fuqaro mudofaasi kuchlari Isroil kuchlarining to‘siqlari bois mayyitlarning oldiga yaqinlasha olmayotgani xabar qilinmoqda.
Isroil Xon Yunusni tark etdi
Isroil G‘azo janubidagi Xon Yunus shahrida piyoda qo‘shinlarini olib chiqib ketgani xabar qilinmoqda. To‘rt oylik janglardan keyin faol amaliyotlarda ishtirok etgan barcha quruqlik qo‘shinlari sektorning janubiy qismidan olib chiqilganini ma’lum qilindi.
Qoldirilgan harbiylar sektorni ikkiga ajratib turuvchi yo‘lakni qo‘riqlaydi.
BMT bir necha bor Rafahdagi har qanday amaliyot humanitar falokatga olib kelishidan ogohlantirgandi.
«Biz Xon Yunus hududidagi missiyamizni yakunlaganimiz uchun qo‘shinlar rotatsiya qilindi», — degan TsAHAL vakili podpolkovnik Piter Lerner.
Lernerning so‘zlariga ko‘ra, Rafah HAMASning tayanch punkti bo‘lib qolmoqda va u yerda isroilliklarning to‘rtta batalyoni bor.
Isroil yaqin vaqtlar ichida Misr bilan chegara yaqinidagi bir milliondan ortiq falastinliklar boshpana qilgan Rafah shahrida amaliyot boshlashni rejalashtirgandi.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant qo‘shinlarning Xon Yunusdan olib chiqilishi Isroil hujumining yakunlanishi emasligini ta’kidlagan.
«Qo‘shinlarning Xon Yunusdan olib chiqilishiga asosiy sabab HAMASning ushbu shaharda harbiy tashkilot sifatida ortiq faoliyat ko‘rsatmay qo‘yganida. Isroil armiyasi kuchlari Rafahdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun olib chiqildi», — degan Galant.
Isroildagi namoyishlar
Shanba kuni Isroilda ko‘p ming kishilik norozilik aksiyasi o‘tkazilib, uning ishtirokchilari bosh vazir Binyamin Netanyahuning iste’fosini va yarim yil muqaddam HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni ozod etishni talab qilishdi.
Netanyahu hukumatiga qarshi namoyishlar 2023 yilning boshidan buyon har shanba kuni o‘tkazib kelinayotgandi. 7 oktyabrdan so‘ng namoyishlar bir muddat tinib qolgan edi. Endi yangicha kuch bilan qayta boshlanmoqda.
Tel-Aviv va mamlakatning boshqa shaharlaridagi namoyishlar isroillik harbiylar garovga olinganlardan biri — Elad Katsirning jasadi qaytarilganini e’lon qilishi ortidan boshlandi. Yanvar oyida tirik asirlarning videosi e’lon qilinganida, ular orasida Katsir ham bor edi.
Namoyishchilar bosh vazir Binyamin Netanyahuning zudlik bilan iste’fosi va muddatdan avvalgi saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda. Shuningdek, hukumat HAMAS tomonidan garovda ushlab turilganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish talabi ham ilgari surilmoqda.
Ko‘chalarga chiqqanlar Netanyahu hukumati hamon G‘azoda ushlab turilgan 130 nafar atrofidagi isroillikni ozod eta olmaydi deb hisoblamoqda.
Norozilik aksiyalarida qatnashganlar orasida garovdagilarning qarindoshlari ham bor.
Tashkilotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik aksiyalarida 100 mingga yaqin kishi ishtirok etgan.
Eronning Isroilga tahdidi
Isroilning dunyodagi hech bir elchixonasi o‘zini ortiq xavfsiz his qila olmaydi. Bu haqda yakshanba kuni Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyning harbiy maslahatchisi general-mayor Yahyo Rahim Safaviy ta’kidlab o‘tgan.
«Sionistik rejimning biror bir elchixonasi ortiq xavfsiz holda bo‘lmaydi. Yashayversak nimalar bo‘lishini ko‘raveramiz», — degan Safaviy Damashqda Eron konsulligiga berilgan zarbalarni sharhlay turib.
Safaviy ikki general doxil yetti nafar eron fuqarosi halok bo‘lgan konsullikka zarbada Isroilni ayblagan. Uning aytishicha, oyatulloh Xominaiy Isroil «konsullikka berilgan zarba uchun hali afsus qiladi», degan. Maslahatchi «qarshilik fronti buning uchun to‘liq shay holatga keltirilgani»ni aytib o‘tgan.
Ukrainadagi urush
Rossiya Ukrainaning kattaligi jihatidan ikkinchi shahri bo‘lgan Xarkivni «kulrang zona»ga aylantirishni istamoqda, deb yozadi The Economist nashri.
Unga ko‘ra, urushgacha 2 million aholi yashagan, ayni kunlarda 1 million 300 ming aholi istiqomat qilayotgan Xarkiv shahri odamlardan xoli, vayrona hududga aylanishi kerak.
Avvalroq, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkivni egallash uchun 1 iyungacha Rossiya 300 ming askarni mobilizatsiya qilishni rejalashtirayotganini aytgan edi.
Xarkiv shahar rahbari Igor Terexov shahar aslo taslim bo‘lmasligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, urushning avvalida vaziyat juda og‘ir bo‘lgan va 2 millionlik shaharni 1 mln 700 ming kishi tark etgan. Keyinroq ularning katta qismi shaharga qaytib kelgan.
«Qanday qilib shunday shaharni kulrang zonaga aylantirish mumkin? Odamlar bu yerni endi tark etishmaydi. Chunki bir marta ketib ko‘rishdi va qaytib kelishdi. Odamlar yetarli tarzda azoblanib bo‘lishgan», – degan Terexov.
Trampning «tinchlik rejasi»
Yana AQSh prezidenti bo‘lib saylanish uchun tayyorlanayotgan Donald Trampning Ukrainadagi «tinchlik rejasi» Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlaridan voz kechishidan iborat, — deb yozgan The Washington Post nashri.
Tramp bilan bu taklifni muhokama qilgan insonlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ra rejaga ko‘ra Ukraina Qrim va Donbassdagi chegaraoldi hududlarni Rossiyaga topshirishga majbur qilinadi.
Trampning fikricha, Rossiya ham, Ukraina ham vaziyatdan «yuzini asrab qolgan holda» chiqishni istaydi. Boz ustiga, Ukrainaning ayrim qismidagi odamlar o‘zlari yashayotgan hudud Rossiyaning bir qismi bo‘lishiga «aslo qarshi emas».
Ammo respublikachilar partiyasidagi hamma ham Trampning bu g‘oyasini qo‘llayotgani yo‘q. Senator Lindsi Grehem Rossiya urush uchun “to‘lov qilishi” kerakligini aytib, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish uchun qilayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llashga chaqirgan. U shuningdek, Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan yon berishlarga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidlagan.
Qozog‘istondagi suv toshqinlari
Qozog‘istonda bahorgi erish mavsumida daryolarga muz parchalari tiqilib qolishi ortidan yuzaga kelgan toshqin tufayli evakuatsiya qilinganlar soni 72 mingdan oshgan, ularning 16 mingdan oshig‘i yosh bolalar.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ushbu toshqinlarni mamlakatda so‘nggi 80 yil ichida ro‘y bergan eng yirik tabiiy ofat, deb atagan.
Qozog‘istonning 10 ta oblastida mahalliy miqyosdagi 30 tacha favqulodda holat e’lon qilingan.
Bugungi kunda Aqto‘be, Qo‘stanoy, Pavlodar, Aqmo‘la, Atirau oblastlaridagi hududlarda 3702 ta uy suv ostida qolmoqda.
Avariya va qutqaruv ishlariga 12 ming kishi, 1300 ta texnika va 7 ta vertolyot jalb qilingan. Atirau oblastida ikki insonning jasadi topilgan. Ular suv ostida qolgan uylariga o‘zlari yetib borishni maqsad qilishgan va halok bo‘lishgan.
Tarmoqda Tobol shahri aholisi toshqinning oldini olish uchun qum to‘ldirilgan qoplardan 5 km uzunlikka teng mustahkam devor tiklagani tasvirlari tarqaldi.
Turkiya tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirgan.
Rossiyadagi suv toshqini
Rossiyaning Orenburg oblastida joylashgan Orsk shahri ham suv toshqinidan aziyat chekmoqda. Ural daryosini to‘sib turuvchi to‘g‘onlardan birining yorilishi natijasida Orsk va unga yondosh aholi punktlari suv ostida qolgan. To‘g‘onlarning yorilishiga esa Iriklinsk suv omboridan Ural daryosiga ortiqcha suv tashlangani sabab bo‘lgan.
Hukumat komissiyasi Orenburg oblastidagi suv toshqinini Federal xarakterdagi favqulodda vaziyat deb tan olish haqida qaror chiqargan.
Keyinroq to‘g‘onning yana bir qismini suv urib ketgan. Ayrim hududlarda suvning balandligi 1 metrga yetgan va u kamayish o‘rniga tobora ko‘tarilib borayotgani ma’lum qilinmoqda.
Suv toshqini natijasida 100 ga yaqin inson jabrlangan. Yetkazilgan ziyon 21 milliard rubldan ortgani aytilmoqda. Odamlarda ichak infeksiyasi aniqlangan. Orsk shahrida oltita tibbiyot muassasalarini evakuatsiya qilish boshlangan. Shuningdek, 4 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan.
Orsk shahrida 4 inson halok bo‘lgani ma’lum. Qutqaruv ishlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligining 700 dan ortiq qutqaruvchilari ealb qilingan.
Orenburgda vaziyat yanada og‘irlashmoqda. Ural daryosida muz tiqinlari sababli suvning sathi 28 santimetrga ko‘tarilgan. Orenburg oblastida suv bosgan uylarning soni 6,3 mingdan oshmoqda. Birgina Orsk shahrida 4,5 ming uy suv ostida qolgan.
Mavzuga oid
13:45 / 25.12.2024
Kuchli qamalda qolgan G‘azo, Haniyani yo‘q qilganini tan olgan Isroil va Rossiyaga rad javobi bergan Sudan - kun dayjesti
14:14 / 24.12.2024
G‘arbiy sohildagi okkupatsiya, «Mossad»ning Eronga hujum taklifi va transgenderlarga qarshi Tramp - kun dayjesti
13:18 / 23.12.2024
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024