Xitoy va Rossiya g‘arb ta’siriga qarshi turish uchun aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi
Pekinda Rossiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari uchrashdi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, Yevrosiyo xavfsizligini mustahkamlash rejalari muhokama qilindi.
Xitoy dunyo miqyosida Rossiya bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash niyatida, dedi Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Pekinda 9 aprel, seshanba kuni rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha. «Biz bir-birimizni kuchli qo‘llab-quvvatlaymiz va ko‘p tomonlama hamkorligimizni oshiramiz», — deya Van Ining so‘zlarini keltiradi Rossiya axborot agentliklari.
Lavrov, o‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar «misli ko‘rilmagan yuqori darajaga» ko‘tarilgani va jadal rivojlanishda davom etayotganini ta’kidladi. «Bizning strategik hamkorligimiz hurmat, teng huquqlik, ishonchli muloqot, mamlakatlarimizning tub manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha o‘zaro yordam ko‘rsatish tamoyillari asosida qurilgan», — dedi Lavrov.
Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi Lavrovning Xitoyga ikki kunlik tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Moskva va Pekin 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan biroz oldin «cheklovlarsiz» strategik hamkorlik to‘g‘risida e’lon qildi.
Yevrosiyo xavfsizligi bo‘yicha muloqot boshlash rejalashtirilmoqda
Rossiya va Xitoy AQSh va g‘arb ta’siriga qarshi turish uchun Yevrosiyoda xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishni ham rejalashtirmoqda. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, bu vazifani Rossiya prezidenti Vladimir Putin qo‘ygan va mamlakatlar «bu masala bo‘yicha boshqa hamfikrlarni jalb qilgan holda muloqotni boshlashga» kelishib olgan.
Van I Shimoliy Atlantika alyansini o‘z faoliyatini Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga kengaytirmaslikka chaqirdi. Moskva va Pekin «gegemonlik va kuch siyosati»ga qarshi chiqadi va «inklyuziv iqtisodiy globallashuv»ni qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, «jahon tartibiga putur yetkazuvchi va global rivojlanish tendensiyasiga zid» bir tomonlama sanksiyalarga qarshi», dedi u.
Tashqi ishlar vazirlari - Xitoy va Rossiya rahbarlari haqida
Xitoy vaziri Putinni mart oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi va Pekin uning rahbarligida «Rossiyaning barqaror rivojlanishi va tiklanishini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidladi.
Lavrov XXR raisi Si Jinping birinchilardan bo‘lib Putinga Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘llaganini eslatdi. «Biz xitoylik do‘stlarimizga rossiyaliklarning Konstitutsiyaga muvofiq suveren huquqlarini qo‘llab-quvvatlayotgani va ta’minlagani uchun minnatdormiz», dedi u.
Pekinga tashrifi davomida Lavrov seshanba kuni Si Jinping tomonidan qabul qilindi. «Biz ushbu yillar davomida va birinchi navbatda, sizning rahbarligingizda so‘nggi o‘n yillikda erishgan muvaffaqiyatlarga yuksak baho beramiz», dedi Rossiya vaziri ushbu uchrashuvda.
Shuningdek, u Putin va Si Jinping mos ravishda 2024 yil iyun va oktyabr oylarida Shanhay hamkorlik tashkiloti va BRICS sammitlari doirasida uchrashishni rejalashtirayotganini aytdi. «Doimiy siyosiy muloqotni davom ettirish uchun, albatta, boshqa imkoniyatlar ham bo‘ladi», - dedi Lavrov.
G‘arb Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni tanqid qilyapti
Xitoyga Ukrainadagi urushni tugatish uchun Rossiyaga ta’siridan foydalanishi uchun g‘arb davlatlarining bosimi ortib bormoqda. Qo‘shma Shtatlar Pekinni Rossiyaga bilvosita yordam ko‘rsatmaslik to‘g‘risida bir necha bor ogohlantirgan. Shu tariqa, mart oyi boshida Bryusselda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken jurnalistlarga «Xitoy Rossiyaning mudofaa sanoati bazasini qo‘llab-quvvatlash uchun materiallar berishda davom etmoqda», dedi.
8 aprel, dushanba kuni Xitoyga tashrifi chog‘ida AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlayotgan har qanday Xitoy kompaniyalari uchun «jiddiy oqibatlar» haqida ogohlantirdi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘z sanoatini himoya qilish uchun Xitoydan toza energiya importiga tariflar joriy etishini istisno etmadi.
Mavzuga oid
17:18
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
15:35
Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik 5 yilga qamaldi
13:00
Tianjinga sayohat: Birinchi “Yinghua O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik sinfi”muvaffaqiyatli o‘tkazildi
09:50